AQSH bilan urushda “oʻyin qoidalari” oʻzgardi – Gʻolibof
Eron parlamenti spikerining soʻzlariga koʻra, AQSH “hujumlarga simmetrik javob qaytarish davri” tugaganini tushunishi lozim.

AQSH bilan urushda “oʻyin qoidalari” oʻzgardi – Gʻolibof
AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushida “oʻyin qoidalari” oʻzgargan. Endilikda Eron manfaatlari va xavfsizligiga qarshi har qanday hujum Eron Islom Respublikasi tomonidan “yanada tezkor, qattiq va ogʻriqli javob” bilan qaytarilishi mumkin. Bu haqda Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir Gʻolibof maʼlum qildi.
Uning aytishicha, AQSH “hujumlarga simmetrik javob qaytarish davri” yakunlanganini anglab yetishi kerak. Gʻolibofning soʻzlariga koʻra, Eronning Yaqin Sharqdagi AQSH harbiy bazalariga bergan soʻnggi zarbalari “faqat boshlanishi” edi.
Shu bilan birga, u Erondagi murakkab iqtisodiy vaziyatga ham eʼtibor qaratdi. Uning taʼkidlashicha, mamlakat aholisi valyuta kursining beqarorligi, inflyatsiya va ishsizlik sababli jiddiy bosim ostida qolmoqda. Gʻolibof “ichki birdamlik” va “tashqi tiyib turish” AQSHga qarshi kurashdagi “eng muhim vosita” ekanini qayd etdi.
5-sentabr kuni AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qoʻmondonligi (CENTCOM) rahbari admiral Bred Kuper AQSH Eronga qarshi urushda oʻz taktikasini oʻzgartirayotganini bildirdi.
“Agar sizlar bizning ikki kemamizga oʻq uzsangiz, biz uchta kemangizni “oʻchirib”, sizlarni yanada yuqori iqtisodiy badal toʻlashga majbur qilamiz”, - dedi u.
Kuperning aytishicha, zarurat tugʻilganda AQSH Qurolli kuchlari Eronning himoyalanmagan neft tankerlarini yoʻq qilishga tayyor.
5-sentabr kuni AQSH Qurolli kuchlari Xark oroli sohili yaqinida Eronning neft tankerlaridan biriga raketa zarbasi berib, uni ishdan chiqardi. Bundan oldin esa Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi Amerikaning ikki harbiy kemasiga raketa hujumi uyushtirgan edi. Biroq hujum natijasida kemalarga zarar yetmagan.
Nashr manbalari tanishgan hisobotga koʻra, AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganiga yarim yil oʻtgan boʻlsa-da, mamlakat oʻz harbiy imkoniyatlariga ishonchini saqlab qolgan va nizoni davom ettirishga tayyorgarlik koʻrmoqda.

