«Aksiya gʻolibi boʻldingiz»: Toshkentda 110 nafardan ortiq fuqaro aldangani aniqlandi
Toshkentning Shayxontohur tumanida sovgʻa vaʼda qilib, fuqarolarning kredit va mikroqarz limitlaridan mablagʻ oʻtkazishga erishgan guruh faoliyati aniqlandi. Toshkent viloyati IIBB maʼlumotiga koʻra, 110 nafardan ortiq fuqaroning 300 million soʻmdan ziyod mablagʻi oʻzlashtirilgan.

«Aksiya gʻolibi boʻldingiz»: Toshkentda 110 nafardan ortiq fuqaro aldangani maʼlum qilindi
Toshkent viloyati IIBBning Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari oʻtkazgan tezkor-qidiruv tadbirida koʻp qavatli uyning toʻrtinchi qavatida joylashgan noqonuniy qoʻngʻiroqlar markazi aniqlanib, fosh etildi. Idora bu markazni «kiberbunker» deb atagan.
IIBB maʼlumotiga koʻra, Fargʻona viloyatida yashovchi, 2005-yilda tugʻilgan D.X. va uning sheriklari fuqarolarga qoʻngʻiroq qilib, ularni goʻyoki aksiya gʻolibi boʻlganiga ishontirgan.
Keyin ular «sovgʻa uchun toʻlov» fuqaroga ajratilgan kredit yoki mikroqarz limiti hisobidan vaqtincha yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlariga oʻtkazilishi lozimligini aytgan. Buning evaziga aksiyada yutilgan maishiy texnika keyinroq yetkazib berilishini vaʼda qilishgan.
Guruh aʼzolari savdo platformasida oʻzlarini mahsulot yetkazib beruvchi sifatida ham roʻyxatdan oʻtkazgan. Mahsulotini talab qilgan yoki shikoyat qilishini bildirgan ayrim xaridorlarga juda arzon, sifatsiz yoxud buyurtmaga mos kelmaydigan tovarlar yuborilgan.
IIBBga koʻra, shu tariqa fuqarolarning eʼtibori chalgʻitilib, ularga ajratilgan kredit yoki mikroqarz limitlari toʻliq oʻzlashtirilgan. Mablagʻlar oʻtkazilgach esa koʻp hollarda jabrlanuvchilar bilan aloqa uzilgan.
Tekshiruvlarda noqonuniy markazda besh nafar operator ishlagani aniqlandi. Ular ijtimoiy tarmoqlardagi soxta onlayn doʻkonlar nomidan yuzlab fuqarolarga qoʻngʻiroq qilgan.
Tezkor tadbir davomida 10 ta kompyuter jamlanmasi, sakkizta mobil telefon, fuqarolarning shaxsga doir maʼlumotlari va Uzum Nasiya orqali ajratilgan limitlar jadvallaridan iborat 150 varaq hujjat hamda ikkita daftar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda guruh aʼzolarining boshqa hududlardagi shunday holatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda. Yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash va uni qoplash yuzasidan dastlabki tergov hamda tezkor-surishtiruv harakatlari davom etmoqda.

