Dunyo

AQSH Meksika kartellariga tegishli dronlarni lazer bilan urib tushirdi

AQSH harbiylari shu hafta Texasning Rio Grande vodiysida Meksika narkokartellariga tegishli uchta dronni lazer yordamida urib tushirdi. Bu haqda Reuters agentligi Amerika rasmiylarining 27-avgustdagi ma’lumotiga tayanib xabar berdi.

Shimoliy Amerika aerokosmik mudofaa qo‘mondonligi (NORAD) va AQSH Shimoliy qo‘mondonligi (USNORTHCOM) tomonidan berilgan bayonotga ko‘ra, operatsiya 25-avgustdan 26-avgustga o‘tar kechasi amalga oshirilgan. Unda AQSH Quruqlikdagi qo‘shinlarining ko‘p maqsadli yuqori energiyali lazeridan foydalanilgan.

Harbiylar zarbalar berilgan aniq joyni oshkor qilmadi. Shuningdek, operatsiya AQSH yoki Meksika hududi ustida bo‘lganiga aniqlik kiritilmadi. Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum avvalroq o‘z mamlakati hududida AQSHning har qanday bir tomonlama harakati davlat suverenitetining qo‘pol ravishda buzilishi bo‘lishini ta’kidlagan edi.

Harbiylarning qayd etishicha, dronlar AQSH harbiylari hamda Bojxona va chegara muhofazasi xizmati xodimlariga xavf tug‘dirgan.

Janubiy chegara birlashgan tezkor guruhi qo‘mondoni general-mayor Kertis Teylorning so‘zlariga ko‘ra, "Kartellar odamlarni noqonuniy olib o‘tish va bizning xodimlarimiz ortidan poyloqchilik qilish uchun dronlardan tobora ko‘proq foydalanmoqda".

Bu bayonot AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining 2024-yilgi saylovoldi kampaniyasidagi va’dalarini bajarish, ya’ni migratsiya va kartellarga qarshi kurashni kuchaytirishga urinayotgan bir paytda berildi.

Chegara guruhi 2025-yilda tashkil etilganidan beri o‘n minglab aniqlash va kuzatuv patrullarini hamda minglab kuzatuv parvozlarini amalga oshirgan. Harbiylar lazer tizimining ishlab chiqaruvchisini ma’lum qilmadi.

AeroVironment Inc kompaniyasi 2025-yil yozda AQSH Quruqlikdagi qo‘shinlariga o‘zining dastlabki ikkita ko‘p maqsadli yuqori energiyali lazerlarini yetkazib bergandi. AQSH armiyasi ilgari bu kompaniyaning LOCUST tizimidan foydalangan.

2026-yil boshida bu tizimning qo‘llanishi Texasdagi El Paso xalqaro aeroporti yaqinidagi havo hududining yetti soatga yopilishiga sabab bo‘lgandi. Fevral oyida harbiylar lazerli antidron tizimi yordamida tasodifan AQSH hukumatining o‘z dronini urib tushirgan.

AQSH xavfsizlik rasmiylari Meksika kartellari dronlardan foydalanayotganidan xavotir bildirgan. Kartellar asosan tayyor sotiladigan dron modelini sodda tarzda moslashtirib, giyohvandlik vositalari solingan paketlarni tashlash yoki kontrabanda yo‘llarini kuzatishda foydalanadi.

Meksikaning AQSH chegarasidan uzoqroq hududlarida kartellar dronlar yordamida portlovchi moddalar tashlab, odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan hujumlar uyushtirgan. AQSH va Meksika hokimiyati chegara hududida dronlar ko‘payishiga qarshi birgalikda kurashmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.