AQShda Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar noyabrgacha kechikishi mumkin
AQSH Vakillar palatasida Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar toʻgʻrisidagi qonun loyihasini muhokama qilish kamida noyabrdagi Kongress saylovlarigacha choʻzilishi mumkin. Kongress aʼzolari Rossiya nefti va gazining yirik xaridorlariga 100 foizgacha boj joriy etish AQShda yonilgʻi narxlarining oshishi va isteʼmolchilarga salbiy taʼsir koʻrsatishidan xavotirda.

AQShda Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar noyabrgacha kechikishi mumkin
AQSH Kongressi Vakillar palatasida Rossiyaga qarshi qat’iy sanksiyalarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ko‘rib chiqish kechikishi ehtimoli bor. Bu haqda Bloomberg agentligi 3-sentabr kuni xabar berdi.
Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, hujjat nafaqat demokratlarda, balki ayrim respublikachilarda ham savollar uyg‘otmoqda.
«Biz barchamiz Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlaymiz, ammo formula to‘g‘ri bo‘lishi kerak», degan Jonson.
Qonun loyihasi avval AQSH Senatida tezkor tarzda ma’qullangan edi. Ammo Vakillar palatasida uning ayrim bandlari, xususan, prezident Donald Trampning tariflar joriy etish bo‘yicha vakolatlarini kengaytirish taklifi bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.
Loyiha prezidentga Rossiya nefti va gazini eng ko‘p xarid qiluvchi beshta davlatga nisbatan 100 foizlik boj belgilash imkonini berishni ko‘zda tutadi.
Shuningdek, Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam berayotgan deb topilgan yana beshta davlatga nisbatan ham shunday choralar qo‘llanishi mumkin.
Potensial nishonlar orasida birinchi navbatda Xitoy, Hindiston va Turkiya tilga olinmoqda.
Vakillar palatasining Tashqi ishlar qo‘mitasi raisi, respublikachi Brayan Mast hozir yangi choralar yonilg‘i bozoriga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
Uning fikricha, Hindiston va Rossiya energiya resurslarining boshqa yirik xaridorlari Rossiya xomashyosidan voz kechib, muqobil yetkazib beruvchilarga o‘tsa, jahon bozorida talab qayta taqsimlanishi mumkin. Bu esa AQShda benzin narxining oshishi xavfini yuzaga keltiradi.
Bu masala noyabrdagi Kongress saylovlari arafasida ayniqsa muhim hisoblanmoqda.
Demokratlar qonun loyihasining boshqa jihatini tanqid qilmoqda. Ular hujjat Tramp ma’muriyatiga tariflardan juda keng ko‘lamda foydalanish uchun qo‘shimcha huquqiy asos yaratib berishidan xavotirda.
Vakillar palatasi Tashqi ishlar qo‘mitasi a’zosi Gregori Miksning fikricha, prezidentga hozirda mavjud bo‘lmagan qo‘shimcha vakolatlar berilishi mumkin.

