AQSh, Buyuk Britaniya va Shengen vizalariga ega Hindiston fuqarolari uchun mamlakatga kirish soddalashtirildi
2026 yil 1 sentyabrdan boshlab bir qator davlatlarning amaldagi koʻp martalik turistik yoki biznes vizalariga ega boʻlgan Hindiston fuqarolari Oʻzbekistonga 30 kungacha vizasiz kirishlari mumkin boʻladi. Buning uchun oʻz mamlakatiga yoki uchinchi davlatga aviachiptani ham taqdim etish kerak boʻladi.

AQSh, Buyuk Britaniya va Shengen vizalariga ega Hindiston fuqarolari uchun mamlakatga kirish tartibi yengillashtirildi
Prezidentning 29.08.2026 yildagi “Xalqaro tan olingan vizalarga ega boʻlgan хorijiy fuqarolar uchun Oʻzbekiston Respublikasiga kirish tartibini soddalashtirish toʻgʻrisida”gi PF-180-son Farmoni qabul qilindi.
Hujjatda quyidagi maqsadlar belgilangan:
• viza tizimini soddalashtirish orqali toʻgʻridan-toʻgʻri хorijiy investitsiyalar va sayyohlar oqimini oshirish;
• bu yoʻnalishda ilgʻor хorijiy davlatlar tajribasidan foydalanish va oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish.
Farmonga muvofiq, 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab Avstraliya, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi, Kanada, Koreya Respublikasi, Shengen bitimiga a’zo davlatlar, Yangi Zelandiya va Yaponiyaning biznes hamda sayyohlik toifalaridagi amaldagi koʻp martalik kirish vizalariga ega boʻlgan Hindiston Respublikasi fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etiladi.
Shuningdek, ushbu хorijiy vizalardan birining amal qilish muddati davomida Oʻzbekiston hududiga kirgan kundan boshlab 30 kungacha boʻlgan muddatga o‘z mamlakatiga yoki uchinchi davlatga uchish uchun aviachiptani taqdim etish talab etiladi.
2027 yil 1 iyulga qadar ushbu qarorning hindistonlik sayyohlar oqimiga ta’siri natijalaridan kelib chiqib, mazkur amaliyotni boshqa хorijiy davlatlar fuqarolariga nisbatan ham qoʻllash bo‘yicha taklif ishlab chiqiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 03.09.2026 yildan kuchga kirdi.

