AQSHda ayollar Trampdan yuz o‘girmoqda
Qo‘shma Shtatlar prezidentining reytingi ayol saylovchilar orasida keskin pasayib ketdi. 2024-yilgi saylovda uni qoʻllab-quvvatlagan har toʻrtinchi amerikalik ayol hozirda uning siyosatidan norozi boʻlmoqda.

**AQSHda ayollar Trampdan yuz o‘girmoqda**
AQSH prezidenti 2024-yilgi prezidentlik saylovlarida ayol saylovchilarning ovozlari hisobiga gʻalaba qozongan edi. Ammo 2026-yil 3-noyabrda Kongressga boʻladigan saylovlar arafasida vaziyat keskin oʻzgardi. 2024-yilda Trampga ovoz bergan har toʻrtinchi amerikalik ayol hozir uning siyosatidan norozi.
Respublikachilar partiyasining sobiq kommunikatsiyalar direktori Tara Setmayerning aytishicha, bu saylovlarda Demokratlarga eng koʻp ayollar ovoz berishi mumkin.
Reuters/Ipsos soʻrovi natijalari shuni koʻrsatadiki, Demokratlar ayol saylovchilar orasida Respublikachilarni 18 foizga ortda qoldirmoqda. Taqqoslash uchun, 2024-yilgi prezidentlik saylovida bu tafovut atigi 8 foiz edi.
Bunday katta farq oxirgi bor 2018-yilda, Trampning birinchi prezidentlik davrida kuzatilgan edi. Oʻshanda Demokratlar oraliq saylovlarda Vakillar palatasi ustidan nazoratni qaytarib olgan. Bu gal esa oqibatlar prezident uchun yanada ogʻirroq boʻlishi mumkin. Hozir nafaqat Vakillar palatasi, balki Kongressning ikkinchi palatasi — Senat ustidan nazorat ham xavf ostida turibdi.
Bellwether Research tadqiqot institutiga koʻra, amerikalik ayollarning deyarli uchdan ikki qismi Tramp joriy etgan bojlar va tariflarga qarshi. Shuningdek, Oq uyning sharqiy qismida rejalashtirilgan ulkan ballar zalining qurilishi ham norozilik uygʻotmoqda. Ayol saylovchilarning 68 foizi bu loyihaga salbiy munosabat bildirgan.
Trampni qoʻllab-quvvatlash hatto Respublikachilarning an’anaviy tarafdorlari orasida ham pasaymoqda. Ma’lumotlarga koʻra, oq tanli ayollarning 47 foizi hozirda Respublikachilardan koʻra demokratlarni afzal koʻrmoqda.
Shu bilan birga, sotsiologlar bu ma’lumotlar biroz noaniq boʻlishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda. Chunki avval ham soʻrovnomalarda jiddiy xatolar kuzatilgan.
Ikki yil avval NBC nashrining saylov oldidan oʻtkazgan soʻnggi soʻrovida Tramp ayollar orasida Demokratlar partiyasi nomzodi Kamala Harrisdan 16 foizga ortda qolayotgani aytilgan edi. Biroq saylov kuni amaldagi farq atigi 8 foizni tashkil etgan. Sotsiolog Frenk Lunts (Luntz Global instituti) oʻtkazilayotgan soʻrovlar jamoatchilik fikriga shubha bilan qaraydigan Tramp tarafdorlarini toʻliq qamrab ololmasligi mumkinligidan xavotir bildirdi.

