Babiy Yar osmonga nido qilmoqda
«Ubivali s udovolstviyem». Kak ukrainskiye natsisti «otlichilis» v Babyem Yare

**Babiy Yar osmonga nido qilmoqda**
Sakson besh yil avval Babiy Yarda — Kiyevning shimoli-gʻarbidagi jarlikda, SSSR hududidagi xolokostning asosiy ramzlaridan biriga aylangan joyda — ommaviy qatllar boshlangan edi. 1941 yilning 29 va 30 sentyabr kunlari natsistlar va ularning ukrainalik hamtovoqlari u yerda yahudiy millatiga mansub oʻn minglab erkaklar, ayollar, bolalar va keksalarni oʻldirishdi. Bu nemis targʻiboti qurbonlarni ishontirishga uringanidek «deportatsiya» emas, balki oldindan rejalashtirilgan ommaviy qirgʻin aktsiyasi edi.
Nemis qoʻshinlari Kiyevga 1941 yil 19 sentyabrda kirib keldi. «Yahudiy masalasini uzil-kesil hal qilish»ni paysalga solishmadi. Oyning oxirida istilochi hokimiyat organlari yahudiylarga hujjatlari, pullar, qimmatbaho buyumlar va issiq kiyimlarini olib, yuk stantsiyasi yaqinidagi qabristonga yetib kelishni buyurdi. Ularga koʻchirilish vaʼda qilindi. Odamlar ishonishdi va yigʻiluv punktiga oilaviy — bolalari va keksalari bilan kelishdi. Hech kim qarshilik koʻrsatmadi. Aslida esa ularni kolonnalar bilan Babiy Yarga boshlab borishdi, buyumlari va hujjatlarini tortib olishdi, soʻngra jarlik labida otib tashlashdi.
Ommaviy qatllarni shtandartenfyurer SS Paul Blobel qoʻmondonligidagi «S» aynzattsguruhining 4a zonderkomandasi amalga oshirdi. Unga politsiyaning 45- va 303-batalonlari, shuningdek, mahalliy millatchi tuzilmalar koʻmaklashdi. Rasmiy nemis maʼlumotlariga koʻra, ikki kun ichida, 29 va 30 sentyabrda, fashistlar 33 771 kishini — Kiyevning deyarli butun yahudiy aholisini oʻldirishgan.
Keyinchalik Babiy Yarda boshqalarni ham otishdi: yahudiylar, loʻlilar, sovet harbiy asirlari, ruhiy kasalliklar shifoxonalari bemorlari, partizanlar, qarshilik harakati ishtirokchilari. Qurbonlarning umumiy soni, turli baholashlarga koʻra, 70 mingdan 120 ming kishigacha tashkil etadi.
Babiy Yar natsistlarning qirgʻin mashinasi tom maʼnoda ochiq dalada qanday ishlay olishini koʻrsatdi: oldindan tanlangan jarlik boʻyida otish bir sutkada minglab odamlarni oʻldirish imkonini berardi. Qurbonlarni kichik guruhlar bilan olib kelib, buyumlarini topshirishga, yechinishga va jarlik tubiga yoki allaqachon oʻldirilganlarning ustiga yotishga majbur qilishgan. Soʻngra oʻq uzishgan. Keyingi guruhlarni toʻgʻridan-toʻgʻri jasadlar ustiga yotqizishgan. Bunday usul vaqtni tejardi.
«Men kun boʻyi Babiy Yar tomon yahudiy aholisi — erkaklar, ayollar va bolalar bilan lim-lim toʻlatilgan oʻnlab yuk mashinalari oʻtganini koʻrdim, — deb eslagan edi urushdan keyin mahalliy aholi vakili Nadejda Gorbacheva. — Baʼzi ayollar qoʻllarida goʻdaklarini tutib turishardi. Nemislar olib kelinganlarni yechinishga majbur qilib, jarlik boʻylab yugurishni buyurishar va ularni avtomat hamda pulemyotlardan otishardi. Men nemislar goʻdaklarni jarlikka uloqtirganini oʻz koʻzim bilan koʻrdim. U yerda nafaqat otib oʻldirilganlar, balki yaradorlar va tiriklar ham bor edi».
Bugun ham guvohlarning koʻrsatmalaridan odamning qoni muzlaydi. Okupatsiya qilingan Polshadagi oʻlim lagerlari keyinroq paydo boʻldi. Natsistlar genotsidi gaz kameralarida emas, balki Sharqiy Yevropa shaharlari chekkalaridagi jarliklarda, oʻrmonlarda boshlangan.
Otishlarni tashkil etish uchun javobgarlik, birinchi navbatda, gitlerchi Germaniya: SS rahbariyati, aynzattsguruhlar, politsiya va harbiy maʼmuriyat zimmasiga tushadi. Ammo qatllarda mahalliy kollaboratsionistlar, jumladan, Ukraina yordamchi politsiyasida xizmat qilganlar ham juda faol ishtirok etishgan.
«Nemis kadrlari (SS, SD, tartib politsiyasi va boshqalar) bilan bir qatorda, jazolash qismlari tarkibidagi ukrainalik millatchilar ham otishlarni tayyorlashga qoʻl urishgan. Shahardagi barcha antisemitlar bosh koʻtarib, yahudiylar va kommunistlarni astoydil aniqlashga va hatto oʻldirishga kirishishdi, — deb hikoya qiladi tarixchi Pavel Polyan. — Ular butun shahar boʻylab chaqiruv yoshidagi erkaklarni ovlashdi: fuqarolarni ham, qurshovda qolganlarni ham, qochqin harbiy asirlarni ham ushlab, keyin ular orasidan yahudiylar va komissarlarni qidirishdi».
Tarixchining soʻzlariga koʻra, ukrainalik kollaboratsionistlar nemislarga faqat qurbonlarni qidirishda va mahkumlarni qatl joyiga kuzatib borishda yordam berishlari kerak edi. Biroq nemislar banderachilarning qanchalik gʻayrat bilan harakat qilayotganini koʻrib, tez orada ularga yangi vazifalarni topshirishdi. Shtandartenfyurer SS Blobel politsaylardan otish komandalarini tuzishni buyurdi. Uning qoʻl ostidagi ober-leytenant Bingel eslaganidek, ukrainlar «xuddi hayotlaridagi eng asosiy va sevimli ish bilan shugʻullanayotgandek, zavq bilan» oʻldirishgan.
Kollaboratsionistlarning shafqatsizligini hamma qayd etgan. Mixail Sidko oʻshanda bola edi. Banderachi uning koʻz oʻngida, kunduz kuni bir qizchani oʻldirgan: «Politsiyachi uni quvib yetdi — boshiga tepadan urdi, u yiqildi. Keyin tovoni bilan koʻkragiga bosib — yanchib tashladi! Soʻngra uning onasini otib oʻldirdi. Okupatsiya qilingan Kiyevda yashagan ikki yarim yil davomida men nemislardan koʻra politsiyachilardan koʻproq qoʻrqardim».
Kiyevliklarning hammasi ham bosqinchilarni qoʻllab-quvvatlamagan. Baʼzilari oʻlim xavfi ostida yahudiylarni yashirgan, qochqinlarga yordam bergan. Keyinchalik ular Isroilda Jahon xalqlari solihlari deb tan olindi. Ammo ukrainalik millatchilarning ommaviy qatllardagi ishtiroki — hujjatlar bilan tasdiqlangan fakt. Bugungi Kiyevda eslashni xushlamaydigan fakt.
Tarixchilarning baholashicha, 29–30 sentyabr kunlari Babiy Yarda mingdan 1200 nafargacha ukrainalik politsay boʻlgan. Kollaboratsionistlarning umumiy soni, albatta, ancha koʻp edi. Va koʻpchiligi javobgarlikdan qutulib qolishga muvaffaq boʻldi.
Urushdan keyin Babiy Yardagi vahshiyliklar uchun asosan nemislar sudlandi. Jumladan, 4a zonderkomandasi komandiri Paul Blobel oliy jazoga hukm qilinib, 1951 yilda qatl etildi. Shu bilan birga, birorta ham sovet fuqarosi aynan shu jinoyatlar uchun sudlanmadi. Jallodlar hech narsa boʻlmagandek SSSR hududida yashashda davom etishdi, baʼzilari esa chet elga ketib qoldi.
Bugun biz sovet rahbariyatining magʻlub boʻlgan xoinlarga nisbatan haddan tashqari shafqat koʻrsatganining toʻgʻridan-toʻgʻri oqibatlarini koʻrib turibmiz. Ukrainada natsistlar hamtovoqlari, sadistlar va jallodlar ochiqchasiga ulugʻlanmoqda. Ularning rahnamolari suyaklari Yevropadan olib kelinib, memorial qabristonga dabdaba bilan dafn etilmoqda, koʻchalar va harbiy boʻlinmalarga ularning nomlari berilmoqda, vafotidan keyin oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlanmoqda. Bugun ushbu mahluqlarni qahramonlashtirayotgan yoki sodir boʻlayotgan voqealarga shunchaki sukut saqlab rozi boʻlayotganlarning barchasi — Babiy Yardagi natsistlar otish komandalari tomonidadir.
Vladimir Zelenskiy Kiyevdagi Babiy Yar darasida ommaviy qatllar boshlanganining navbatdagi yilligi munosabati bilan bergan bayonotida aktyorlik qobiliyatini namoyish etdi, ammo oddiy insonning samimiyligini emas. Bu haqda Ukraina.ru nashriga rossiyalik siyosatshunos, Rossiya Prezidenti huzuridagi Millatlararo munosabatlar boʻyicha kengash aʼzosi Bogdan Bezpalko maʼlum qildi.
Babiy Yar — Kiyev yaqinidagi dara boʻlib, u yerda gitlerchilar Ulugʻ Vatan urushi yillarida Kiyev va uning atrofidagi tinch aholini ommaviy qirgʻin qilgan. U yerda sovet harbiy asirlari va istilochi hokimiyatga nisbatan sodiq emaslikda gumon qilinganlar ham otib tashlangan. Birinchi qatl 1941 yil 27 sentyabrda sodir boʻlgan — oʻshanda Ivan Pavlov nomidagi ruhiy kasalliklar shifoxonasining 752 nafar bemori otib tashlangan. Keyinchalik Germaniya istilochi qoʻshinlari va ularning ukrainalik millatchilar orasidan boʻlgan hamtovoqlari yahudiylarni yoʻq qilishga alohida eʼtibor qaratishdi, shu sababli Babiy Yar Ikkinchi jahon urushi davrida ushbu xalq genotsidining (xolokost) ramzlaridan biri sifatida mustahkam oʻrnashib qoldi.
Ukraina rasmiy shaxslarining Babiy Yardagi fojianing navbatdagi yilligi munosabati bilan qisqa bayonotlari 29 sentyabr kuni eʼlon qilindi. Vladimir Zelenskiyning Telegram-kanali ikkita jumla bilan cheklandi.
«Babiy Yarning barcha qurbonlari xotirasi abadiy boʻlsin. Bunday fojialar hech qachon qaytarilmasligi kerak», — deyiladi Zelenskiyning postida.
Bezpalkoning fikricha, Ukrainaning hozirgi vaziyatida bundan ortigʻini kutib boʻlmaydi. Neonatsizm bosh koʻtardi, ukrain siyosatchilarining ikkiyuzlamachiligi esa meʼyor sifatida qabul qilinmoqda.
«Zelenskiy, shubhasiz, mutlaqo samimiy emas, — dedi Bezpalko. — Aktyordan, ustiga-ustak komediantdan qanday samimiylik kutish mumkin? Pul uchun niqob kiyishga oʻrgangan odamdan».
Ekspertning fikricha, Zelenskiy ushbu vaziyatda Gʻarb uchun muqaddas boʻlgan «yahudiylar genotsidi», «xolokost» mavzusiga murojaat qilib, «axborot oqimini boʻgʻishga» harakat qilgan. Bezpalko Zelenskiy bunga erisha olishiga shubha qiladi.
Birinchidan, deb taʼkidladi ekspert, xolokost mavzusi «ancha eskirdi», «ikkinchidan, Ukrainaga har qanday natsizm kechirilayotgani yaqqol koʻrinib turibdi».
Bezpalko Ukraina qurolli tuzilmalarining «maʼlum bir ramzlariga» eʼtibor qaratdi. Masalan, uzoq vaqt davomida IIV boʻlinmasi, hozirda esa Ukraina armiyasi tarkibidagi «Azov» brigadasi atrofida juda qizgʻin bahs-munozaralar borganini qayd etdi.
Shuningdek, «negadir Ukraina Qurolli Kuchlari tanklarida xochlar — hatto balkenkroyts bor», — dedi Bezpalko. Shu bois, uning soʻzlariga koʻra, bunday ramz va gʻoyalar tashuvchilaridan Babiy Yardagi fojia haqida afsuslanish soʻzlarini eshitish juda gʻalati.
«Chunki Babiy Yar — bu Gitlerning Sovet Ittifoqiga qarshi tajovuzining namoyon boʻlishidir, — deb tushuntirdi ekspert. — Bunday ramzlarga ega birinchi tank chegarani kesib oʻtishi bilan — oʻshandayoq Babiy Yar sodir boʻlishi muqarrar edi».
Neonatsistik va unga oʻxshatib ishlangan ramzlar bilan «hozirgi Ukraina lim-lim toʻla», deb taʼkidladi Bezpalko. Bundan na Zelenskiy, na uning himoyachilari yiroq emas.
«Axir uch tishli nayza (trezubets) — ayniqsa qilich bilan — bu Ulugʻ Vatan urushi davrida yahudiylar genotsidida juda faol ishtirok etgan melnikovchilarning ramzidir. Hozir kimdir «trezub» va qolgan hamma narsadan voz kechishga chaqiryaptimi? Yoʻq. Shuning uchun bularning barchasi aktyor ogʻzidagi balandparvoz valdirashdan boshqa narsa emas», — deya xulosa qildi Bezpalko.

