Andijonga Belgiyadan samolyotda 150 bosh naslli qoramol olib kelindi

Andijonga Belgiyadan samolyot orqali 150 bosh naslli qoramol olib kelindi
Belgiyaning Lyej shahridan Andijonga samolyotda 150 bosh naslli qoramol yetkazildi. Bu haqda Uzbekistan Airports ma’lum qildi.
Challenge Air Cargo aviakompaniyasiga tegishli Boeing 777-300 yuk samolyoti 21-sentyabr kuni soat 06:05 da Andijon xalqaro aeroportiga qo‘ndi.
Samolyotda jami og‘irligi 82,5 tonna bo‘lgan 150 bosh naslli qoramol bor edi. Aeroportda hayvonlarni tushirish, veterinariya nazoratidan o‘tkazish va maxsus transportga yuklash ishlari bajarildi.
4-avgust kuni aeroportga Boeing 747-400F samolyoti ham qo‘ngan edi. O‘shanda Lyejdan jami og‘irligi 83,3 tonna bo‘lgan 160 bosh naslli qoramol olib kelingan.
Mahalliy tadbirkorlar yil oxirigacha O‘zbekistonga qariyb 1 ming bosh naslli qoramol olib kelishni rejalashtirmoqda. Keyingi yuk reyslarini Air Atlanta va Challenge Air Cargo aviakompaniyalari amalga oshirishi kutilmoqda.
Andijon aeroportining aerodrom majmuasini rekonstruksiya qilish ishlari 2025-yil mart oyida yakunlangan. Loyiha doirasida uchish-qo‘nish yo‘lagi, burilish yo‘laklari, perron va samolyot turargohlari to‘liq yangilangan.

