Andijon — Samarqand yo‘nalishida tezyurar elektropoyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi mumkin
Yangi yo‘nalish 2027 yil yakuniga qadar tashkil etilishi mumkin. U Farg‘ona vodiysi, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax

Andijon — Samarqand yo‘nalishida tezyurar elektropoyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi mumkin
O‘zbekistonda «Toshkent — Andijon» yo‘nalishida harakatlanayotgan tezyurar elektropoyezdlar qatnovini Samarqandgacha cho‘zish orqali «Andijon — Samarqand» yo‘nalishida qatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu prezident qarori loyihasida ko‘zda tutilgan.
Loyihaga muvofiq, yangi yo‘nalish 2027 yil yakuniga qadar tashkil etilishi belgilangan. U Farg‘ona vodiysi, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlari o‘rtasidagi transport aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, 2028 yil yakuniga qadar Farg‘ona vodiysidagi Qo‘qon — Pop — Namangan — Andijon — Marg‘ilon — Qo‘qon halqa yo‘nalishi bo‘yicha kunlik elektropoyezdlar qatnovini ikki barobarga oshirish hamda Pop temir yo‘l stansiyasidan Namangan avtovokzaligacha muntazam mikroavtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Shuningdek, 2030 yilgacha temir yo‘l, havo va avtomobil transportida mahalliy yo‘lovchi tashuvlarini o‘zaro uyg‘unlashtirish rejalashtirilmoqda.
Jumladan, 2027 yil iyul oyidan Toshkent aglomeratsiyasida temir yo‘l vokzallari, xalqaro aeroport va markaziy avtovokzalni bog‘lovchi yagona transport bog‘lamasi yaratiladi. Chirchiq, Yangiyo‘l, Angren va Olmaliqdan qatnovchi shahar atrofi elektropoyezdlari soni 1,5 barobarga oshirilib, metro bekatlariga bevosita transfer tashkil etiladi.

