Sport

«Arsenal» chempionlikdan keyingi ilk mavsumni qanday boshlamoqda?

Muammolar, transferlar va futbolchilarning holati haqida.

«Arsenal» chempionlikdan keyingi ilk mavsumga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda?

Bugun Angliya chempioni «Arsenal» Superkubok uchun Angliya kubogi sohibi «Manchester Siti» bilan to‘qnash keladi. Londonliklar so‘nggi yillarda bu sovrin uchun bir necha bor maydonga tushgan (oxirgi beshta finalda beshta g‘alaba), ammo bu safar ular Angliya chempioni sifatida ishtirok etmoqdalar.

APL g‘alabasidan so‘ng Mikel Arteta jamoasida o‘zgarishlar yuz berdi va bu jarayon davom etmoqda. Quyida jamoaning 2026/27 yilgi mavsumga qanday holatda kirib kelayotgani haqida ma’lumot beriladi.

**Jamoa tarkibi qanchalik kuchaydi?**

Vinisius Juniorni qo‘lga kiritishga urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchragani sababli, «Arsenal»ning yozgi transfer oynasidagi eng muhim xaridi «Nyukasl»dan 87,5 million yevro evaziga Bruno Gimarayshning olib kelinishi bo‘ldi.

Braziliyalik yarimhimoyachi shusiz ham kuchli bo‘lgan maydon markazini yanada mustahkamlaydi. U APLda bir necha yildan buyon muvaffaqiyatli o‘ynab kelmoqda va jamoani hozirning o‘zida kuchaytira oladi. Bruno bir nechta pozitsiyani yopa oladi, uning borligi jamoaning hujum chizig‘idagi imkoniyatlarini oshiradi, shu bilan birga, yarimhimoya chizig‘i futbolchilariga tushadigan yuklamani kamaytiradi.

Turkiyaga yo‘l olgan chap qanot vingeri Leandro Trossar o‘rniga Xristos Zolis keldi. U yuqori darajaga chiqish salohiyatiga ega va tarkibni kengaytiradigan futbolchi. Gretsiyalik futbolchi o‘tgan mavsumda Belgiyaning «Bryugge» klubi safida barcha turnirlar doirasidagi 52 o‘yinda 22 gol urib, 29 golga uzatma bergan. «Arsenal» 24 yoshli vinger uchun 40 million yevro to‘ladi. Londonliklar chap qanot uchun yana bir transferni (asosiy tarkib uchun yuqori darajadagi futbolchi olib kelishni) maqsad qilgan, ammo hozircha bu borada siljish kuzatilmayapti, shuning uchun yangi mavsum boshida aynan Zolis asosiy tarkib futbolchisi bo‘lishi mumkin.

Darvoza chizig‘i uchun ham bitta transfer amalga oshirildi – «Lids»dan Illan Mele erkin agent sifatida keldi. Biroq u asosiy darvozabon David Rayyaga raqobat qilmaydi. Mele – mavsum oxirida ketishi mumkin bo‘lgan Kepa Arrisabalagaga o‘rinbosar hisoblanadi.

Shuningdek, «Arsenal» «Bayer»dan 49 million yevro evaziga Piyero Inkapiyening transfer huquqini to‘liq sotib oldi. O‘tgan mavsumda londonliklar safida ijara asosida o‘ynagan ekvadorlik himoyachi yuqori darajadagi futbol namoyish etgandi. Arteta u borligi tufayli chap qanot himoyasida qo‘shimcha variantga ega bo‘ldi – vaziyatga qarab hujumga ko‘proq qo‘shiladigan Kalafiori yoki himoyada ishonchliroq bo‘lgan Inkapiyeni tushirishi mumkin edi.

**Moliyaviy feyr-pley bilan bog‘liq muammolar**

The Telegraph nashrining yozishicha, «Arsenal» APL va UEFAning moliyaviy nazorati talablari tufayli futbolchilar sotib olishdan tashqari futbolchi sotuvlarini ham amalga oshirishi kerak bo‘ladi. Shu masalada muammolar boshlanadi. Klub jamoadagi eng katta maosh oluvchi futbolchilardan biri bo‘lgan, shu bilan birga, forvard pozitsiyasida faqat to‘rtinchi tanlov bo‘lib qolayotgan Gabriel Jezusdan qutula olmayapti. Yosh yarimhimoyachi Itan Nvanerining transfer narxi «Marsel»dagi muvaffaqiyatsiz ijara tufayli tushib ketgan, «Arsenal» rahbariyati esa akademiyaning eng iste’dodli mahsullaridan birini arzonga sotmoqchi emas.

Asosiy tarkibga tortmay qolgan Gabriel Martinelliga «Galatasaroy»dan qiziqish bildirilgandi, ammo Istanbul klubi braziliyalik vinger uchun 45 million yevrodan ortiq narx taklif qilmadi. Futbolchining o‘zi ham APLni Turkiya Superligasiga almashtirmoqchi emas. Fabiu Viyeyra va Ris Nelson sotish uchun birinchi nomzodlar edi, ammo «Arsenal» ularga ham har tomonlama ma’qul taklif olmayapti.

Natijada APL startiga bir haftadan kamroq muddat qolganida «Arsenal» sotuvlardan 46 million yevro atrofida mablag‘ ishlagan – Trossar, Kivior, Norgar va Heyn transferida. The Telegraph ma’lumotiga ko‘ra, sotuv bilan bog‘liq muammolar klubni Lyuis-Skellining transfer narxini o‘rganib chiqishga undagan, vositachilar orqali u «Chelsi» va «Manchester Yunayted»ga taklif qilingan. Holbuki, ushbu yosh yarimhimoyachi atigi bir yil oldin klub bilan uzoq muddatli shartnoma imzolagan, mayda esa Chempionlar ligasi finalida o‘ynagandi.

**Jarohatlar**

«Arsenal»ning yana bir muammosi – himoya chizig‘idagi jarohatlar. Saliba belidagi muammo tufayli uzoq muddatga safdan chiqqan, Timber esa o‘tgan mavsum oxiridagi jarohatidan tiklanish jarayonini davom ettirmoqda. Mikel Artetaning so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, fransuz futbolchisi mavsumning yarmini, niderlandiyalik esa startni o‘tkazib yuboradi.

Natijada shunday vaziyat yuzaga keldiki, himoyaning o‘ng tomonida (o‘ng markaziy himoyachi va o‘ng qanot himoyachi)gi pozitsiyalar uchun zaxira variant qolmadi. Maydonning muhim qismi kuchsizlangan. Endi bu pozitsiyalarda o‘ynatish uchun tajribasiz Moskera hamda o‘zi ham muntazam jarohat oladigan Ben Uayt qolgan, ular ham safda bo‘lmaganida esa akademiya futbolchilariga tayanishga to‘g‘ri keladi.

Shuning uchun «Arsenal» ushbu pozitsiyalarning ikkisini ham yopa oladigan futbolchi qidirmoqda. Matbuotda Jyul Kundedan Mark Pubilgacha bo‘lgan turli variantlar keltirildi. Londonliklar uchun ustuvor nishonlar esa Ezri Konsa va Jarell Kuansa bo‘lib turibdi. Lekin «Aston Villa» ham, «Bayer» ham futbolchilari uchun kamida 50 million yevro so‘ramoqda, APL chempionlari esa yarim yildan keyin zaxirada o‘tiradigan futbolchi uchun buncha ko‘p pul to‘lashni xohlamayapti.

**Mavsumoldi yig‘ini**

JCh-2026 tufayli ko‘plab top-klublar, jumladan, «Arsenal» ham mavsumlar oralig‘idagi yig‘inni qisqartirishga majbur bo‘ldi. Futbolchilar ta’tildan turli vaqtlarda qaytishdi, natijada Arteta asosiy tarkibni «Komo»ga qarshi kechgan to‘rtinchi o‘rtoqlik uchrashuvi arafasida yig‘a oldi. Undan oldingi o‘yinlarda esa asosan ikkinchi tarkib futbolchilari va yoshlar jamoasi vakillari o‘ynashdi. Natijalar ham shunga yarasha bo‘ldi.

«Arsenal» to‘rt o‘yindan faqat bittasida g‘alaba qozondi – «Jirona»ga qarshi birinchi o‘yinda (4:1). Keyin «Betis» (1:3) va Dortmundning «Borussiya» klublariga qarshi o‘yinlarda mag‘lubiyatga (2:3, penaltilar seriyasida 5:4) uchraldi. «Komo» bilan o‘tgan so‘nggi o‘rtoqlik uchrashuvining asosiy vaqtida durang natija qayd etildi (1:1, penaltilar seriyasida 4:3).

Bunday mavsumoldi yig‘inidan qandaydir xulosa chiqarib bo‘lmaydi. Shunchaki futbolchilar holatiga alohida-alohida baho berish mumkin. Kimdir to‘liq o‘yin o‘tkazishga tayyor, kimdir esa hali jismoniy formasini tiklashi talab etiladi.

Angliya Superkubogi uchun «Manchester Siti»ga qarshi kechadigan o‘yin APL starti arafasidagi repetitsiya bo‘ladi va bu o‘yinda jamoaning nisbatan asosiy bo‘lgan tarkibini (Saka va Rays kabi futbolchilar hali birorta o‘yinda tushmadi va Superkubok bahsida ham boshlang‘ich tarkibda bo‘lishi kutilmayapti) va haqiqiy kuchini ko‘rishimiz mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.