Sport

“Arsenal”ning kelajagi deya e’tirof etilgan futbolchi qanday qilib narkokuryerga aylandi?

“Arsenal”ning kelajagi deb ko‘rilgan futbolchi qanday qilib narkokuryerga aylandi?

Bir vaqtlar “Arsenal”ning bo‘lajak yulduzi sifatida tilga olingan Jey Emmanuel-Tomas faoliyatini Angliya quyi ligalarida davom ettirishga majbur bo‘ldi. 2024-yilda esa uning hayotida bundan ham og‘irroq burilish yuz berdi. Futbolchi Tailanddan Buyuk Britaniyaga 600 ming funt sterlinglik giyohvand moddalarni olib kirish sxemasida qatnashgani uchun qo‘lga olindi.

Bir yil o‘tib, Emmanuel-Tomas aybini tan oldi va to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etildi. Shu tariqa uning futbolchilik faoliyati ham deyarli yakuniga yetdi.

“Arsenal”ning katta umidi

Londonda tug‘ilgan Emmanuel-Tomas sakkiz yoshida “Arsenal” akademiyasiga qo‘shilgan. U klubning iqtidorli futbolchilardan iborat avlodidagi eng istiqbolli nomzodlardan biri edi.

Bo‘yi, kuchi va texnikasi bilan ajralib turgan futbolchi faoliyatining ilk bosqichida deyarli barcha pozitsiyalarda sinab ko‘rildi. Murabbiylar uni markaziy himoyachi yoki hujumchi sifatida ko‘rgan bo‘lsa, Arsen Venger uning hujumdagi salohiyati yuqoriroq ekanini ta’kidlagan.

Emmanuel-Tomas 16 yoshidayoq “Arsenal”ning 18 yoshgacha bo‘lgan jamoasiga sardor etib tayinlandi. 2008/2009-yilgi mavsumda esa jamoasi bilan yoshlar o‘rtasidagi Angliya Kubogi finalida “Liverpul”ga qarshi maydonga tushdi. O‘sha tarkibda Jek Uilshir, Fransis Koklen, Anri Lansberi va Emmanuel Frimpong kabi futbolchilar ham bor edi.

2010-yil yanvarida, 19 yoshida Emmanuel-Tomas Arsen Venger boshchiligidagi asosiy jamoada debyut qildi. U Angliya Kubogidagi “Stok Siti”ga qarshi uchrashuvda Teo Uolkott, Sesk Fabregas, Sol Kempbell va Mikael Silvestr bilan birga asosiy tarkibda maydonga tushdi.

O‘sha yilning oktyabrida “Chelsi”ga qarshi o‘yinda ham qatnashgan Emmanuel-Tomas keyinchalik “Nyukasl”ga qarshi Liga Kubogi bahsida zaxiradan tushdi. O‘yindan so‘ng Venger yosh futbolchining imkoniyatlarini yuqori baholadi.

“Jey mening eshigimni qattiq taqillatmoqda. Unda katta salohiyat bor. Jismoniy imkoniyatlari ham juda yaxshi. Qanchalik yuqori darajaga chiqishi esa o‘ziga bog‘liq. Chunki uning imkoniyatlari juda katta”, degandi Venger.

Biroq bu umidlar o‘zini oqlamadi. Futbolchi “Arsenal” safida yana atigi ikki marta maydonga tushdi (“Shaxtyor”ga qarshi Chempionlar Ligasi va “Uigan”ga qarshi Angliya Kubogi). Shundan keyin u “Arsenal”da boshqa o‘yin o‘tkazmadi.

“Arsenal”dan ketish

Jismoniy imkoniyatlariga qaramay, Emmanuel-Tomas texnik xatolari sabab asosiy tarkibda o‘z o‘rnini topa olmadi. Futbolchining o‘zi ham Londonda faoliyatini davom ettirish qiyinligini anglab yetgan edi.

“Bir payt kelib, asosiy tarkibdagi futbolchilarga qaraysiz. O‘z pozitsiyangizda sizdan oldinda turgan o‘yinchilarni ko‘rib, ularga yetish uchun qanchalik ko‘p ishlashingiz kerakligini tushunasiz”, degan u.

2011-yilda Emmanuel-Tomas “Arsenal”ni tark etdi. Ungacha hujumchi “Blekpul” va “Kardiff”da ijara asosida o‘ynagan, biroq bu jamoalarda ham o‘zini to‘liq ko‘rsata olmagan. Keyingi yillarda u “Ipsvich”, “Bristol Siti”, “Kuinz Park Reynjers”, “MK Dons” va “Jillingem” kabi klublarda to‘p surdi. “Bristol Siti”dagi faoliyati uning eng yaxshi davrlaridan biri bo‘ldi (15 ta gol).

“U birinchi darajali futbolchi. Uning nafaqat muxlislarni xursand qiladigan texnikasi, balki mehnatsevarligi ham bor”, degan edi “Bristol Siti”ning o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Stiv Kotterill.

Emmanuel-Tomas “Bristol Siti” safida 100 dan ortiq uchrashuvda maydonga tushdi. Ammo uning faoliyati baribir ko‘ngildagidek kechmadi.

Tailanddagi qisqa sarguzasht

2019-yilda Emmanuel-Tomas faoliyatini Tailandda davom ettirishga qaror qildi va “Rayong” klubiga o‘tdi. Futbolchi yangi hayotidan mamnunligini aytgan. Biroq klub moliyaviy muammolar sabab mavsum o‘rtalarida faoliyatini to‘xtatdi va Emmanuel-Tomas jamoani tark etishga majbur bo‘ldi. Keyinchalik u Shotlandiyaning “Livingston” klubiga qo‘shildi. Bu yerda ham futbolchi ayrim uchrashuvlarda yuqori darajadagi texnikasini namoyish etdi.

“Texnik jihatdan Jey men ko‘rgan eng yaxshi futbolchilardan biri. Uning to‘p bilan muomalasi, nazorati va qobiliyati hayratlanarli”, degan “Livingston” bosh murabbiyi Devid Martindeyl.

Ammo yana o‘sha muammo — Emmanuel-Tomas o‘z imkoniyatlarini uzoq muddat davomida namoyish eta olmadi. Keyinchalik u “Aberdin” safida ham o‘ynadi. Biroq atigi 14 ta uchrashuvdan so‘ng klubni tark etdi. Shundan keyin Hindistonda ham qisqa muddat faoliyat yuritdi.

Qamoq

Bir paytlar Premyer Ligada yulduz bo‘lishi kutilgan Emmanuel-Tomas endi Shotlandiyaning quyi divizionida haftasiga 600 funt ishlab, o‘rtacha 1 800 muxlis qarshisida to‘p tepardi.

2024-yil sentyabrida esa uning hayoti butunlay o‘zgardi. Emmanuel-Tomas Tailandga ikki ayol uchun safar uyushtirgan va xarajatlarini qoplagan. Ayollarga buning uchun 2 500 funt to‘lanishi ham va’da qilingan.

Ular Londonning Stansted aeroportiga qaytganida, bojxona xodimlari yuklarini tekshirdi. Natijada chamadonlardan vakuum qadoqlangan 60 kilogramm nasha topildi. Giyohvand moddalarning umumiy qiymati taxminan 600 ming funtga baholandi.

Ayollar dastlab yuklarda oltin bor deb o‘ylaganini aytdi. Telefonlardagi yozishmalar ham ularning bu gapini qisman tasdiqladi. Shu sababli ularga qo‘yilgan ayblovlar keyinchalik bekor qilindi. Emmanuel-Tomas esa ko‘p o‘tmay Shotlandiyaning Grinok shahrida qo‘lga olindi.

Sudda futbolchi Tailanddagi nasha yetkazib beruvchilar bilan Buyuk Britaniyadagi xaridorlar o‘rtasida vositachilik qilgani va ayollarga narkotiklarni olib kelishni tashkil qilgani aytildi. U bu ish uchun 5 ming funt olishi kerak bo‘lgan. Dastlab aybini rad etgan Emmanuel-Tomas 2025-yil may oyida aybini tan oldi. Uning advokati futbolchi uzoq vaqt davomida klub topa olmagani sabab jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelganini aytdi. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, Emmanuel-Tomas “vasvasaga berilib”, jinoyatga qo‘l urgan.

Sud futbolchining qilgan ishini “katta xato” deb baholadi. 2025-yil iyun oyida Emmanuel-Tomas to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etildi.

“Endi o‘z harakatlaringiz sabab professional futbolchi sifatida emas, jinoyatchi sifatida tanilasiz”, dedi sudya Aleksandr Mills.

Qamoqdan keyingi hayot

Emmanuel-Tomas jazoni to‘liq o‘tamasdan, tergov vaqtida qamoqda o‘tkazgan kunlari hisobga olinib, 2025-yil iyulida ozodlikka chiqarildi. U elektron bilaguzuk taqqan holda yashashi va belgilangan vaqtda uyida bo‘lishi kerak edi.

Shunga qaramay, futbolchi qisqa vaqt ichida yana maydonga qaytdi. U Angliyaning quyi ligasi vakili “Totton” bilan shartnoma imzoladi. Ko‘p o‘tmay “Breyntri Taun” safiga o‘tdi. Emmanuel-Tomas yangi jamoasidagi debyutida ham o‘zining texnik imkoniyatlarini namoyish etdi. U jarima zarbasidan chiroyli gol urib, jamoasiga 2:0 hisobidagi g‘alabani taqdim etdi.

“U avvalgidek tez emas, ammo baribir sifatli futbolchi. Bu darajada undan yaxshiroq jarima zarbasini ko‘rish qiyin”, dedi “Breyntri Taun” bosh murabbiyi Stiv Pitt.

Keyinchalik Emmanuel-Tomas sobiq Angliya terma jamoasi futbolchilari Mayka Rids va Deniel Starrij tashkil qilgan ligada ham to‘p tepdi. U olti kishilik futbol turnirining so‘nggi mavsumida jamoasining eng yaxshi to‘purarlaridan biriga aylandi. 35 yoshli futbolchi hozirda yana bir sobiq futbolchi va sudlangan Nayl Reynjerga qarshi ringga chiqishi kutilmoqda. Jang 2026-yil oktabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bir vaqtlar “Arsenal”ning kelajagi sifatida ko‘rilgan va Arsen Venger katta umid bog‘lagan Jey Emmanuel-Tomasning faoliyati esa butunlay boshqa tomonga burildi. Unga bir necha bor imkoniyat berildi, ammo futbolchi ulardan to‘liq foydalana olmadi. Oxir-oqibat esa jinoyatga qo‘l urib, futbolchilik faoliyatini ham xavf ostiga qo‘ydi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.