Iqtisodiyot

Avgustda propan 5,8 foizga, benzin 6,7 foizgacha qimmatlashdi — Statqoʻm

Avgustda propan 5,8 foizga, benzin esa 6,7 foizgacha qimmatlashdi — Statqoʻm

2026-yil avgust oyida Oʻzbekistonda oylik inflyatsiya 0,2 foizni, yillik narxlar oʻsishi esa 6,2 foizni tashkil etdi. Bu haqda Statistika qoʻmitasi maʼlum qildi.

Oʻtgan oyda oziq-ovqat mahsulotlari 0,4 foizga, nooziq-ovqat tovarlari 0,2 foizga, xizmatlar esa 0,1 foizga qimmatlashdi.

Bir oy ichida sabzi narxi 9,2 foizga, piyoz 6,2 foizga, guruch esa 2,2 foizga oshgan. Grechka 1,1 foizga, tuxum 0,8 foizga qimmatlashgan. Un narxi 0,5 foizga, qoʻy goʻshti 0,7 foizga, suyaksiz mol goʻshti qiymati 0,7 foizga koʻtarilgan.

Qoʻmita mavsumiy omillar meva-sabzavot narxlaridagi oʻzgarishlarga taʼsir qilganini qayd etgan. Xususan, bir oyda uzum 10,9 foizga, bulgʻor qalampiri 9,2 foizga, olma 7,2 foizga qimmatlashgan. Sitrus mevalar narxi 1,6 foizga, tarvuz qiymati 7,5 foizga oshgan.

Ayrim mahsulotlarda esa arzonlashish kuzatilgan. Jumladan, tovuq goʻshti 0,7 foizga, shakar 0,6 foizga, sut 0,3 foizga, paxta yogʻi 0,1 foizga arzonlashgan. Nok narxi 6 foizga, baqlajon 5,5 foizga, karam 4,9 foizga, kartoshka qiymati 3,3 foizga tushgan.

Avgustda benzin narxi oʻrtacha 1,9 foizga oshgan. Narx oʻsishi yoqilgʻi markalariga qarab turlicha boʻlgan. Masalan, AI-92 benzini 1,1 foizga, AI-95 markalisi 4,9 foizga, AI-98 va AI-100 markali benzinlar 6,7 foizga qimmatlashgan. Propan narxi oy davomida 5,8 foizga oshgan boʻlsa, yillik hisobda qariyb 41,4 foizga koʻtarilgan.

Oʻtgan oyda dori vositalari 0,2 foizga arzonlashdi.

Avgust oyida turar joylar ijara haqi 0,4 foizga, uylarga xizmat koʻrsatish, taʼmirlash va qoʻriqlash xizmatlari narxi 0,3 foizga oshdi. Aviachiptalar tariflari ichki reyslarda 0,1 foizga, xalqaro qatnovlarda 1,7 foizga koʻtarildi.

“Bu yoqilgʻi narxining oshishi va yevroning soʻmga nisbatan oʻzgarishi bilan bogʻliq”, deya holatni izohladi Statqoʻm.

Avgustda shaharlararo yoʻlovchi tashish narxi oʻrtacha 0,6 foizga koʻtarildi. Shu bilan birga, xususiy bogʻchalar 0,3 foizga, repetitorlik 0,2 foizga, chet tili kurslarida oʻqish narxlari 0,1 foizga qimmatlashgan.

Oʻzbekistonda iyul oyida yillik inflyatsiya darajasi 6,4 foizni tashkil etgandi. 2025-yil avgustidagi yillik narxlar oʻsish koʻrsatkichi esa 8,8 foiz boʻlgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.