Avstraliyada turist sumkasini o’margan o‘g‘rini quvgani ortidan 6 yilga qamaldi
Singapurlik sayyoh ijara mashinasidan sumkasini o‘g‘irlab ketgan shaxsni mashinada quvib yetib, uni urib yuborgan.

Avstraliyada turistning sumkasini o‘g‘irlagan shaxsni quvib, uning o‘limiga sabab bo‘lgan singapurlik 29 yoshli Linkoln Ng Jing Kai 6 yilga qamaldi. U ijara mashinasidan sumkasini o‘g‘irlagan odamni quvib yetib, uni bosib ketgan. G‘arbiy Avstraliya Oliy sudi 2-noyabr kuni uni 5 yil-u 9 oy muddatga ozodlikdan mahrum qildi.
Kai avvaliga qasddan odam o‘ldirishda ayblangan edi. Keyin prokurorlar ayblovni ehtiyotsizlik oqibatida odam o‘ldirish moddasiga o‘zgartirdi. Sudlanuvchi aybiga iqror bo‘ldi. Jazoni o‘tash muddati 2024-yil 24-maydan hisoblanadi. U 3 yil-u 9 oydan keyin muddatidan oldin shartli ozod qilinishi mumkin.
Voqea 2024-yil may oyida Pert shahrida yuz bergan. Kai sevgilisi va uning oilasi bilan dam olish uchun kelgan edi. O‘sha kuni ular restoran yaqinida ijara mashinasini qoldirgan. Mashinaning yukxonasida pasport, iPad, naqd pul va Apple AirTag qurilmasi bo‘lgan sumka bor edi. Mark Jon Byorns ismli shaxs mashinaning orqa oynasini sindirib, sumkani olib ketgan.
Ertasi kuni oila AirTag orqali sumkaning joylashuvini aniqlab, politsiyaga qo‘ng‘iroq qilgan. Shu paytda Byorns elektrovelosipedda sumkani ko‘tarib ketayotgan edi. Sevgilisining otasi Kaiga o‘g‘rining ortidan tushishni aytgan. Ular o‘g‘rini 10 daqiqa davomida quvib borgan.
Byorns maysazorga chiqqanida, mashinadagilardan biri velosipedni biroz turtishni so‘ragan. Kai orqa g‘ildirakka urilgan va Byorns yiqilgan. Yiqilgan shaxs tahdid qila boshlagach, Kai qo‘rqib ketgan. U mashinani orqaga olaman deb, adashib gazni bosib yuborgan.
Natijada mashina Byornsni urib, uni 25 metrga sudrab borgan. Guvohlar baqirgach, Kai mashinani orqaga olib, jabrlanuvchini qutqargan va politsiyani kutgan. Biroq Byorns kasalxonada vafot etgan.
Sudya Kaining bu harakatini o‘zboshimchalik va o‘zicha jazolashga urinish deb baholadi. Ammo u Kaining afsusini, ilgari sudlanmaganini va vahimaga tushganini inobatga oldi. Shunga qaramay, sudya xavfli vaziyatni aynan Kaining o‘zi mashinada quvish orqali yuzaga keltirganini ta’kidladi.

