Avstraliya harbiy-deңgiz kuchlari kemasi kayutasidan yashirin videoyozuv qurilmasi topildi
Avstraliya harbiylari senator kemada yashirin kameralar oʻrnatilgani haqidagi ayblovlar bilan unga murojaat qilishganini maʼlum qilganidan soʻng, qurilma topilganini tasdiqladi.

Avstraliya harbiy-dengiz kuchlari kemasining kayutasida yashirin videoyozuv qurilmasi topildi
Avstraliya mudofaa kuchlari (ADF) Avstraliya harbiy-dengiz kuchlari kemasidagi kayutada yashirin videoyozuv qurilmasi topilganini tasdiqladi.
Qurilma yakshanba kuni Kvinslend shtatining Kerns shahrida joylashgan Avstraliya Qirollik harbiy-dengiz kuchlarining HMAS Leeuwin kemasidagi kayutada topilgan.
Ushbu tasdiq sobiq faxriy va mudofaa sohasi himoyachisi, avstraliyalik mustaqil senator Jaki Lambining parlamentdagi chiqishidan soʻng berildi. U shaxsiy tarkib xodimlari u bilan bogʻlanib, "yaqinda ayol matroslarning dush qabul qilish xonalarida yashirin kameralar topilgani" haqida daʼvo qilganini aytgan edi.
Avstraliya mudofaa vazirligi qurilma faqat ayollar uchun moʻljallangan hududda topilgan-topilmaganini maʼlum qilmadi va hodisa Birgalikdagi harbiy politsiya boʻlinmasiga oshirilganini bildirdi.
Lambi chorshanba kuni Avstraliya Senatiga shunday dedi: "Menga bu yaqinda sodir boʻlgani va tergov harakatlari olib borilayotgan bir vaqtda kemaning suzishga chiqishiga toʻsqinlik qilgani ham aytildi. Kameralar aniqlanishidan oldin ulardagi tasvirlar internetga joylashtirilgan boʻlishi mumkinligi haqidagi daʼvolar yanada tashvishga soladi.
Qanchadan-qancha ayol matroslarimiz oʻzlari bilmagan holda eng shaxsiy daqiqalarida tasvirga olingan? Shu paytgacha qancha videolavhalar internetda tarqatilgan, saqlab qoʻyilgan yoki ularning xabari va roziligisiz yuklangan? Men bugun Harbiy-dengiz kuchlariga aynan shu savollarni bermoqdaman."
Chorshanba kuni kechroq mudofaa vazirligi HMAS Leeuwin kayutasida videoyozuv qurilmasi topilganidan xabar topganini tasdiqladi, ammo u aynan qayerda joylashgani haqida aniq tafsilotlarni keltirmadi.
"Mudofaa vazirligi ushbu hodisaga juda jiddiy qaraydi va har qanday shakldagi maqbul boʻlmagan xulq-atvorni qabul qilmaydi", deyiladi vazirlik bayonotida.
"Tergovni oʻtkazish va kema ekipaji aʼzolariga zudlik bilan yordam koʻrsatilishini taʼminlash uchun kema qirgʻoqda qoldi. Shaxslarning farovonligi Mudofaa vazirligining ustuvor vazifasi boʻlib qolmoqda va yordam koʻrsatish davom etmoqda.
Hozirda ushbu masala boʻyicha tergov ketayotgani va jabrlangan shaxslarning shaxsiy hayoti daxlsizligini himoya qilish maqsadida Mudofaa vazirligi ayni paytda qoʻshimcha izoh bera olmaydi."

