Apple aqlli uyni boshqarish uchun oʻzining ilk xabini taqdim etdi
Qurilma 7 dyuymli sensorli ekran, FaceTime orqali videoqoʻngʻiroqlar uchun kamera hamda Apple Intelligence bazasidagi yangilangan Siri AI bilan jihozlangan.

Apple aqlli uyni boshqarish uchun oʻzining ilk xabini taqdim etdi
Apple 2021-yildan buyon turli mish-mishlarga sabab boʻlib kelgan aqlli uyni boshqarishga moʻljallangan ilk HomeView brend xabini taqdim etdi.
Bu 7 dyuymli sensorli ekran, A18 protsessori va FaceTime videoqoʻngʻiroqlari uchun kamera bilan jihozlangan qurilma.
Uning negizini yangilangan Siri AI ovozli yordamchisi hamda xonadondagi har bir foydalanuvchiga moslashtirilgan interfeysni ishga tushiruvchi yuzni tanish funksiyasi tashkil etadi. Shaxs aniqlangach, HomeView shaxsiy xabarlar, taqvimlar, eslatmalar va uyning individual sozlamalarini aks ettiradi.
Qurilmaning asosiy vazifasi — uydagi barcha jihozlar uchun boshqaruv markazi boʻlish. Shu maqsadda kompaniya LG va Schneider Electric bilan hamkorlikda bir qator aksessuarlarni chiqardi: videokuzatuv kameralari, termostatlar, aqlli qulf. Bundan tashqari, HomeView orqali FaceTime’da muloqot qilish va AirPlay qoʻllab-quvvatlaydigan dinamiklarda musiqa qoʻyish mumkin.
Qurilmani stol ustiga qoʻyish yoki devorga mahkamlash mumkin. HomeView oʻz akkumulyatoriga ega emas, shuning uchun ishlashi uchun uni elektr tarmogʻiga ulash kerak. Korpusining pastki qismida tovushni real vaqt rejimida optimallashtiruvchi ikkita maxsus toʻliq chastotali drayver joylashgan.
HomeView uchun oldindan buyurtmalar boshlangan, rasmiy savdolar esa 13-noyabrdan boshlanadi. AQSH hududida narxi 299 dollarni (taxminan 3,5 mln soʻm) tashkil etadi. Siri AI hozircha iOS tizimida mavjud boʻlmagani sababli, yangi mahsulot Yevropada vaqtincha sotilmaydi.
Shu bilan birga, Apple bugun A19 bazasidagi yangi Apple TV 4K pristavkasi, HomePod mini 2 dinamigi hamda Apple Home Collection aksessuarlarini ham namoyish etdi. Ularning barchasi yangilangan Siri AI ovozli yordamchisini qoʻllab-quvvatlaydi.

