AQSH VTBni Eron bilan bogʻliq sanksiyalar roʻyxatiga qoʻshdi
AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Rossiyaning aktivlari boʻyicha ikkinchi yirik banki - VTBni Eron bilan bogʻliq sanksiyalar roʻyxatiga qoʻshdi. Vashington bankni Eronga nisbatan amaldagi cheklovlarni chetlab oʻtishga koʻmaklashganlikda ayblamoqda.

AQSH VTBni Eron bilan bogʻliq sanksiyalar roʻyxatiga qoʻshdi
AQSH Moliya vazirligi 14-sentabr kuni eʼlon qilgan maʼlumotga koʻra, Rossiyaning VTB banki Eron bilan bogʻliq sanksiyalar doirasidagi roʻyxatga kiritilgan.
Amerika tomoni sanksiyalarni VTBning Eronga nisbatan joriy etilgan cheklovlarni chetlab oʻtishga qaratilgan moliyaviy operatsiyalarda qatnashgani bilan izohladi.
AQSH Moliya vazirligi maʼlumotlariga koʻra, VTB Eronda oʻz vakolatxonalarini ochgan, sanksiya ostidagi Eron banklari bilan hisob-kitoblarni amalga oshirgan hamda muzlatilgan Eron aktivlarining milliardlab dollar miqdoridagi qismini koʻchirish bilan bogʻliq operatsiyalarda ishtirok etgan.
Shuningdek, bank Rossiya va Eron oʻrtasidagi savdoni kengaytirish maqsadida milliy valyutalarda hisob-kitob qilish tizimini yoʻlga qoʻygani aytilmoqda. Ushbu mexanizm Eron riali va Rossiya rublida ochilgan korrespondentlik hisobvaraqlari orqali operatsiyalarni amalga oshirish imkonini bergan.
VTB avval ham AQSH sanksiyalariga duch kelgan. 2014-yil iyulida Qrimning Rossiya tomonidan qoʻshib olinishi ortidan bankka nisbatan sektoral sanksiyalar joriy etilgan edi.
2022-yil fevralida Rossiya Ukrainaga qarshi keng koʻlamli urush boshlaganidan keyin Vashington VTBga nisbatan bloklovchi sanksiyalar kiritgan.
Endi esa bank Eron bilan moliyaviy hamkorlik va Tehronga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni chetlab oʻtishga koʻmaklashish bilan bogʻliq asoslar boʻyicha ham AQSH sanksiyalar roʻyxatiga kiritildi.

