AQSh fuqarolik huquqlari himoyachisi Dolores Uerta 96 yoshida vafot etdi
Uerta 1960 va 1970 yillarda fermer xoʻjaligi xodimlarining huquqlari uchun kurashgan hamda immigratsiya va ovoz berish masalalari boʻyicha ish olib borishni davom ettirgan edi.

AQSh fuqarolik huquqlari himoyachisi Dolores Uerta 96 yoshida vafot etdi, deb xabar berdi uning oilasi.
Uerta 1960 va 1970 yillarda mehnatkashlar yetakchisi Sesar Chaves bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi xodimlarining huquqlari uchun kurashgan va ular birgalikda Birlashgan qishloq xoʻjaligi xodimlari kasaba uyushmasiga (UFW) asos solishgan.
Uerta oʻz jamgʻarmasi orqali immigratsiya va ovoz berish masalalariga eʼtibor qaratib, jamoatchilik faoliyatini davom ettirdi.
«Tasavvur qilishingiz mumkin boʻlganidek, bu biz uchun juda ogʻir vaqt va oilamiz uchun ushbu buyuk yoʻqotishdan qaygʻurayotgan bir paytda shaxsiy hayotimizga daxl qilmasligingizni soʻraymiz», dedi chorshanba kuni oila matbuot kotibi Erik Olvera.
Shu yil boshida Uerta 1993 yilda vafot etgan Chaves uni jinsiy aloqaga «manipulyatsiya qilgani va majburlaganini», shuningdek, 1960 yillarda boshqa bir holatda unga nisbatan zoʻravonlik ishlatganini aytgan edi.
Uning bu izohlari New York Times gazetasida Uerta va yana ikki ayolning ayblovlari joy olgan surishtiruv nashr etilganidan keyin yangradi. Ayollarning taʼkidlashicha, Chaves ishchilar harakatiga jalb qilingan qizlarni jinsiy niyatida oʻziga oʻrgatib olgan va ularga nisbatan jinsiy tegajogʻlik qilgan.
Uertaning aytishicha, Chaves bilan boʻlgan ushbu ikki holat homiladorlikka olib kelgan va u buni sir tutishga qaror qilib, bolalarni boshqa oilalarda tarbiyalanishini uyushtirgan.
Oʻshanda Chavesning oilasi bayonot berib, ushbu xabarlardan «shokda» ekanliklarini bildirgan va ayollarning «haqiqatni aytishga jurʼat etganini» yuqori baholagan edi.

