Avtomobilsozlik, turizm va 8 mlrd dollarlik dastur: prezident Janubiy Koreya kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi

**Avtomobilsozlik, turizm va 8 mlrd dollarlik dastur: prezident Janubiy Koreya kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi**
Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreyaga tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida Lotte Group, Eksport-import banki, Hyundai Motor Group, Kia Motors va Hyundai Rotem kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston yetakchisi Lotte Group raisi Shin Don Bin bilan uchrashuvda kompaniya Koreyaning mamlakatdagi eng yirik investorlaridan biri ekani, ko‘p yillardan buyon samarali hamkorlik olib borilayotgani taʼkidlandi.
Ustyurt gaz-kimyo majmuasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani alohida qayd etildi.
O‘zbekistonda Koreyaning ilg‘or texnologiyalari asosida developerlik loyihalarini amalga oshirish masalalari hamda mis folgasi ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Prezident kompaniyaning mamlakatdagi turizm markazlarini boshqarish va mehmonxona biznesida xizmatlar sifatini oshirish borasidagi rejalarini qo‘llab-quvvatladi.
Yakunda ikki tomonlama loyihalarni amalga oshirish jarayonini monitoring qilib borish maqsadida ishchi guruh tuzish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Koreya Eksport-import banki raisi Xvan Ki Yon bilan uchrashuvda esa Geologiya va mineral resurslar instituti prezidenti Kvon I Gyun va Materialshunoslik instituti direktori o‘rinbosari Bum Sun Kim ham ishtirok etdi.
Sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, muhim materiallar, taʼlim va transport sohalarida bank va uning jamg‘armalari bilan ko‘p yillar samarali hamkorlik qilinayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Davlat rahbari hamkorlik bo‘yicha 8 mlrd dollarlik yangi dastur imzolanishini qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlarni yetkazib berish, Biomarkaz tashkil etish, muhim minerallarni qayta ishlash va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Orolbo‘yi hududida Xotin-qizlar tadbirkorligi markazini ochish hamda Toshkent—Samarqand yo‘nalishida yangi temiryo‘l qurilishi loyihasiga Koreyaning moliya institutlari va kompaniyalarini jalb etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar strategik muhim minerallar sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha qo‘shma jamg‘arma ishga tushirilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Yarimo‘tkazgichlar va yangi materiallarni ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish markazini tashkil etish masalasini o‘rganish taklif etildi.
Ushbu loyihalarda Koreya Geologiya va mineral resurslar instituti hamda Koreya Nodir metallar institutining faol ishtirokini taʼminlash muhimligi taʼkidlandi.
O‘zbekiston prezidentining Hyundai Motor Group strategiya bo‘yicha prezidenti Kim Song, Kia Motors katta vitse-prezidenti Cho Sang Un va Hyundai Rotem direktorlar kengashi raisi Li Yong Be bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Kompaniyalar guruhining O‘zbekistonda avtomobil va transport sohalarini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi yuqori baholandi.
Jizzaxda tashkil etilgan avtomobil klasterida ishlab chiqarishni kengaytirish va avtomobil butlovchi qismlarini mahalliylashtirish darajasini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Kia avtomobillarini ishlab chiqarishning to‘liq zanjiri yo‘lga qo‘yilayotgani va eksport hajmi ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Yangi rusumdagi avtomobillar ishlab chiqarishni boshlash va presslash sexini ishga tushirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, elektr va gibrid avtomobillar yig‘ishni yo‘lga qo‘yish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Yuqori tezlikda harakatlanuvchi Hyundai Rotem poyezdlari Toshkent—Xiva yo‘nalishida qatnay boshladi va yo‘l vaqtini ikki barobar qisqartirdi. Kompaniya tomonidan qo‘shimcha poyezdlarni yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatda Hyundai Rotem servis markazini tashkil etish, butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda elektr dvigatellari uchun magnitlar ishlab chiqarish masalasini o‘rganish muhimligi taʼkidlandi.

