Dunyo

AQShlik oʻsmir Hindular ibodatxonasida otishma sodir etishni rejalashtirganlikda ayblanib, sud oldida javob berdi

19 yoshli Aleksandros Paporakis dam olish kunlari hibsga olinganidan keyin Chikago yaqinidagi sudda hozir boʻldi.

**AQShlik oʻsmir hindular ibodatxonasida otishma sodir etishni rejalashtirganlikda ayblanib sud oldida javob berdi**

Chikago yaqinidagi hindular ibodatxonasiga ommaviy otishma bilan tahdid qilingani boʻyicha olib borilgan surishtiruvdan soʻng bir erkak hibsga olindi.

Illinoys shtatining Palatin shahrida yashovchi 19 yoshli Aleksandros Paporakis chorshanba kuni sud oldida javob berdi. Bi-bi-sining AQShdagi hamkori CBS xabariga koʻra, unga nisbatan terrorchilik tahdidini sodir etish va moslamasining stvoli 16 dyuymdan kalta boʻlgan miltiqni noqonuniy saqlash moddalari boʻyicha ayblov eʼlon qilingan.

Ichki ishlar xodimlarining maʼlum qilishicha, politsiya Paporakis oʻzini oq tanlilarning ustunligi tarafdori deb taʼriflagan va oq tanli boʻlmagan odamlarga nisbatan nafrati haqida yozgan manifestni aniqlagan.

CBS xabariga koʻra, prokurorlar ayblanuvchi hamkasbiga telefon orqali quroli tiqilib qolganini aytganini va AR uslubidagi miltiq tasvirlangan xabarlarni yuborganini bildirgan.

Prokurorlarning soʻzlariga koʻra, boshqa xabarlarda u tepkini bosganda quroldan oʻq chiqmagani aks etgan video, shuningdek, oʻzining taktik jilet kiyib tushgan fotosurati boʻlgan.

Ushbu hamkasbi va Paporakis ishlagan Taco Bell restoranidagi yana bir xodim yakshanba kuni politsiyaga murojaat qilib, hodisa haqida xabar bergan.

Palatin politsiya boshligʻi Uilyam Nordning aytishicha, zobitlar Paporakisning uyida tintuv oʻtkazish chogʻida «miltiq, oʻqlangan magazinlar, yuzlab miltiq patronlari va zirhli jiletni musodara qilishgan».

Politsiya va FQB xodimlari, shuningdek, Paporakisning elektron qurilmalari va elektron yozishmalarini ham tekshirib chiqdilar va u yerda manifestni topganliklarini aytishdi.

CBS xabariga koʻra, Nord: «Manifestni oʻqib chiqib, u baʼzi ekstremistik ideologiyalarni bayon etganini va zoʻravonlik haqida gapirganini, ommaviy qotilliklar va ushbu ommaviy otishmani qanday amalga oshirishni xohlagani haqida yozganini koʻrdik», dedi.

Prokurorlarning taʼkidlashicha, Paporakisning hamkasbi politsiyaga ayblanuvchi ishda oq tanlilar ustunligi tarafdori ekani haqida gapirgani va boshqa millat vakillari shaʼniga haqoratli soʻzlar aytganini maʼlum qilgan.

Prokurorlarning bildirishicha, shanba kuni Paporakis ishchilardan biriga Avroradagi hindular ibodatxonasida «buni» rejalashtirayotganini va yakshanba «maxsus kun boʻlishini» aytgan, ertasi kuni esa hamkasbiga qoʻngʻiroq qilib, xabarlar yuborgan.

Politsiyaning maʼlum qilishicha, tahdidlarda nazarda tutilgan aniq joy hali tasdiqlanmagan va tergov davom etmoqda.

Mahalliy kongressmen Radja Krishnamoorti ushbu hodisadan «dahshatga tushganini» aytdi. Feysbukda eʼlon qilingan bayonotida u shunday dedi: «Har bir amerikalik qoʻrquvsiz yashashga va ibodat qilishga haqli va biz nafratning barcha koʻrinishlariga qarshi birgalikda kurashishimiz kerak».

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.