AQSh Falastin yetakchisining Nyu-Yorkdagi BMT yigʻilishida ishtirok etishiga ketma-ket ikkinchi yil toʻsqinlik qildi
AQSh Davlat departamenti Falastin rasmiylarini tinchlik jarayoni boʻyicha majburiyatlarini bajarmaganlikda ayblab, viza sanktsiyalarini uzaytirdi.

**AQSh Falastin yetakchisini ketma-ket ikkinchi yil Nyu-Yorkdagi BMT yigʻilishiga kiritmadi**
AQSh Falastin prezidenti Mahmud Abbosga kelasi hafta Nyu-Yorkda boʻlib oʻtadigan BMT Bosh Assambleyasida ishtirok etish uchun kirish vizasini berishni rad etdi, deb xabar berdi BBCga ikki Falastin manbasi.
Bu qaror AQShning Falastin rasmiylariga nisbatan viza sanktsiyalarini uzaytirayotgani haqidagi bayonotidan keyin qabul qilindi. Bayonotda Abbosning ismi tilga olinmagan boʻlsa-da, ular tinchlik jarayoni boʻyicha majburiyatlarni bajarmaganlikda ayblangan.
Sanktsiyalar ilk bor oʻtgan yilning avgust oyida joriy etilgan boʻlib, oʻshanda 80 nafar Falastin rasmiysiga Nyu-Yorkdagi BMTning yillik yigʻilishi uchun viza berilmagan edi.
AQSh oʻz bayonotida Falastin milliy maʼmuriyati (FMM) va Falastin ozodlik tashkilotini (FOT) "terrorizmni ulugʻlash" va Isroil-Falastin mojarosini "xalqarolashtirish"ga urinishda aybladi.
Falastin milliy maʼmuriyati (FMM) Oslo tinchlik kelishuvlari asosida tashkil etilgan. Keyinchalik Falastin ozodlik tashkiloti (FOT) xuddi shu jarayon orqali Isroilni tan olish va zoʻravonlikdan voz kechish evaziga Falastin xalqining rasmiy vakili sifatida tan olingan.
Falastin rasmiylari AQShning soʻnggi bayonotiga hali munosabat bildirishmadi.
Biroq, oʻtgan yilgi viza qaroridan soʻng, Abbosning vakili bu qaror "xalqaro huquq va BMT qarorgohi toʻgʻrisidagi bitimga zid" ekanini aytgan edi.
BMT qarorgohi toʻgʻrisidagi bitimga koʻra, AQSh xorijlik diplomatlarning Nyu-Yorkdagi BMT binosiga kirishiga ruxsat berishi shart. Shunga qaramay, Vashington xavfsizlik, ekstremizm va tashqi siyosat sabablariga koʻra viza berishni rad etishi mumkinligini aytadi.
Oʻtgan yilgi Bosh Assambleyada Abbos yetakchilar va davlat rahbarlariga videoaloqa orqali murojaat qilgan edi.
Assambleyaning barcha 193 aʼzosi payshanba kuni unga bu yilgi yigʻilishda ham shunday qilishga ruxsat berilish-berilmasligi boʻyicha ovoz berishi kerak.
Falastin davlati hozirda BMTga aʼzo 193 davlatning qariyb 75 foizi, jumladan, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Kanada va Avstraliya tomonidan tan olingan.
BMT Xavfsizlik Kengashining beshta doimiy aʼzosi orasida AQSh Falastin davlatini tan olmagan yagona davlatdir.
AQShning bu qarori BMTning Gʻazodagi gumanitar vaziyat oʻtgan yilning oktyabr oyida kelishilgan sulhga qaramay ogʻirligicha qolayotgani, Isroilning havo hujumlari va boshqa hujumlari aholi punktlariga zarba berishda davom etib, qurbonlar va vayronagarchiliklarga olib kelayotgani hamda odamlarni uy-joylarini tashlab ketishga majbur qilayotgani haqidagi ogohlantirishlari fonida qabul qilindi.
Seshanba kuni Isroil havo hujumlari oqibatida kamida besh nafar falastinlik, jumladan, ikki bola va Hamas qoʻmondoni halok boʻldi, deb xabar berdi sogʻliqni saqlash rasmiylari va Hamas manbalari.
Isroil harbiylari Gʻazo janubida Hamas qoʻmondonini va shimolda yana bir jangchini oʻldirganini maʼlum qildi. Ikkala hodisada ham bir nafardan bola halok boʻlgani xabar qilingan.
Bundan tashqari, Buyuk Britaniyaning "Falastinliklarga tibbiy yordam" xayriya tashkiloti Gʻazo shimolidagi Jabaliya shahrida oʻzlari qoʻllab-quvvatlaydigan tibbiyot markazida Isroil droni tomonidan bir bemor oʻldirilganini maʼlum qildi. Isroil harbiylari vakili BBCga bunday hodisadan xabardor emasligini aytdi.
Gʻazodagi urush 2023 yil 7 oktyabrda Hamas boshchiligidagi Isroil janubiga qilingan hujum bilan boshlangan boʻlib, oʻshanda 1200 ga yaqin odam halok boʻlgan va 251 kishi garovga olingan edi.
Oʻshandan beri Gʻazoda 73 790 dan ortiq odam halok boʻldi, deb xabar beradi hududdagi Hamas nazoratidagi sogʻliqni saqlash vazirligi. Ushbu maʼlumotlar BMT tomonidan ishonchli deb hisoblanadi.

