Dunyo

AQSH harbiylari Strava ilovasi orqali Yaqin Sharqdagi bazalari va harakatlarini oshkor qilib qoʻydi

AQSH harbiylari Strava ilovasi orqali Yaqin Sharqdagi bazalari va harakatlarini oshkor qilib qoʻydi. Sky News xabariga koʻra, 1300 dan ortiq Strava foydalanuvchisi AQSHning Yaqin Sharqdagi harbiy bazalaridan turib oʻz mashgʻulotlarini ulashgan, bu esa Eron tomonidan Amerika kuchlarini nishonga olishda foydalanilgan boʻlishi mumkin.

Strava ilovasi foydalanuvchilarga yugurish, velosiped haydash va suzish vaqtida bosib oʻtilgan aniq yoʻnalishlar hamda vaqtni ulashish imkonini beradi. AQSHning Yaqin Sharqdagi harbiy bazalarida minglab shunday mashgʻulotlar qayd etilgan. Natijada bazadagi kundalik tartib-qoidalar, shaxsiy tarkibning joylashuvi va harbiylarning bazalar oʻrtasidagi harakatlanish tartibini kuzatish imkoni boʻlgan. Ular orasida ommaviy xaritalarda belgilanmagan bazalar ham bor.

Oʻz faolligini Strava’da ulashib borgan foydalanuvchilarning aksariyati buni haqiqiy ismlari bilan amalga oshirgan. Bu esa ularni hujum yoki josuslik uchun potensial nishonga aylantirgan. Pentagon yetti yil avval xodimlariga ilovaning joylashuvni uzatish funksiyalaridan ruxsatsiz foydalanishni taqiqlagandi.

Maxsus operatsiyalar boʻyicha ekspert Jonatan Hekket “xabardorlikning yetishmasligi“ tufayli joylashuv ma’lumotlarini ulashish davom etayotganini aytdi. U Eron “deyarli shubhasiz” Strava kabi ilovalardan AQSH qoʻshinlarining Yaqin Sharqdagi harakatlarini kuzatish uchun foydalanayotganini ta’kidladi. Ayrim holatlarda Strava’da ulashilgan ma’lumotlar Eronning nishon tanlash boʻyicha qarorlariga bevosita ta’sir qilgan boʻlishi mumkin.

1-mart kuni Eron Yaqin Sharqdagi AQSH harbiy bazalariga javob hujumlarini boshladi. Nishonlar orasida Bahraynning Manama shahridagi yirik harbiy-dengiz bazasi ham boʻlgandi. Keyinchalik mazkur baza evakuatsiya qilinib, koʻplab xodimlar shahar atrofidagi turar joylar va mehmonxonalarga koʻchirildi. Manamadagi AQSH harbiy-dengiz kuchlari pudratchisi Strava’da akkaunt yuritgani aniqlandi. Urushdan bir hafta oldin u muntazam ravishda baza boʻylab yugurishlarini ulashgan. Ilovadagi ikki kunlik sukunatdan soʻng u yana Crowne Plaza mehmonxonasi hovlisida yugurgani aniqlangan. Olti kun oʻtib, harbiy-dengiz bazasiga uyushtirilgan hujumlar chogʻida Eron mehmonxonaga ham bomba tashladi. Oqibatda Pentagonning ikki xodimi yaralandi.

Milliy xavfsizlik boʻyicha ekspert Jozef Yarnetski Eron boshqa ma’lumot manbalari qatorida Strava’dan AQSH xodimlarining qayerga koʻchirilayotganini kuzatish va ularni nishonga olish uchun foydalanishi “mutlaqo haqiqatga yaqin” ekanini aytdi. “Bu sakkiz yildan ortiq vaqt davomida juda yaxshi hujjatlashtirilgan razvedka ma’lumotlarini yigʻish vektori boʻlib kelmoqda”, dedi u.

28-fevralda urush boshlanishidan oldin Iordaniyaning Muvaffaq Al Salti havo bazasidagi AQSH xodimlari Strava’da yuzlab yugurishlarini joylashtirgan. Shaxsiy tarkib aprel oyida, oʻt ochishni toʻxtatish davrida oʻz faoliyatini ulashishni davom ettirgan. Ammo ularning kundalik hayot tarzi oʻzgargan. Yugurishlar baza boʻylab bir tekis taqsimlanishining oʻrniga, endilikda ularning 76 foizi aynan bitta joy — bazaning sharqiy qismidagi kazarmalarda boshlangan yoki yakunlangan. 17-iyul kuni Eron oʻsha kazarmalarga hujum qilib, uch askarni oʻldirdi.

Sky News oʻz xulosalarini Pentagonga taqdim etganda, Yaqin Sharq uchun mas’ul boʻlgan CENTCOM harbiy qoʻmondonligi bilan bogʻlanish soʻralgan. Ammo qoʻmondonlik javob bermagan. Biroq Strava’dan foydalanishni davom ettirayotganlar faqat AQSH xodimlari emas. “Biz Eronga hujum qilingan Kiprdagi RAF Akrotiri harbiy aviabazasidan mashgʻulotlarini ulashgan amaldagi britaniyalik askarlarni ham aniqladik. Umuman olganda, yanvar oyidan beri baza hududidan 12 mingta mashgʻulot ulashilganini topdik”, deyiladi xabarda.

Ushbu profillarning ba’zilarini Yaqin Sharq boʻylab joylashtirilganida, shu jumladan ommaviy xaritalarda belgilanmagan ba’zi bazalarda ham kuzatishga muvaffaq boʻlingan. Hatto uchta Strava foydalanuvchisi Isroilning Dimona yadroviy tadqiqot markazi ichida yugurgani ham aniqlangan. Bu mamlakatning eng nozik obyekti va Eronning takroriy hujumlari nishoni hisoblanadi.

Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti harbiy eksperti Virpratap Vikram Singxning aytishicha, Strava ma’lumotlari “shubhasiz xavfsizlikka tahdiddir”. Strava matbuot kotibiga koʻra, kompaniya oʻz foydalanuvchilarining xavfsizligi va maxfiyligiga juda jiddiy yondashadi. “Xizmat shartlarimizda koʻrsatilganidek, biz nozik kasblarda ishlaydigan odamlardan oʻzlari uchun mavjud boʻlgan nazorat vositalaridan foydalanishni va kontentlarini tegishli ravishda cheklashni kutamiz”, deyiladi ilova ishlab chiquvchilari bayonotida.

Avvalroq Rossiya Federal xavfsizlik xizmati xodimlari 2019-yildan 2024-yilgacha muntazam ravishda Qora dengiz sohilidagi Gelenjik saroyi va Kareliyadagi Maryalaxit koʻrfazidagi qarorgoh atrofida yugurish yoʻnalishlarini Stravada belgilab kelgani aniqlangandi. Bu ma’lumotlar yordamida Putinning harakatlanish manzillari ma’lum boʻlgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.