AQSH kuchlari Meksika bilan chegarada 300 ta dron urib tushirdi

AQSH kuchlari Meksika bilan chegarada 300 ta dronni urib tushirdi
AQSH 4-sentyabr kuni 2026-yil boshidan beri Meksika chegarasida kartellar tomonidan boshqarilgan 300 dan ortiq dronni urib tushirganini ma’lum qildi.
Qo‘shma Shtatlar va unga qo‘shni mamlakatlarga mas’ul bo‘lgan AQSH Shimoliy qo‘mondonligi (USNORTHCOM) bu dronlarni giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘ladi, biroq biror aniq jinoiy guruh nomini oshkor etmadi. Qo‘mondonlik faqat avgust oyining o‘zida 100 ta dron urib tushirilganini bildirdi. Ammo apparatlar chegaraning qaysi tomonida urib tushirilganiga aniqlik kiritilmadi.
AQSH harbiylarining aytishicha, bu qurilmalardan transmilliy jinoiy tashkilotlar foydalangan. Ular dronlar orqali kontrabanda operatsiyalarini amalga oshirgan va huquq-tartibot idoralari hamda harbiy xodimlarni kuzatgan.
Meksika mudofaa vaziri Rikardo Trevilya esa dronlardan asosan migrant kontrabandachilari foydalanganini da’vo qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilmalar chegarada nazorat mavjud bo‘lmagan joylarni aniqlash uchun ishlatilgan.
Shu bilan birga, dronlardan kartellarning raqib guruhlarga yoki hokimiyat organlariga hujum qilishida ham foydalanilgan.
2025-yil oktyabr oyida AQSH bilan chegarada joylashgan Meksikaning Tihuana shahri prokuraturasiga portlovchi modda o‘rnatilgan dron bilan hujum qilingan edi. Hujum oqibatida bino zarar ko‘rgan, ammo jabrlanganlar qayd etilmagan.
AQSH harbiylari 26-avgustga o‘tar kechasi Texasning Rio Grande vodiysida Meksika narkokartellariga tegishli uchta dronni lazer yordamida urib tushirgani haqida xabar berilgandi. Operatsiyada Qo‘shma Shtatlar Quruqlikdagi qo‘shinlarining ko‘p maqsadli yuqori energiyali lazeridan foydalanilgan.

