Atom energetikasi yangi avlod nigohida: Toshkentda yosh mutaxassislar nimalar haqida gapirishdi
Mikroreaktorlar, kosmos uchun yadroviy texnologiyalar va hatto memlar. Toshkentdagi yoshlar yadroviy dialogi ishtirokchilari ana shunday noodatiy mavzular doirasini muhokama qilishdi. Yoshlar istiqbolli texnologiyalar, kasbiy rivojlanish imkoniyatlari bilan qiziqdilar va atom energetikasi haqida keng jamoatchilikka soʻzlab berishning yangi usullarini taklif etdilar. Milliy yoshlar yadroviy dialogi 9 oktyabr kuni Impact Team 2050 xalqaro tashabbusi doirasida boʻlib oʻtdi. Tadbir talabalarni, yosh […]

**Atom energetikasi yangi avlod nigohida: Toshkentda yosh mutaxassislar nimalar haqida gapirishdi**
Mikroreaktorlar, kosmos uchun yadroviy texnologiyalar va hatto memlar — Toshkentda oʻtkazilgan yoshlar yadroviy muloqoti ishtirokchilari aynan mana shunday noodatiy mavzularni muhokama qilishdi. Yoshlar istiqbolli texnologiyalar, kasbiy oʻsish imkoniyatlari haqida gapirishdi va atom energetikasi haqida keng auditoriyaga soʻzlab berishning yangi usullarini taklif qilishdi.
Milliy yoshlar yadroviy muloqoti 9 oktyabr kuni Impact Team 2050 xalqaro tashabbusi doirasida boʻlib oʻtdi. Tadbirda talabalar, yosh olimlar, universitetlar, sohaviy idoralar, tarmoq tashkilotlari va yoshlar birlashmalari vakillari ishtirok etishdi. Qanday masalalar koʻtarilgani va uchrashuv nimasi bilan yodda qolgani haqida «Rosatom» bosh direktori huzuridagi Impact Team 2050 Xalqaro yoshlar maslahat kengashidagi Oʻzbekiston vakili Muhiddin Umidov soʻzlab berdi.
Muloqot yoshlarning atom sohasi rahbarlari bilan ochiq suhbatidan boshlandi. «Oʻzatom» agentligi direktori Azim Ahmedxoʻjayev kirish soʻzini choʻzib oʻtirmasdan, darhol talabalarning savollari va umidlariga oʻtishni taklif qildi. Oʻzbekiston atom energetikasini rivojlantirish istiqbollari haqida gapirar ekan, u hozirgi yosh mutaxassislar avlodi sohani shakllantirishda ishtirok etishi kerakligini taʼkidladi.
«Sizda poydevor aynan hozir qoʻyilayotgan bir paytda shiddat bilan rivojlanayotgan sohaga kirib kelish uchun noyob, tarixiy imkoniyat bor. Siz shunchaki mutaxassis emas, balki Yangi Oʻzbekiston atom sohasining yaratuvchilari boʻlishingiz mumkin», — dedi agentlik direktori.
Uchrashuvning asosiy bosqichlaridan biri jamoaviy ish boʻldi. Avvaliga ishtirokchilarga yoshlar atom kasblarini tanlashda va kasbiy rivojlanishda duch keladigan gʻovlarni mustaqil ravishda aniqlash taklif etildi. Soʻng ular mumkin boʻlgan yechimlarni taklif qilishlari va ularni ekspertlarga taqdim etishlari kerak edi. Muhokama taʼlim, karyera istiqbollari, kasbga yoʻnaltirish, hududiy infratizim va jamiyatning atom energetikasiga boʻlgan munosabatini qamrab oldi.
Talabalarda zamonaviy muhandislik yoʻnalishlari alohida qiziqish uygʻotdi, ularning baʼzilari atom elektr stantsiyasidagi ish haqidagi odatiy tasavvurlardan ancha chetga chiqadi.
«Muhokamada turli universitetlar talabalari va yosh mutaxassislar ishtirok etgani meni quvontirdi. Ularni texnologik jarayonlarni avtomatik boshqarish tizimlari, modellashtirish, mikroreaktorlar qiziqtirdi. Hatto kosmik sohada yadroviy texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha savollar ham yangradi. Tan olaman, bu mavzularning baʼzilari men uchun ham kutilmagan hol boʻldi. Yoshlar murakkab va istiqbolli yoʻnalishlarni tushunishga intilishmoqda», — dedi Muhiddin Umidov.
Muloqotda MIFI MYAITU Toshkent filiali, I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, «Yangi Oʻzbekiston» universiteti va boshqa oliy oʻquv yurtlari talabalari ishtirok etishdi. Taklif etilganlar orasida boʻlajak pedagoglar ham bor edi.
Umidov ularning ishtirokini qonuniyat deb hisoblaydi. Atom energetikasi uchun kadrlar tayyorlash sohaviy universitetga kirishdan ancha oldin boshlanadi. Keyinchalik muhandislik fanlari, yadro fizikasi va AESni ekspluatatsiya qilish texnologiyalarini oʻzlashtirish uchun matematika, fizika va tillar boʻyicha mustahkam maktab bazasi kerak. shuning uchun ushbu fanlarni oʻqitish sifati sohaning boʻlajak mutaxassislarini shakllantirish bilan bevosita bogʻliq.
Ishtirokchilar, shuningdek, amaliy tajriba orttirish, stajirovka oʻtash va sohaviy tashkilotlar ishi bilan tanishish imkoniyatlari haqida ham gapirishdi. Bu masalalar Oʻzbekistonda atom elektr generatsiyasi rivojlanib borishi va boʻlajak obʼyektlar uchun mutaxassislar tayyorlanishi sayin alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Yana bir mavzu jamiyatning atom energetikasiga boʻlgan munosabati boʻldi. Umidovning ishonchi komilki, boʻlajak mutaxassis uchun faqat texnik bilimlarning oʻzi yetarli emas — murakkab texnologiyalarni maxsus maʼlumotga ega boʻlmagan odamlarga tushuntirib bera olish muhimdir.
Toshkentdagi uchrashuvda, shuningdek, atom kasblarining tanilish darajasini oshirish va texnik tushuntirishlarni yangi avlod uchun qanday qilib tushunarliroq qilish muhokama qilindi.
«Atom sohasining oʻz kasbiy axborot maydoni bor va tashqaridan kelgan odamlarga texnik masalalarni tushunish har doim ham oson kechmaydi. Shu bilan birga, «Oʻzatom» agentligi va MIFI Toshkent filiali ijtimoiy tarmoqlarda atom energetikasi haqida allaqachon soʻzlab berishmoqda. Ishtirokchilar bunday maydonlardan faolroq foydalanishni va maʼlumotlarni yoshlar uchun tushunarliroq qilishni taklif etishdi. Baʼzi yigit-qizlar, albatta, mavzuning butun jiddiyligini hisobga olgan holda, hatto yumor va memlar haqida ham gapirishdi. Axir sohaga aloqasi boʻlmagan odamni murakkab texnik material bilan qiziqtirish baʼzan qiyin boʻladi», — deb taʼkidladi Umidov.
Shu bilan birga, muloqotning yangi formati haqidagi suhbat kasbiy masʼuliyat muhokamasi bilan kechdi. «Oʻzatom» agentligi direktori Azim Ahmedxoʻjayev atom sohasi mutaxassislariga qoʻyiladigan yuqori talablarni eslatib oʻtdi.
«Atom sohasi yengil-yelpilikni kechirmaydi. U nafaqat chuqur bilimlarni, balki eng qatyiy intizomni, ichki yetuklikni va yuqori xavfsizlik madaniyatini talab qiladi. Bizga doimo oʻrganishga va qabul qilinayotgan har bir qarorning bahosini anglashga tayyor boʻlgan yetakchilar kerak», — deb taʼkidladi u.
Uchrashuvning yana bir mavzusi xalqaro hamkorlik boʻldi. «Rosatom Tsentralnaya Aziya» bosh direktori oʻrinbosari Dmitriy Konstantinov atom sohasi mutaxassislarini tayyorlashda tajriba almashish, stajirovkalar va qoʻshma yoshlar tashabbuslarining muhimligiga eʼtibor qaratdi.
Muhiddin Umidov ham ana shunday tajribaga ega boʻlmoqda. MIFI MYAITU Toshkent filialini tamomlagach, u Obninsk atom energetikasi instituti (OAEI) magistraturasida oʻqishni davom ettirdi va u yerda atom elektr stantsiyalarini ekspluatatsiya qilishni oʻrganmoqda. Bir vaqtning oʻzida u Impact Team 2050 xalqaro maslahat kengashida Oʻzbekiston sharafini himoya qiladi.
Kengash tashabbuslaridan biri shu kuz oylarida 16 ta mamlakatda boʻlib oʻtayotgan milliy yoshlar yadroviy muloqotlari turkumi boʻldi. Ularning yakunlarini atom kasblarini tanlashdagi gʻovlarni yengib oʻtish boʻyicha tavsiyalar berilgan yoʻl xaritasiga birlashtirish rejalashtirilmoqda. Hujjatni «Rosatom» bosh direktori Aleksey Lixachevga noyabr oyida Antaliyada boʻlib oʻtadigan BMTning COP31 iqlim konferentsiyasi doirasidagi uchrashuvda taqdim etish niyatidalar.
Umidov uchun xalqaro kengashdagi ishtirok, avvalambor, Oʻzbekiston yosh mutaxassislarining imkoniyatlarini kengaytirish va ularga kasbiy hamjamiyatga kirib borishga yordam berish istagi bilan bogʻliq.
«Men Oʻzbekiston yosh mutaxassislari oʻz gʻoyalarini xalqaro darajada bildira olishlarini xohlardim. Ular uchun boshqa mamlakatlardagi hamkasblari bilan muloqot qilish imkoniyatlarini ochish muhimdir. Biz Impact Team 2050 milliy yoshlar jamoasini tuzish imkoniyatini koʻrib chiqmoqdamiz. U Oʻzbekiston atom sohasini rivojlantirishdan manfaatdor boʻlgan yigit-qizlarni birlashtirishi mumkin edi», — dedi u.
Toshkent muloqoti yakunlandi, ammo ishtirokchilarning takliflari bilan ishlash davom etmoqda. Endilikda ularning qaysi biri amaliy rivojlanishi va yoshlarning oʻqish, kasbiy oʻsish hamda sohaviy loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkinligini aniqlash lozim.

