Alvares taqdirga tan berdi: futbolchi jamoadoshlaridan uzr so‘radi

Alvares jamoadoshlaridan uzr so‘radi: futbolchi taqdirga tan berdi
Madridning “Atletiko” klubi hujumchisi Xulian Alvares klubni tark etish istagi haqida aytgan so‘zlari uchun jamoadoshlaridan kechirim so‘radi. Cadena SER nashrining xabar berishicha, argentinalik futbolchi “Barselona”ning qiziqishi fonida jamoasini almashtirish niyatida ekanini bildirgani xato bo‘lganini tan olgan.
Manbaga ko‘ra, Alvares jamoadoshlari bilan suhbatda o‘z so‘zlari ham mazmunan, ham shaklan noto‘g‘ri bo‘lganini tan olgan va “Atletiko”ga sadoqati hamma narsadan ustun ekanini ta’kidlagan. Nashr versiyasiga ko‘ra, hujumchi “Barselona” bilan muzokaralar cho‘zilib ketgani fonida vaziyatga ko‘nika boshlagan.
Qayd etilishicha, Alvaresning bu bayonoti “Atletiko” “Barselona” bilan muzokara olib borishdan bosh tortgan taqdirda, futbolchining klubga qarshi har qanday norozilik harakatlarini amalga oshirish ehtimolini istisno qiladi. Biroq bu futbolchining Madridni tark etish istagi yo‘qolganini anglatmaydi.
Avvalroq “Barselona” klubi sport direktori Deku o‘tgan haftada Milanning “Inter” klubi hujumchisi Lautaro Martinesning vakili bilan uchrashuv o‘tkazib, argentinalik hujumchining Kataloniya klubiga o‘tish imkoniyatlari muhokama qilingani haqida xabar berilgan edi.
Unga ko‘ra, agar Xulian Alvaresning “Atletiko”dan transferi amalga oshmay qolsa, kataloniyaliklar Martinesni muqobil variant sifatida ko‘rib chiqadi. Qayd etilishicha, kataloniyaliklar bu borada “Inter” bilan muzokaralarni boshlashga tayyor. Martinesning nomi avval ham bir necha bor “Barselona” bilan bog‘langan edi. Biroq jamoaning ayni paytda markaziy hujumchiga ehtiyoj sezayotgani bu transferning amalga oshish ehtimolini oshiradi.

