Angliyada 350 kishilik qishloq mustaqillik “talab qildi”

**Angliyadagi 350 kishilik qishloq mustaqillikni “talab qildi”**
Angliyada taxminan 350 nafar aholi yashaydigan Piddington qishlog‘i aholisi ramziy “mustaqillik referendumi”da ajralib chiqishni qo‘llab-quvvatladi. Bunga qishloq yaqinida 1200 nafardan ortiq migrantni joylashtirish rejasi sabab bo‘ldi.
Qishloq kengashi 16-sentyabr kuni ma’lum qilishicha, sanalgan 312 ta byuletenning 285 tasida aholi ajralib chiqish uchun ovoz bergan. Sobiq harbiy obyektda boshpana so‘rovchilarni joylashtirishga qarshi o‘tkazilgan bu ovoz berish yuridik kuchga ega emas.
Aholiga “Men Piddingtonning Buyuk Britaniyadan ajralib chiqishi va o‘z taqdirini o‘zi belgilashini qo‘llab-quvvatlayman” degan byulettenlar tarqatildi. Oksfordshir grafligi kengashi rahbari Tim Birder BBC kanaliga bergan intervyusida bu natija aholining xavotirlarini aniq ko‘rsatib berganini aytdi. U hukumatni mahalliy aholi bilan maslahatlashmasdan reja tuzganlikda aybladi.
Madaniyat vaziri Liza Nandi esa Sky News telekanaliga bergan intervyusida hukumatga oldingi boshqaruvdan katta miqdordagi ko‘rib chiqilmagan arizalar meros qolganini bildirdi. U barcha mas’uliyat faqat kambag‘al jamoalar zimmasiga tushmasligi kerakligini qo‘shimcha qildi.
Bugungi kunda butun Britaniya bo‘ylab boshpana so‘rovchilarni mehmonxonalar va boshqa obyektlarga joylashtirishga qarshi doimiy norozilik namoyishlari o‘tkazilmoqda.
“Biz haqiqatda britancha ish qilyapmiz, ya’ni ovoz berayapmiz. Chunki bu juda muhim mavzu. Bu holat faqat bizning hududda emas, butun Buyuk Britaniyada sodir bo‘lyapti”, dedi mahalliy kengash raisi Tim Maknalli.
Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, rejalashtirilgan markaz kamida 10 yil davomida bo‘ydoq erkak migrantlarni joylashtirish uchun foydalaniladi. Baza xodimlari va mahalliy aholining xavfsizligi eng muhim masala bo‘lishi ta’kidlangan.
Leyboristlar partiyasi mehmonxonalardan migrantlar uchun foydalanishni bosqichma-bosqich bekor qilmoqda. Ular joriy parlament muddati tugagunga qadar, ya’ni 2029-yilgacha mehmonxonalardan foydalanishni to‘xtatib, ularning o‘rniga sobiq harbiy bazalardan foydalanishga va’da bergan.

