AQŞda saylovlar boşlandi: Tramp «Mister Veto»ga aylanadimi?
Benzin qimmatlaşgan, Eron bilan uruş tugamagan, amerikaliklar orasida prezident Donald Trampni qöllab-quvvatlaş eng quyi darajaga yaqinlaşgan. Şunday şaroitda AQŞda oraliq saylovlar bölib ötmoqda.

AQShda saylovlar boshlandi: Tramp «Mister Veto»ga aylanadimi?
AQShda bugun, 3-noyabr kuni oraliq saylovlar o‘tkazilmoqda. Ular prezidentlik muddatining o‘rtasida o‘tkaziladi va ko‘pincha hokimiyat ishiga baho sifatida qaraladi.
Saylovda Vakillar palatasining barcha 435 o‘rni, Senatning 100 o‘rindan 35 tasi va 36 ta shtat gubernatori saylanadi.
Hozir Kongressning ikkala palatasini ham respublikachilar nazorat qilmoqda. Vakillar palatasida ularning 218 ta, demokratlarning 214 ta o‘rni bor, bitta deputat mustaqil, ikki o‘rin esa bo‘sh. Senatda nisbat 53 ga 47 — respublikachilar oldinda, demokratlar tarafida ikki mustaqil senator ham bor.
Ko‘pchilikka ega bo‘lish uchun demokratlarga Vakillar palatasida 218 ta, Senatda esa 51 ta o‘rin kerak.
Senatda ovozlar 50 ga 50 bo‘lib qolsa, hal qiluvchi ovozni respublikachi vitse-prezident J.D. Vens beradi.
Ammo tarix respublikachilar foydasiga emas. Reuters’ning yozishicha, Ikkinchi jahon urushidan beri o‘tgan oraliq saylovlarning ikkitasidan bo‘shqasida prezident partiyasi Kongressda o‘z mavqeini yo‘qotgan. Dastlabki natijalar Toshkent vaqti bilan 4-noyabr tongidan kela boshlaydi.
So‘rovnomalar va mustaqil tahlilchilar Vakillar palatasida demokratlarni favorit deb hisoblaydi, Senat uchun kurash esa ochiq.
Reuters/Ipsos’ning 2-noyabrda yakunlangan so‘rovida ishtirokchilarning 46 foizi Kongressni demokratlar, 38 foizi respublikachilar boshqarishini istagan. Bir hafta avval bu farq 11 punkt edi.
Saylovchilarni eng ko‘p qiynayotgan masala — qimmatchilik.
So‘rov ishtirokchilarining 78 foizi uchun yashash narxining qimmatlashuvi ovoz berishda juda muhim yoki eng muhim masala.

