Layfstayl

“Ayol kishining joyi faqat oshxonada emas” — 17 yildan beri avtomobillarni ta’mirlaydigan Nazokat Shukurova bilan suhbat (video)

Nazokat Shukurova Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tamomlagan. Biroq oliy ma’lumotli mutaxassis bo‘lishiga qaramay, avtomobil sohasi unga ko‘proq qiziq tuyulgan.

“Ayol kishining joyi faqat oshxonada emas” — 17 yildan beri avtomobillarni ta’mirlayotgan Nazokat Shukurova bilan suhbat (video)

Jamiyatda ayolning o‘rni faqat uy ishlari bilan cheklanishi kerak, degan qarashlar hanuz uchrab turadi. Ammo o‘z mehnati va faoliyati bilan bu stereotiplarni o‘zgartirib kelayotgan ayollar ham bor. Ulardan biri — 17 yildan beri avtomobil sohasida ishlayotgan Nazokat Shukurova.

U mashinalarni ta’mirlash, ularga texnik xizmat ko‘rsatish va polirovka qilish bilan shug‘ullanadi. Daryo Lifestyle’ga bergan intervyusida Nazokat Shukurova avtomobillarga qiziqishi qanday boshlanganini, hayotidagi og‘ir sinovlarni, kasbida duch kelgan qiyinchiliklarni hamda ayollar uchun avtoservis ochish rejalari haqida so‘zlab berdi.

Garajda boshlangan qiziqish

Nazokat Shukurovaning avtomobillarga qiziqishi bolaligidan boshlangan. Otasining mashinalarga bo‘lgan muhabbati va ustaxonalar bilan bog‘liq hayot tarzi uning ham bu sohaga qiziqishida muhim rol o‘ynagan.

“Shanba kunlari boradigan joylarimiz faqat ustaxonalar, Parkentdagi poyga zonalari bo‘lardi. 16 yoshimda, talabalik paytimda, adajonim menga Matiz sovg‘a qilganlar”, — deydi u.

Nazokat Shukurova Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tamomlagan. Biroq oliy ma’lumotli mutaxassis bo‘lishiga qaramay, avtomobil sohasi unga ko‘proq qiziqarli tuyulgan. Turmush qurgan davrida ham shu yo‘nalishda ishlashni davom ettirish va ayollar uchun maxsus avtoservis tashkil etish rejalari bo‘lgan.

Og‘ir sinovlardan keyingi yangi hayot

Nazokat Shukurova hayotidagi eng og‘ir davrlardan biri turmush o‘rtog‘idan ayrilgan paytiga to‘g‘ri kelgan. U o‘sha vaqtda sakkiz oylik homilador edi. Bu yo‘qotish uning hayotini tubdan o‘zgartirgan bo‘lsa-da, oldidagi mas’uliyat va turmush o‘rtog‘ining unga bildirgan ishonchi faoliyatini davom ettirishga undagan.

Shundan so‘ng u qo‘lida endigina 20 kunlik chaqalog‘i bilan tonirovka xizmatida ishlashni boshlagan.

“O‘sha paytda har kuni ishga kelib, tonirovkadan topgan pulim bilan tirikchilik qilardim. Lekin hech qachon tushkunlikka tushmadim”, — deya eslaydi u.

Bugungi kunda Nazokat Shukurova uch farzandning onasi. Uning katta farzandi talaba. Ikkinchi farzandi Mushtariybabon karate bo‘yicha ikki karra O‘zbekiston va jahon chempioni, 76 ta oltin medal sohibi. Kenja farzandi ham uning hayotidagi eng muhim insonlardan biri.

15 yil qarovsiz qolgan avtomobillarni qayta tiklagan

Nazokat Shukurova faoliyatidagi e’tiborga molik loyihalardan biri auksion orqali keltirilgan 19 ta avtomobilni qayta tiklash bo‘lgan. Uning aytishicha, mashinalar 15 yil davomida qarovsiz qolgan, oynalari singan, salonlari esa loy va tuproq bilan to‘lgan edi. Ular orasida BMW X5 va X6 rusumli avtomobillar ham bo‘lgan.

Shuningdek, u avtomobillarni polirovka qilishda bir necha bosqichli ishlov berish muhimligini ta’kidlaydi.

“Ko‘pchilik birinchi bosqichning o‘zidayoq chiziqlar yo‘qolganidan xursand bo‘ladi. Lekin quyosh nuri ostida qaraganda hologrammalar, ya’ni dog‘lar ko‘rinib qoladi. Shuning uchun avtomobilni zavod holatiga qaytarish uchun ikkinchi va uchinchi bosqichlardan ham o‘tkazish kerak”, — deydi u.

Nazokat Shukurova kasbi sababli kundalik hayotida ham o‘ziga xos o‘zgarishlar bo‘lganini aytadi. Uning qo‘llari doimiy ravishda avtomobil moylari va turli kimyoviy vositalar bilan ishlagani uchun manikyur yoki taqinchoqlar taqish imkoniyati cheklangan.

Ayol haydovchilar duch keladigan muammolar

Nazokat Shukurova suhbat davomida ayol haydovchilar avtomobil ustaxonalarida duch keladigan muammolar haqida ham gapirdi. Uning fikricha, ayrim ustalar ayollar avtomobil tuzilishini yaxshi bilmaydi, degan qarashdan foydalanib, ehtiyot qismlar va ta’mirlash xizmatlari narxini asossiz oshirishi mumkin.

“Erkak kishiga boshqacharoq tushuntirishadi, ayollarga esa boshqacha yondashishadi. Hatto oddiy detallarning narxini ham oshirib aytish holatlari bor. Men ana shunday adolatsizliklarning oldini olish uchun ayollarimizga imkon qadar xolis yordam berishga harakat qilaman”, — deydi u.

Uning aytishicha, ayrim hollarda moddiy imkoniyati cheklangan ayol haydovchilarning avtomobillarini bepul yoki keyinchalik haqini to‘lash sharti bilan ta’mirlab beradi.

Ayollar uchun maxsus avtoservis ochish rejalari

Nazokat Shukurova bilan birga ishlayotgan shogirdlari orasida turli soha vakillari bor. Ularning ayrimlari kelajakda diplomat bo‘lishni, boshqalari esa tilshunoslik yo‘nalishida ishlashni rejalashtirgan. Shuningdek, ilgari qurilish kranlarini boshqargan qizlar ham uning jamoasida faoliyat yuritmoqda.

Hozirda Nazokat Shukurova Toshkentda ayollar uchun mo‘ljallangan, qulay sharoitlarga ega avtoservis va avtomobil yuvish majmuasini tashkil etish ustida ishlamoqda. Rejaga ko‘ra, majmua bir vaqtning o‘zida to‘rtta avtomobilga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Nazokat Shukurova o‘z faoliyati orqali ayollar ham avtomobilsozlik va texnik xizmat ko‘rsatish kabi murakkab sohalarda muvaffaqiyatli ishlashi mumkinligini ko‘rsatib kelmoqda.

“Odamlarga qovoq solib yurishdan ko‘ra, har kuni baxtli va pozitiv bo‘lishni tanlaganman. Hayotning har qanday og‘ir sinovidan o‘tgandan keyin ham ko‘chalarda odamlarga iliq tabassum ulashish — mening eng katta g‘alabam”, — deydi u.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.