Andijon viloyatida havo ifloslanishi sababli korxona faoliyati vaqtincha toʻxtatildi

Andijon viloyatida havo ifloslanishi sababli korxona faoliyati vaqtincha toʻxtatildi
Andijon viloyati Baliqchi tumanida aholining havo ifloslanishidan shikoyat qilgan murojaatlaridan soʻng toshni qayta ishlash korxonasi faoliyati 10 kunga toʻxtatildi. Tekshiruv chiqindilarning yoʻl qoʻyiladigan meʼyorlardan oshib ketganini, tozalash inshootlari va ekologik xulosa yoʻqligini, shuningdek, chiqindilarni saqlashda qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻyilganini koʻrsatdi.
Tekshiruv Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, Andijon viloyati Ekologiya boshqarmasi va Ekopolitsiya mutaxassislari tomonidan oʻtkazildi.
Tekshiruvchilar aniqlashicha, korxonada havoni muhofaza qilish chora-tadbirlari ishlab chiqilmagan. Bundan tashqari, toshni qayta ishlash jarayonida hosil boʻladigan chang-gaz chiqindilarini tozalash qurilmalari mavjud boʻlmagan.
Laboratoriya tadqiqotlari chiqindilar tarkibidagi zararli moddalar miqdori belgilangan meʼyorlardan yuqori ekanligini tasdiqladi.
Shuningdek, ishlab chiqarish chiqindilarini joylashtirishda ham qoidabuzarliklar aniqlandi. Bundan tashqari, korxona davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasisiz faoliyat yuritgan.
Yakunda korxona faoliyati 10 kunga toʻxtatildi. Rahbariyatga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish, chiqindilarni toʻgʻri saqlash va olib chiqib ketishni taʼminlash, shuningdek, zarur ekologik xulosani olish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Bundan tashqari, korxona zimmasiga atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya toʻlash majburiyati yuklandi.
Avvalroq Toshkentda ekologik talablarni buzgan metallurgiya korxonalari faoliyati toʻxtatilgan edi.

