Akbar Joʻrayev rekordlarni yangilab, Osiyo oʻyinlari chempioni boʻldi
U dast koʻtarishda oʻziga tegishli boʻlib turgan rekordni yangiladi, shuningdek, siltab koʻtarishda va umumiy natijasi bilan Osiyo oʻyinlari rekordlarini oʻrnatdi.

Akbar Joʻrayev rekordlarni yangilab, Osiyo oʻyinlari chempioniga aylandi
Ogʻir atletika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi vakili Akbar Joʻrayev (-110 kg) kutilganidek Osiyo oʻyinlari gʻolibiga aylandi.
Dast koʻtarishda u 197 kg natija bilan jahon rekordini yangiladi. Bu yoʻnalishdagi rekord avval uning oʻziga tegishli edi: u 2025-yil oktabrida Norvegiyada oʻtgan jahon chempionatida dast koʻtarishda 196 kg, umumiy hisobda esa 428 kg bilan ikkita rekord oʻrnatgan edi.
Keyin siltab koʻtarishda u ilk urinishdayoq 226 kg ni qayd etdi (Osiyo oʻyinlari rekordi) va qolgan urinishlarga ehtiyoj qolmadi. Uning raqiblari esa uchta urinish davomida ham 222 kg dan oshira olishmadi.
Natijada Joʻrayev ikki kurashda 423 kg bilan yakunladi va bu ham Osiyo oʻyinlari rekordi boʻldi.
Maʼlumot uchun, Akbar Joʻrayev Olimpiada chempioni, ikki karra Osiyo chempioni va uch karra jahon chempioni hisoblanadi. Shu bilan birga, bu uning ilk Osiyo oʻyinlari oltini bo‘ldi — 2022-yilda Hangchjouda oʻtgan musobaqada u kumush medal bilan kifoyalangan edi.
Uning oltin medali Oʻzbekiston delegatsiyasi uchun 13-oltin bo‘ldi. Hozirda Oʻzbekiston 13 ta oltin, 17 ta kumush va 13 ta bronza, jami 43 ta medal bilan umumiy reytingda toʻrtinchi oʻrinda bormoqda.

