Dunyo

Baltimor bogʻida avtoturargoh ustidagi nizo paytida 12 yoshli qiz otib oʻldirildi

AQSh shahridagi politsiya yosh qizcha otishmaning nishoni boʻlmagani, balki ikki oʻt orasida qolib ketganini maʼlum qildi.

Baltimordagi parklaridan birida avtoturargoh ustidagi nizo paytida 12 yoshli qiz otib oʻldirildi

AQShning Baltimor shahrida oʻtgan dam olish kunlarida 12 yoshli qiz halok boʻldi. Politsiya maʼlumotlariga koʻra, bunga avtoturargoh joyi ustidagi nizo sabab boʻlgan.

Politsiyaning maʼlum qilishicha, qiz bolalar amerika futboli oʻynayotgan parkda avtoturargoh joyi ustida tortishib qolgan ikki erkak oʻrtasidagi otishma qurboni boʻlgan.

Voqea joyiga yetib kelgan politsiyachilar qizdan tashqari oʻqdan jarohat olgan yana bir ayolni topishgan. Shuningdek, otishma bilan bogʻliq jarohatlar tufayli ikki erkak yaqin atrofdagi shifoxonalarga murojaat qilgan, deb xabar berdi politsiya.

Baltimor politsiya komissari Richard Uorli matbuot anjumanida politsiya hozirda kamida ikki gumonlanuvchini qidirayotganini aytdi.

"Bizga maʼlum boʻlishicha, ikki qoʻrqoq oʻrtasida qandaydir janjal chiqqan", dedi Uorli. "Ikkalasi ham bir-biriga qarata oʻt ochgan. Otishma oʻrtasida qolgan, ehtimol u yerda futbol tomosha qilayotgan 12 yoshli qizaloq oʻq tegishi oqibatida halok boʻlgan".

Uorlining soʻzlariga koʻra, ismi politsiya tomonidan oshkor etilmagan qiz nishonga olingan shaxs boʻlmagan.

U shifoxonada vafot etgan deb eʼlon qilindi. Jarohat olgan qolgan uch kishining hayotiga xavf yoʻq, dedi Uorli.

Otishma shanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:00 dan keyin (Toshkent vaqti bilan yakshanba kuni soat 03:00) sodir boʻlgan.

Huquq-tartibot idoralari tergovni davom ettirmoqda va guvohlardan politsiyaga maʼlumot berishni soʻramoqda.

Uorlining aytishicha, qancha oʻq uzilgani hozircha nomaʼlum.

"Ikki voyaga yetgan erkak janjallashib qoldi va endi 12 yoshli bola oramizda yoʻq", dedi Baltimor meri Brendon Skott matbuot anjumanida.

"Biz hech qachon bunday gaplarni aytishga majbur boʻlmasligimiz kerak edi. Bugun bu yerda sodir boʻlgan voqea hayotimda koʻrgan eng jirkanch narsalardan biridir".

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.