“Atletiko” Xulian Alvaresni “Barselona”ga sotishdan bosh tortdi — Fabritsio Romano

**"Atletiko" Xulian Alvaresni "Barselona"ga sotishdan bosh tortdi — Fabritsio Romano**
Madridning "Atletiko" futbol klubi hujumchi Xulian Alvaresning "Barselona"ga o'tishi borasidagi har qanday muzokaralarni rad etdi. Bu haqda mashhur insayder Fabritsio Romano ma'lum qildi.
Madrid klubi direktorlar kengashi bu masalada bir ovozdan yagona pozitsiyani qo'llab-quvvatladi. "Atletiko" rahbariyati ta'kidlashicha, klub transfer bozoridagi muzokaralarga har doim ochiq, ammo bu jarayon axloqiy va professional tamoyillar hamda klublar o'rtasidagi o'zaro hurmatga asoslanishi shart.
Qayd etilishicha, "Barselona" tomoni ushbu talablarga rioya qilmagani sababli Alvares bo'yicha hech qanday muloqot o'tkazilmagan va bundan keyin ham o'tkazilmaydi.
"Matraschilar" Xulian Alvares klub qarorini to'g'ri tushunishiga hamda jamoa maqsadlari yo'lida bor kuchini ishga solishda davom etishiga ishonch bildirgan.
Ma'lumot uchun, 2024-yilda "Atletiko" 26 yoshli hujumchini "Manchester Siti"dan 75 million yevro evaziga sotib olgan edi. 2025/2026-yilgi mavsumda hujumchi madridliklar safida jami 49 ta o'yinda maydonga tushib, o'z hisobiga 20 ta gol va 9 ta golli uzatma yozdirib qo'ygan.

