«American Idol» shousining sobiq ishtirokchisi va pastor xotinini oʻldirishda aybdor deb topildi
Kaleb Flinn fevral oyida Ogayodagi uyida rafiqasi Eshlini otib oʻldirgan, shundan soʻng 911 xizmatiga qoʻngʻiroq qilib, uni oʻgʻrilar oʻldirganini aytgan.

American Idol shousining sobiq ishtirokchisi va pastor xotinini oʻldirishda aybdor deb topildi
Bir vaqtlar American Idol tele-isteʼdodlar shousida qatnashgan Ogayo shtatidagi sobiq musiqa pastori xotinini oʻldirganlikda aybdor deb topildi.
40 yoshli Kaleb Flinn shu yilning 16 fevralida Ogayodagi uylarida uxlab yotgan rafiqasi Eshli Flinnning bosh orqa qismiga ikki marta oʻq uzgan, soʻngra uni oʻgʻrilar oʻldirganini aytishga uringan.
Hakamlar hayʼatiga qaror qabul qilish uchun uch soatdan kamroq vaqt kerak boʻldi.
Flinn, shuningdek, oʻziga qoʻyilgan boshqa sakkizta ayblov, jumladan, ogʻirlashtiruvchi holatlarda qotillik va dalillarni soxtalashtirish boʻyicha ham aybdor deb topildi. Endi u shartli ozod qilish huquqisiz umrbod qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin.
Seshanba kuni Flinn ustidan olib borilayotgan sud jarayonida yakuniy nutqlar yakunlandi va sakkiz kunlik guvohliklar berish jarayoniga chek qoʻyildi. Ushbu jarayonda sud zalida prokurorlarning taʼkidlashicha, u oʻzi don olishib yurgan ayolga bagʻishlab yozgan qoʻshiq ham qoʻyib eshittirildi.
Sud davomida prokurorlar politsiyaning bodi-kamera tasvirlari, shuningdek, qotillik sodir etilgan vaqt atrofida Flinnning iPhone va Apple Watch qurilmalaridagi faollikni oʻz ichiga olgan dalillarni taqdim etdilar.
Ular, shuningdek, oʻnlab guvohlarni, jumladan, uning sobiq maʼshuqasi, cherkovda amaliyot oʻtab yurgan vaqtida tanishgan Alleyga Botnerni ham chaqirishdi.
Ularning 100 000 ta matnli xabarlaridan ayrimlari sud zalida ovoz chiqarib oʻqib eshittirildi. Himoya tomoni hech qanday guvoh chaqirmadi.
«Kecha tunda soat 4 gacha yigʻlab chiqdim, toʻgʻrisi, uni qanday oʻldirishni va qamoqqa tushmaslik yoʻllarini oʻyladim», deb yozgan Flinn 2025 yil avgust oyida 24 yoshli Botnerga yoʻllagan xabarida.
Boshqa bir xabarda u: «Men shunchaki uning oʻlishini va yoʻqolishini xohlayman», deb yozgan.
Seshanba kungi yakuniy nutqlar chogʻida Mayami okrugi prokurori Pol Uotkins asosiy eʼtiborni Flinnning matnli xabarlariga qaratdi va ular Flinnning xotiniga boʻlgan «nafratini» koʻrsatishini aytdi.
Sud zalida Flinnning vaqti-vaqti bilan hissiyotga berilib, burnini tortib, koʻz yoshlarini artayotgani kuzatildi.
Uotkinsning aytishicha, 16 fevral kuni erta tongda politsiya Tipp Sitidagi oilaning uyiga yetib kelganida, Flinn zobitlarga oʻq ovozini eshitgan paytda qizlarining yotoqxonasida yotganini aytgan.
Flinn garajning yon eshigi ochiq ekanligini payqaganidan soʻng, yotoqxonada 37 yoshli xotinining jasadini topganini aytgan.
Uotkinsning soʻzlariga koʻra, Flinn keyinroq tergovchilarga garajga bormaganini aytgan va bu uning avvalgi koʻrsatmasiga zid kelgan.
Flinnning himoyachisi Patrik Malligan esa sudda hech qanday aniq dalil yoʻqligini aytib: «Bir nechta ahamiyatsiz detallarni bir-biriga bogʻlash ishning yechimi emas», dedi.
Malliganning taʼkidlashicha, masala Flinnning yaxshi er boʻlgan-boʻlmaganida emas va vafosizlik dalili qotillik dalili boʻla olmaydi.
«Ular qurolni topa olishmayapti, shuning uchun bunda uni ayblashyaptimi?» deb soʻradi Malligan Flinnga qoʻyilgan dalillarni soxtalashtirish aybloviga ishora qilib.
Flinnning yuk mashinasi konsolida saqlangan quroli tergovchilar voqea joyiga yetib kelib, yuk mashinasining markaziy konsoli ochiq ekanligini aniqlaganidan beri bedarak yoʻqolgan.
Sud jarayonining avvalroq qismida Botner Flinn bilan deyarli 18 oylik munosabatlari haqida ikki kun davomida koʻrsatma berdi.
Ularning baʼzi yozishmalarini oʻqib berish bilan birga, u sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan qoʻshiq matnini ham satrlab tushuntirib berdi.
Hakamlar hayʼatining qoʻshiqqa boʻlgan munosabati, jumladan, kulgandek tuyulgan lahzalari aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.
Prokurorlar, shuningdek, Ogayo jinoiy qidiruv byurosining maxsus agenti Jozef Vilgelmni guvoh sifatida chaqirishdi.
Uning aytishicha, xotinining oʻlimidan oldin Flinnning telefonidan bir nechta ilovalar, jumladan Instagram va sunʼiy intellekt yordamida musiqa yaratuvchi ilova oʻchirib tashlangan.
Musiqa yaratuvchi ilova, Vilgelmning soʻzlariga koʻra, «uning Alleyga Botner bilan munosabatlariga tegishli» boʻlgan.

