AQSHda demokratlar g‘alabasidan so‘ng Tesla va SpaceX aksiyalari narxi tushib ketdi
Saylov kampaniyasi davomida Mask respublikachilarga eng ko‘p mablag‘ ajratgan homiyga aylangandi. U partiyani qo‘llab-quvvatlash uchun jami kamida 446 million dollar sarflagan.

AQSHda demokratlar g‘alaba qozongach, Tesla va SpaceX aksiyalari pasaydi
AQSH Kongressiga saylovlarda demokratlar katta farq bilan g‘alaba qozonganidan keyin Ilon Maskka tegishli Tesla va SpaceX kompaniyalari aksiyalari arzonlashdi.
Saylov kampaniyasi davomida Mask respublikachilarga eng ko‘p mablag‘ ajratgan homiyga aylangan edi. U partiyani qo‘llab-quvvatlash uchun jami kamida 446 million dollar sarflagan.
XTB savdo platformasi tadqiqotlar direktori Ketlin Bruksning so‘zlariga ko‘ra, demokratlarning g‘alabasi Maskning Tesla va SpaceX kompaniyalarini birlashtirish rejasini amalga oshirishni qiyinlashtirishi mumkin. Mask bu rejani oktyabr oyida e’lon qilgan edi.
“Kongress SpaceX va Tesla birlashuvini to‘xtata olmasa-da, qo‘shimcha tekshiruvlar orqali bu jarayonni sekinlashtirishi mumkin. Shu sababli har ikki kompaniya uchun siyosiy xavflar kuchaydi. Bu esa ularning aksiyalari narxiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, — dedi Bruks.
Investorlarni xavotirga solayotgan yana bir omil — Ilon Mask o‘z biznesining asosiy qismini Texas shtatida joylashtirgani. U aynan shu shtatdagi respublikachilarni faol qo‘llab-quvvatlagan.
Biroq dastlabki natijalarga ko‘ra, odatda respublikachilarga ovoz beradigan Texas aholisi bu safar demokratlarni tanladi. Bungacha demokratlar Texasda gubernatorlik saylovida oxirgi marta 1990-yilda, Senat saylovida esa 1988-yilda g‘alaba qozongandi.
3-noyabr kuni AQSHda Kongressga oraliq saylovlar bo‘lib o‘tdi. Demokratlar Vakillar palatasi va Senatda ko‘pchilikni qo‘lga kiritib, respublikachilarni mag‘lub etdi. Associated Press ma’lumotlariga ko‘ra, demokratlar Vakillar palatasida kamida 228 ta o‘rinni egallagan. Shuningdek, ular Senatda respublikachilarga tegishli bo‘lgan kamida yettita o‘rinni qo‘lga kiritgan. Ovozlarni sanash davom etmoqda.
AQSH prezidenti Donald Tramp respublikachilarning Kongress saylovlaridagi mag‘lubiyatiga Eron bilan urush ham sabab bo‘lganini tan oldi. Biroq u respublikachilarning mag‘lubiyatini o‘zining siyosiy muvaffaqiyatsizligi deb hisoblamayapti.

