Amerikalik erkak kinoteatrda film tomosha qilish bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi
Soliq xizmatining sobiq xodimi butun umr musiqa va kinoga qiziqqan. U kuniga o‘rtacha 3,3 tadan film ko‘rgan.

Amerikalik erkak kinoteatrda film tomosha qilish bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatdi
Pensilvaniyalik nafaqaxo‘r kichik Glenvud Hoskin kinoteatrda bir yil ichida tomosha qilgan filmlar soni bo‘yicha jahon rekordini yangilab, Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi. 12 oy davomida u 1207 ta kinoseansga bordi.
Butun umr musiqa va kinoga qiziqqan Hoskin filmlarni 2024-yil aprelidan 2025-yil apreligacha York Heyven shahridagi kinoteatrda tomosha qilgan. Ertalabdan yarim tungacha imkon qadar ko‘proq kino ko‘rish uchun u har kunlik jadvalni oldindan sinchiklab o‘rganib chiqqan.
“Menga uydan tashqariga chiqish juda yoqardi, bundan tashqari, har doim o‘z kuchimni sinab ko‘rishni va maqsadlar qo‘yishni yaxshi ko‘raman. Shuningdek, juda tartibli insonman, shu bois tayyorgarlik va rejalashtirish jarayoni menga zavq bag‘ishladi”, deydi rekordchi.
Soliq xizmatining sobiq xodimi hozir 60 yoshda. U bir yil ichida 777 ta film ko‘rgan boshqa bir amerikalik — Zakariya Svoupning rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi. Buning uchun Hoskin deyarli cheklanmagan miqdorda kino ko‘rish imkonini beruvchi oyiga 28 dollarlik abonement sotib oldi.
Erkakning aytishicha, u ovqatni uyda tayyorlab, seanslar orasida yegan. Shuningdek, u kinoteatr atrofidagi hududda sayr qilgan va jismoniy mashqlar bilan shug‘ullangan. U bilan yaqin do‘st bo‘lib qolgan kinoteatr xodimlari va rahbariyati filmlarning davomiyligini aniqlashda unga yordam berishgan.
“Ba’zi filmlar kutilmaganda menga ma’qul keldi. Masalan, “Yovvoyi robot” men kutganimdan ancha yaxshi chiqdi. Yana Dedpul va Rosomaxa ham menga yoqdi”, deydi Hoskin. Biroq unga hammadan ko‘p multfilmlar va komediyalarni tomosha qilish manzur bo‘lgan.

