Dunyo

“Afg‘oniston qo‘shni davlatlar uchun tahdid solmaydi” — Zabihulloh Mujohid

“Afg‘oniston qo‘shni mamlakatlar uchun xavf tug‘dirmaydi”, — deya bayonot berdi Zabihulloh Mujohid.

Pajhwok nashrining xabar berishicha, Afg‘oniston muvaqqat hukumati vakili Zabihulloh Mujohid Afg‘oniston qo‘shni davlatlar uchun hech qanday tahdid solmasligini va mintaqadagi xavotirlarning aksariyati asossiz ekanligini ma’lum qildi.

Mujohid Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) bosh kotibi Taalatbek Masadikovning Tojikiston–Afg‘oniston chegarasini mustahkamlash maqsadida qurol-yarog‘ va texnika yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishilgani haqidagi bayonotiga javoban shunday dedi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari mamlakat chegaralarini to‘liq nazorat qilmoqda va butun mamlakat bo‘ylab yuqori darajadagi xavfsizlikni ta’minlamoqda.

“Biz doim eshitib kelayotgan bu xavotirlar, bizningcha, ko‘p jihatdan asossiz. Ehtimol, Afg‘onistonga dushmanona munosabatda bo‘lgan ayrim davlatlarning razvedka tuzilmalari Afg‘oniston va uning qo‘shnilari o‘rtasida keskinlik yuzaga keltirish maqsadida tashkilotga yolg‘on va ishonchsiz ma’lumotlar yetkazayotgandir”, dedi Mujohid.

Kobul vakili manfaatdor davlatlar va tashkilotlar o‘z xavotirlarini Afg‘oniston hukumatiga bevosita yetkazishi mumkinligini ta’kidladi. Uning aytishicha, agar haqiqiy tahdid yuzaga keladigan bo‘lsa, Afg‘oniston hukumati bunga jiddiy munosabatda bo‘ladi.

Avvalroq, KXShT bosh kotibi Taalatbek Masadikov “TASS” agentligiga bergan intervyusida Tojikiston chegarasini mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan qurol-yarog‘ va texnika ro‘yxati kelishib olinganini va dastlabki yetkazib berishlar shu yilning kuzida boshlanishi kutilayotganini aytgan edi.

“Davlatlar Tojikistonga yetkazib beriladigan o‘limga olib keluvchi va noletal vositalar ro‘yxatini kelishib oldi. O‘ylaymanki, shu yil kuzida dastlabki yetkazib berishlar boshlanadi”, degan Masadikov.

U Tojikiston–Afg‘oniston chegarasi xavfsizligini ta’minlashni nafaqat Tojikiston, balki KXShTning barcha a’zolari uchun o‘ta muhim masala deb atagan.

Tojikiston Narkotik moddalarni nazorat qilish agentligi direktori Zafar Samad 2025-yilning birinchi yarmida Tojikiston–Afg‘oniston chegarasida Tojikiston xavfsizlik kuchlari va afg‘on narkodilerlari o‘rtasida 10 ta qurolli to‘qnashuv qayd etilganini ta’kidlagan edi. Bu voqealar asosan Afg‘onistonning Badaxshon viloyati bilan chegara hududlarida sodir bo‘lgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.