Sport

«Barsa» ijrosida yana bir qaynoq oʻyin: 7 gol, Yamalning shedevri va hakamlik mojarosi

Kataloniyaliklar klasikoga qatorasiga toʻqqiz gʻalaba bilan bormoqda. «Betis» bilan oʻyinda referi kataloniyaliklar foydasiga bir necha bahsli qarorlar qabul qildi.

«Barsa»dan yana bir joʻshqin oʻyin: 7 gol, Yamalning shedevri va hakamlik atrofidagi mojaro

«Betis» – «Barselona» 2:5

Yamal, 10 (0:1). Gomes, 27 (1:1). Rodri, 41 (1:2). Gabriel Jezus, 51 (1:3). Azzalzuliy, 53 (2:3). E. Garsiya, 62 (2:4). Olmo, 81 (2:5)

Toʻqqiz turda toʻqqiz gʻalaba: «Barselona» Ispaniya chempionatini rekord seriya bilan boshlash borasida «Real»ning 1968/1969-yillar mavsumida oʻrnatilgan rekordini takrorladi. Biroq Sevilyadagi uchrashuv ko‘k-anorranglilar uchun oson kechmadi.

«Barselona» toʻrt kun avval Chempionlar ligasida maydonga tushgandi, kelasi hafta esa Hans-Diter Flik shogirdlarini YeChLda «PSJ», La ligada esa «Real»ga qarshi sinovlar kutmoqda. Shunga qaramay, bosh murabbiy Istanbuldagi tarkib bilan taqqoslaganda katta rotatsiyaga bormadi.

Uchrashuv boshida «Barselona» toʻpni nazorat qildi, «Betis» esa 4-4-2 sxemasida oʻrta blokda himoyalandi, hujumdagi Fornals va Ernandes esa himoyaning birinchi chizigʻini tashkil etdi. Kataloniyaliklar 10 daqiqa davomida raqib mudofaasidagi kalitni izlashdi, soʻng esa ilk zarbani darhol golga aylantirishdi. Yamal bir himoyachini ikki marta aldab oʻtib, toʻpni jarima maydoniga kirmasdan turib uzoq burchakka yoʻlladi.

Birinchi boʻlim oʻrtalariga kelib mezbonlar standart vaziyatdan javob qaytarishdi. Burchak zarbasidan keyin himoyachilar toʻpni uzoqlashtira olishmadi va unga ega chiqqan Fornals Gomesga golli pas berdi.

Hisob tenglashgach, oʻyin ochilib ketdi — boʻlim oxirigacha har ikki jamoada navbati bilan golli vaziyatlar yuzaga keldi. Tanaffus arafasida Flik jamoasi ham burchak zarbasidan gol urdi. Fermin toʻpni jarima maydoni markaziga yetkazdi, Rodri esa bosh bilan darvozani ishgʻol etib, kataloniyaliklar safidagi ilk golini nishonladi.

Koʻp oʻtmay Lo Chelso ham Yamaldan kam boʻlmagan shedevr zarba yoʻlladi, ammo VAR vaziyatga aralashib, Kucho Ernandes toʻpni qoʻli bilan oʻynagani uchun golni bekor qildi. Biroq toʻp qoʻlga tekkan holat hujumning oldingi bosqichida yuz bergan, gol esa hujum qayta boshlanganida urilgandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.