Isroil falastinlik mahbuslarni osish uchun dor qurmoqda

Isroil falastinlik mahbuslarni qatl etish uchun dor qurmoqda.
Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir terrorchilikda ayblanib, o‘lim jazosiga hukm qilinadigan falastinliklar qayerda qatl etilishini ko‘rsatdi. Bu haqda The Guardian va Telegraph nashrlari xabar berdi.
Ben-Gvir o‘lim jazosi ijro etiladigan majmuani ko‘zdan kechirdi. Tashrif aks etgan videoda obyekt qayerda joylashgani ochiqlanmagan. Biroq hududda qurilish ishlari ketayotgani ko‘rinadi. Ben-Gvir qurilayotgan poydevorni ko‘rsatib, bu yerda “terrorchilar qatl etilishini” aytdi.
Isroil matbuotiga ko‘ra, majmua qamoqxona yaqinidagi o‘rab olingan hududda qurilmoqda. Vazir mahbuslar dorga osilishini kuzatish uchun ularning oilasiga joy ajratilishini ta’kidladi.
“Men terrorchilarni qamoqxonalarda saqlash sharoitlarini kuchaytirishga va’da bergandim, biz buni amalga oshirdik. Men terrorchilar uchun o‘lim jazosi to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishga va’da bergandim va biz buni amalga oshirdik. Endi esa o‘limga mahkum etiladiganlar kamerasi ham, dorga osish inshooti ham qurila boshlandi”, dedi Ben-Gvir.
Qurilish Isroil parlamenti tomonidan terrorizm uchun o‘lim jazosi to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganidan keyin boshlandi. Qonun “Isroil davlatining mavjudligini inkor etish maqsadi” bilan sodir etilgan jinoyatlarga nisbatan qo‘llaniladi. Shu tariqa u faqat falastinliklarga nisbatan joriy etiladi. Ammo shunga o‘xshash jinoyatlarda ayblangan isroilliklarga esa qo‘llanmaydi.
Ben-Gvir o‘lim jazosini joriy etishning asosiy tarafdorlaridan biri bo‘lgan. May oyida rafiqasi uning 50 yoshlik yubileyiga dor sirtmog‘i tasvirlangan tort sovg‘a qilgandi. Vazirning o‘zi ilgari Isroilda irqchilikni targ‘ib qilish, politsiya faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik va man etilgan “Kax” terrorchi tashkilotini qo‘llab-quvvatlagani uchun sudlangan.
So‘nggi oylarda Ben-Gvirga qarshi Fransiya va Irlandiya sanksiyalar joriy etdi, undan oldinroq esa Buyuk Britaniya cheklovlar kiritgandi. Bir necha kun avval Isroil vaziri G‘azoda “har tunda 30–40 nafar odamni yo‘q qilish”ga chaqirgandi.
“U yerda yashashga loyiq bo‘lmagan odamlar bor. Ular hatto odam ham emas”, deya Ben-Gvir o‘z chaqirig‘ini izohlagandi.
Germaniya va Fransiya uning mazkur bayonotlarini qoralagan. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish esa Isroil vazirining chaqiriqlarini “dahshatli”, “g‘azablantiruvchi”, “insoniylikdan mosuvo” va “xavfli” deb atagan.

