Akshay Kumar 59 yoshda: 24 kishilik oilada ulg‘aygan, Tailandda ofitsiant bo‘lgan yigit qanday qilib Bollivud afsonasiga aylandi?

Akshay Kumar 59 yoshda: 24 kishilik oilada ulg‘aygan, Tailandda ofitsiant bo‘lgan yigit qanday qilib Bollivud afsonasiga aylandi?
9-sentyabr kuni Bollivudning eng mashhur aktyorlaridan biri Akshay Kumar tug‘ilgan kunini nishonlaydi. O‘ttiz yildan oshiq vaqt davomida kino sanoatida faol bo‘lgan aktyor yuzlab filmlarda suratga tushib, jangari kartinalardan tortib komediyalar, tarixiy dramalar va ijtimoiy mavzudagi filmlargacha turli obrazlarni yaratdi.
Ammo uning hayot yo‘li har doim ham qizil gilamlar va millionlab muxlislar bilan bog‘liq bo‘lmagan. Akshay Kumar kino olamiga kirib kelishidan oldin oddiy hayot kechirgan, Tailandda ofitsiant bo‘lib ishlagan va jang san’atlarini o‘rgangan. Aynan shu tajribalar keyinchalik uning aktyorlik faoliyatida muhim ahamiyat kasb etdi.
Akshay Kumarning asl ismi Rajiv Hari Om Bhatia. U 1967-yil 9-sentyabrda Amritsarda tug‘ilgan. O‘sha paytda uning oilasi oddiy hayot kechirardi. Otasi Hari Om Bhatia harbiy xizmatchi bo‘lgan, onasi Aruna Bhatia esa uy bekasi edi. Akshayning Alka ismli singlisi bor.
Akshay Amritsarda tug‘ilgan bo‘lsa-da, Dehlining Chandni Chauk hududida katta bo‘lgan. 2023-yilda ANIga bergan intervyusida u bolaligi haqida so‘zlab, amakilari bilan yashaganini aytgan. Akshayning so‘zlariga ko‘ra, 24 kishi bir xonada uxlagan, ertalab tashqariga chiqish uchun bir-birining ustidan oshib o‘tishga to‘g‘ri kelgan.
Akshay bolaligidan sportga qiziqqan, biroq o‘qishda yaxshi baholar olmagan. Karate bilan shug‘ullanuvchi qo‘shni boladan ilhomlangan Akshay ham bu sport turini puxta o‘rganishga qaror qiladi. 10-sinf imtihonlaridan so‘ng u Tailandga boradi va u yerda turli jang san’atlarini o‘zlashtiradi. Shuningdek, taekvondo bo‘yicha qora belbog‘ ham oladi.
Uyga qaytgach, u turli shaharlarda qo‘lidan kelgan ishlarni qilib ko‘rgan. Masalan, Kalkuttadagi sayyohlik agentligida ishlagan, zargarlik buyumlarini sotgan va Mumbaydagi bolalarga karatedan dars bergan. Armiya ofitserining o‘g‘li sifatida u hatto Hindiston qurolli kuchlariga qo‘shilish haqida ham o‘ylab ko‘rgan.
Biroq taqdir uning uchun boshqa rejalar tayyorlagan edi. Shogirdlaridan birining otasi Akshayga modellikni sinab ko‘rishni taklif qiladi. Yaxshi qaddi-qomatga ega kelishgan yigit unga ideal modeldek tuyuladi. U Akshayni mebel reklamasi uchun yollaydi va ikki soatlik suratga olishdan keyin Kumar murabbiy sifatida to‘liq ishlaganidan ikki baravar ko‘p gonorar oladi.
Ko‘p o‘tmay Akshayning qiziqishi modellik sohasiga ko‘chadi. Brendlar uchun suratga tushishdan tashqari, u fotograf Jayesh Seth bilan ikki yil bepul ishlaydi va buning evaziga hamma joyda o‘zi bilan olib yuradigan professional portfolioga ega bo‘ladi. Seth kino yulduzlarini suratga oladi, Akshay esa unga yordamchi sifatida ko‘maklashadi.
Akshay Kumar kino faoliyatini 1991-yilda “Tengsiz nikoh” filmi bilan boshlagan. Biroq uning ilk filmlari katta shov-shuv keltirmagan.
1987-yilda u Mahesh Bhattning Kumar Gaurav bosh rolni ijro etgan “Bugun” nomli filmida jang san’ati bo‘yicha murabbiy rolini o‘ynaydi. Uning roli juda kichik bo‘lgan, rejissyorlar hatto Akshayning yuzini ham ko‘rsatmagan. Kumar Gaurav qahramonining ismi esa Akshay edi va bu ism yosh Rajivning shu qadar ko‘ngliga yoqadiki, u keyinchalik sudga borib, ismini Akshay Kumarga o‘zgartiradi. Uning aytishicha, ismini o‘zgartirgach, ko‘p o‘tmay, tasodifmi yoki taqdir taqozosimi, unga ikkita film taklifi kelgan.
Filmlari kassada muvaffaqiyatsizlikka uchragach, prodyuser va rejissyorlar ham uni jiddiy aktyor sifatida qabul qilishmagan.
Ammo 1992-yilda chiqqan “O‘yinchi” filmi vaziyatni butunlay o‘zgartirdi. Jinoyat, romantika va triller unsurlarini birlashtirgan bu kartina Akshayni bir kechada mashhur aktyorga aylantirdi. Aynan shu filmdan keyin unga “Khiladi”, ya’ni “o‘yinchi” laqabi berildi.
Akshay jangovar sahnalardagi mahorati va jismoniy tayyorgarligi tufayli 1990-yillarda Bollivudning asosiy yulduzlaridan biriga aylandi.
Aktyor faqat jangari filmlar bilan cheklanib qolmadi. 2000-yillarga kelib u komedik qirralarini ham namoyish eta boshladi.
“Taqdir kulib qoqqanda”, “Menga turmushga chiqasanmi?”, “Garam Masala”, “Qochgan qochaloq”, “Labirint” va “Singh” kabi filmlar uning komediya janridagi iste’dodini ko‘rsatdi.
Shu tariqa Akshay bir vaqtning o‘zida jangari filmlarning qahramoni, romantik komediyalarning bosh aktyori va jiddiy dramalarning ijrochisi bo‘la olishini isbotladi.
Keyingi yillarda u “Qutqaruv parvozi”, “Bolakay”, “Rustom”, “Ochilmagan haqiqat”, “Ped Men”, “Bir muhabbat qissasi” kabi filmlarda ham jiddiy va ijtimoiy mavzudagi rollarni ijro etdi.
2016-yilgi “Rustom” filmi unga Hindistonning eng nufuzli kino mukofotlaridan biri — Milliy kino mukofotida “Eng yaxshi aktyor” sovrinini olib keldi.
Aktyor, shuningdek, Hindiston hukumatining Padma Shri mukofoti bilan taqdirlangan.
Akshay Kumarning shaxsiy hayotidagi eng muhim voqealardan biri aktrisa, yozuvchi va kolumnist Tvinkl Hanna bilan turmush qurishi bo‘lgan.
Tvinkl — Bollivudning afsonaviy aktyorlari Rajesh Hanna va Dimpl Kapadiyaning qizi. Akshay va Tvinkl 2001-yil 7-yanvarda yaqinlari davrasida turmush qurishgan. Ularning ikki farzandi bor — o‘g‘li Aarav va qizi Nitara.
Qiziq tomoni shundaki, Tvinkl ham, Akshay ham kino sohasida bo‘lsa-da, oiladagi qarashlari ko‘p masalalarda bir-biridan farq qiladi. Aktyorning o‘zi er-xotin bir-birining hayotiga ortiqcha aralashmasligi va o‘zaro shaxsiy hududni hurmat qilishi haqida gapirgan. Tvinkl esa ularning munosabatini tennisdagi juftlikka qiyoslagan — ya’ni ikkalasi bir jamoa bo‘lsa-da, maydonda o‘z vazifasini alohida bajaradi.
Akshay Kumar intervyularida oilasi haqida ko‘p gapirmaydi, biroq farzandlari tug‘ilgach, hayotga munosabati o‘zgarganini yashirmaydi.
Uning aytishicha, ilgari suratga olish ishlari tugagach uyga qaytishga unchalik shoshilmagan. Farzandlari tug‘ilgach esa ishni imkon qadar tezroq tugatib, uyga qaytishni istaydigan bo‘lgan.
O‘g‘li Aarav esa otasidan farqli ravishda ommaviy hayotdan uzoqroq yurishni ma’qul ko‘radi. Akshay uning o‘z familiyasi va mashhur otasining soyasida qolishini emas, mustaqil hayot yo‘lini tanlashini istashini aytgan.
Akshayning aktyor bo‘lishida otasining o‘rni katta. Hari Om Bhatia 2000-yilda vafot etgan. Aktyor yaqinda otasi uning faoliyatini naqadar katta ishtiyoq bilan kuzatganini yana bir bor esladi.
Akshayning aytishicha, otasi uning filmlarini bir necha bor tomosha qilgan, hatto tanishlarini ham kinoteatrga olib borib, o‘g‘lining filmlarini ko‘rsatgan. Aktyor otasi har bir filmini 18–20 martagacha ko‘rgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.
Bugunga kelib Akshay Kumar Bollivudning eng sermahsul aktyorlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Uning faoliyati uch o‘n yildan oshgan bo‘lsa-da, aktyor yangi loyihalarda suratga tushishda davom etmoqda.
Uning faoliyatiga nazar tashlansa, Akshay Kumar uchun muvaffaqiyat faqat bitta janr yoki bitta obraz bilan cheklanmaganini ko‘rish mumkin. U jangari qahramon bo‘ldi, kuldirdi, jiddiy dramalarda o‘ynadi, tarixiy shaxslarni gavdalantirdi va ijtimoiy muammolar haqida filmlarda suratga tushdi.
Balki aynan shuning uchun ham u Bollivudda o‘ziga xos nom qoldira oldi. Oddiy oilada ulg‘aygan, Tailandda ofitsiant bo‘lib ishlagan va jang san’atlarini o‘rgangan Rajiv Bhatia bugun millionlab tomoshabinlar taniydigan Akshay Kumarga aylandi.

