Lamin Yamal 91 yillik rekordni yangiladi

Lamin Yamal 91 yillik rekordni yangiladi
Kataloniyaning "Barselona" klubi futbolchisi Lamin Yamal "ko‘k-anorranglilar" safida 50 va undan ortiq gol urgan eng yosh futbolchiga aylandi. Bu tarixiy natija Ispaniya La Ligasining 3-turidan o‘rin olgan "Rayo Valyekano"ga qarshi bahsda (5:2) qayd etildi.
Mazkur o‘yinda dubl qayd etgan Yamal klub tarixidagi 91 yillik rekordni yangiladi. Bungacha "Barselona" safida 50 ta gol urgan eng yosh futbolchi Xosep Eskola bo‘lib, u 1935-yilda 20 yosh-u 356 kunligida ushbu natijaga erishgan edi.
Shu vaqtga qadar Eskolaning rekordiga faqatgina Lionel Messi yaqinlasha olgan edi. Argentinalik hujumchi klubdagi 50-golini 21 yosh-u 120 kunligida urgan. Yangi rekord o‘rnatgan Lamin Yamal esa ayni paytda bor-yo‘g‘i 19 yosh-u 49 kunlik.
Lamin Yamal "Barselona" akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lib, 2023-yildan beri asosiy jamoa safida o‘ynab keladi. Futbolchi hozirga qadar klub tarkibida jami 154 ta uchrashuvda ishtirok etib, 51 ta gol va 52 ta assist muallifiga aylangan.
Ma’lumot uchun, Ispaniya chempionatidagi dastlabki uchta o‘yindan so‘ng 9 ochko jamg‘argan "Barselona" turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Kataloniyaliklar navbatdagi uchrashuvini 6-sentyabr kuni "Valensiya"ga qarshi o‘tkazadi.

