Avstraliyalik qotil qamoqxonada Vegemayt yeyish huquqidan mahrum boʻldi
Koʻchmas mulk boʻyicha tadbirkorni oʻldirgan Andre MakKechni Avstraliya madaniyatidan bahramand boʻlish uning huquqi ekanini taʼkidladi.

**Avstraliyalik qotil qamoqxonada Vegemite yeyish huquqini qoʻlga kirita olmadi**
Avstraliyada umrbod qamoq jazosini oʻtayotgan mahkum qotil mahbuslarga milliy ramzga aylangan achchiq-shoʻr drojjili pasta — Vegemite yeyishni taqiqlovchi qoidani bekor qilishga boʻlgan urinishda magʻlubiyatga uchradi.
Andre Makkechnining taʼkidlashicha, 2006 yildan beri amalda boʻlgan ushbu taqiq uni "avstraliyalik sifatida oʻz madaniyatidan bahramand boʻlish" huquqidan mahrum qilgan.
Viktoriya shtati rasmiylarining bildirishicha, mahbuslar ushbu oʻtkir hidli pastadan panjara ortida kontrabanda moddalarini yashirish yoki spirtli ichimliklar tayyorlashda foydalanishi mumkin.
Doʻshanba kuni Oliy sud sudyasi Makkechnining shikoyatini rad etib, mahbusning "madaniy huquqlari, birinchi navbatda, uning ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingani fakti bilan cheklanganini" aytdi.
Shtat qamoqxonalarini boshqaradigan Viktoriya Adliya va jazoni ijro etish departamentiga qarshi ochgan daʼvosida 54 yoshli Makkechni pastaga qoʻyilgan taqiq qamoqxonalarni mahbuslarning salomatligi va farovonligini saqlashga imkon beradigan oziq-ovqat bilan taʼminlashni talab qiluvchi qonunlarni buzishini vaj qilib koʻrsatgan edi, ammo sudya bu holat oʻz isbotini topmaganini bildirdi.
Makkechni 1990-yillarda Kvinslendda koʻchmas mulk boʻyicha tadbirkorni pichoqlab oʻldirgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. U Viktoriyaga koʻchirilishdan oldin ushbu jazoning bir qismini Kvinslendda oʻtagan.
Sud majlisida Viktoriya jazoni ijro etish xizmati tomonidan taqdim etilgan dalillar tinglandi. unga koʻra, Vegemite hidi qamoqxonaga olib kirilayotgan giyohvand moddalarni aniqlashga urinayotgan qidiruv itlarini chalgʻitishi mumkin.
Ushbu mahsulot Kvinslend, Janubiy Avstraliya va Tasmaniya qamoqxonalarida ham taqiqlangan.
Baʼzilar uchun Vegemite sevimli nonushta mahsuloti hisoblanadi, ammo u 1923 yilda Avstraliya doʻkonlari rastalarida ilk bor paydo boʻlganidan beri bahsli shuhratga ham ega boʻlgan.
Ushbu toʻq jigarrang pasta bir asrdan koʻproq vaqt oldin Viktoriya shtati markazi Melburnda Britaniyaning Marmite pastasiga muqobil sifatida yaratilgan.
Oʻtgan yilning aprel oyida Kanadadagi avstraliyalik kafe egasiga ushbu ziravor mahalliy sogʻliqni saqlash qoidalariga javob bermagani uchun uni rastalardan olib tashlash aytilganida, bu xalqaro bahsga sabab boʻlgan edi.
Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaniz bahsga aralashib, Kanadaning Vegemite’ning "bemani" raqibi boʻlmish Marmite mahsulotini sotishga ruxsat berganini "ancha erish" holat deb atadi. Keyinchalik kafe egasiga ushbu pastani sotishni davom ettirishga ruxsat berildi.

