Bahsli rohibga berilgan prezident afvi bekor qilindi
Galagodaatte Gnanasara 2018 yilda sudga hurmatsizlik qilgani va bedarak yoʻqolgan karikaturachining rafiqasini qoʻrqitgani uchun olti yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

**Munozarali rohibga berilgan prezidentlik avfi bekor qilindi**
Galagodaatte Gnanasara sobiq prezident Gotabaya Rajapaksaning ishonchli ittifoqchisi edi
Shri-Lanka Oliy sudi qatʼiy pozitsiyadagi buddaviy rohibga berilgan prezidentlik avfini bekor qildi va bedarak yoʻqolgan siyosiy karikaturachining rafiqasini qoʻrqitgani uchun unga olti yillik qamoq jazosining qolgan qismini oʻtash haqida hukm chiqardi.
Galagodaatte Gnanasara 2018 yilda sudga hurmatsizlik qilish va 2010 yilda gʻoyib boʻlgan Pragit Eknaligodaning rafiqasi Sanya Eknaligodani qoʻrqitishda aybdor deb topilgan edi.
Rohib karikaturachini oʻgʻirlab ketishda ayblanayotgan harbiy razvedka xodimlarini qoʻllab-quvvatlash uchun sud majlisini buzgan edi.
Gnanasara jazoning bir yildan kamroq qismini oʻtadi, chunki unga oʻsha paytdagi prezident Maytripala Sirisena tomonidan avf berilgan edi.
Pragit Eknaligoda oʻz karikaturalarida matbuot erkinligi, siyosiy hokimiyat va ijtimoiy tengsizlik masalalarini yoritgan.
Uning ijodi sobiq prezident Maxinda Rajapaksaga nisbatan tanqidiy ruhda edi. Millatchi boʻlgan Rajapaksa 2009 yilda qonli fuqarolar urushidan keyin tamil ayirmachi isyonchilarini magʻlub etgani bilan tanilgan.
Eknaligoda 2010 yilda gʻoyib boʻlgan va oʻshandan beri uni hech kim koʻrmagan. Rafiqasi unga nima boʻlganini aniqlash uchun kurashib kelmoqda va rasmiylar uning gʻoyib boʻlishini tekshirish uchun yetarlicha harakat qilmaganini aytadi.
«Bodu Bala Sena» (BBS) yoki «Buddaviylik kuchi» tashkilotiga rahbarlik qiluvchi Gnanasara Rajapaksa va uning keyinchalik prezident boʻlgan akasi Gotabayani qoʻllab-quvvatlagan.
2025 yilda u Islom dinini haqorat qilgani va diniy adovat qoʻzgʻatgani uchun alohida toʻqqiz oylik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
Shri-Lankada buddaviy rohiblar kamdan-kam hollarda sudlanadi va ulardan birining qamoq jazosiga mahkum etilishi deyarli kuzatilmagan hodisadir.

