Alp togʻlarida milliarderlar uchun 100 metrlik yerosti bunkerlari quriladi
Shveysariya Alp togʻlarida milliarderlarning mulklarini saqlash uchun yerosti omborlari qurilmoqda. Xonalarga oltin, naqd pul, sanʼat asarlari va avtomobillar joylashtirilishi rejalashtirilgan.

Alp togʻlarida milliarderlar uchun 100 metrlik yerosti bunkerlari qurilmoqda. Bu haqda Bild nashri xabar berdi.
Shveysariyaning markaziy qismida joylashgan Bryunig massivida 100 metrdan chuqurroqda barpo etilayotgan ushbu inshoot loyiha mualliflari tomonidan "deyarli har qanday ehtimoliy tahdiddan" – har qanday hujum yoki falokatdan himoyalanishni taʼminlashga qaratilgan. Shu maqsadda omborlar togʻ massivining ichkarisida joylashtiriladi.
Loyiha ortida tadbirkor Tomas Gasserga tegishli Shveysariyaning Brünig Mega Safe kompaniyasi turibdi. Qurilish ishlari 2026-yilning yanvar oyida boshlangan boʻlib, kompaniya vakilining soʻzlariga koʻra, yuqori xavfsizlik hududidagi dastlabki ishlar allaqachon yakunlangan. Keyingi bosqichda esa omborxonalarga kirishni taʼminlaydigan portal quriladi.
Gasser Shveysariyaning RTS telekanaliga bergan intervyusida: "Xavfsizlik darajasi Shveysariya Milliy banki omborlarida qoʻllaniladigan darajaga mos boʻlishi kerak", – degan edi.
Dastlabki omborlarni 2028-yilda bitkazish kutilmoqda. Togʻ massivida jami 25 tagacha xona yaratish rejalashtirilgan. Ulardan biridan 99 yil muddatga foydalanish huquqi qiymati 1 million yevroga yetishi mumkin. Bu omborlar mulkini uzoq muddat saqlashga ehtiyoj sezadigan milliarderlar uchun moʻljallangan.
Yerosti majmuasiga kirish bir necha bosqichli nazorat orqali amalga oshiriladi. Gasserning soʻzlariga koʻra, odam avval shlyuzdan oʻtishi kerak boʻladi, shuningdek, qoʻshimcha tekshiruvlar ham koʻzda tutilgan. Kompaniyaning bildirishicha, omborlarda deyarli har qanday qimmatbaho buyumlarni saqlash mumkin boʻladi. Cheklovlar faqat giyohvand moddalar va portlovchi moddalarga taalluqli.

