Abdumajidov yanvardan Fransiyaning “Brest” klubi futbolchisi bo‘ladi
“Paxtakor” himoyachisi Muhammadrasul Abdumajidov 1 yanvardan Fransiyaning “Brest” klubi safida faoliyatini davom ettiradi.

Abdumajidov yanvardan Fransiyaning “Brest” klubi futbolchisiga aylanadi
Toshkentning “Paxtakor” klubi himoyachisi Muhammadrasul Abdumajidov faoliyatini Fransiyaning “Brest” klubida davom ettiradi. Futbolchi 1 yanvardan boshlab klubga qo‘shiladi. Bu haqda “Paxtakor” bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyev maʼlum qildi.
Murabbiyning aytishicha, tomonlar futbolchi bilan shartnoma imzolab bo‘lgan. Shu bilan birga, Abdumajidov jamoaga yordam berish maqsadida joriy mavsum yakuniga qadar “Paxtakor”da qolishga qaror qilgan.
«Muhammadrasulning o‘zi jamoada qolib, yordam berishni xohladi», — dedi Tojiyev.
Avvalroq Fransiya klubi “Paxtakor”ning 22 yoshli himoyachisiga qiziqish bildirgan edi. Avgust oyi oxirida “Brest” futbolchini bir mavsumga ijaraga olish va keyinchalik uni sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lishni istagani haqida xabar berilgan. Biroq Toshkent klubi futbolchining o‘tishiga rozi bo‘lmagan.
Tojiyev taklif ertaroq kelganida vaziyat boshqacha bo‘lishi mumkinligini ham taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar tegishli xat oldinroq kelganida, klub futbolchini Fransiyaga qo‘yib yuborishga rozi bo‘lishi mumkin edi.
“Paxtakor” bosh murabbiyi bunga misol sifatida o‘tgan yili Toshkent klubidan Belgiya jamoasiga o‘tgan Muhammadali O‘rinboyevni keltirdi.

