9/11: 11 sentyabr hujumlarida nima sodir boʻldi va qancha odam halok boʻldi?
2001 yilgi hujumlar minglab amerikaliklarning hayotiga zomin boʻldi va butun dunyo boʻylab chuqur oqibatlarga olib keldi.

11 sentyabr: 11 sentyabr hujumlarida nima sodir boʻldi va qancha odam halok boʻldi?
Juma kuni Amerika Qoʻshma Shtatlarida 11 sentyabr hujumlarining 25 yilligi munosabati bilan bir qator xotira tadbirlari oʻtkaziladi.
2001 yil 11 sentyabr, seshanba kuni terrorchilar AQSh yoʻlovchi samolyotlarini nazorat ostiga olib, ularni Nyu-Yorkdagi ikkita osmonoʻpar binoga urishdi va oqibatda minglab odamlar halok boʻldi.
Ushbu hujumlar butun dunyo boʻylab uzoq muddatli oqibatlarga olib keldi.
AQSh sharqida toʻrtta samolyot bir vaqtning oʻzida kichik terrorchilar guruhlari tomonidan egallab olindi.
Shundan soʻng ular ulkan boshqariladigan raketalarga aylantirilib, Nyu-York va Vashingtondagi ramziy binolarga yoʻnaltirildi.
Ikkita samolyot Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazining Egizak minoralariga borib urildi, ikkinchi zarba birinchisidan 17 daqiqa oʻtib sodir boʻldi.
Minoralar yonib ketdi, odamlar yuqori qavatlarda qolib ketdi va shaharni tutun qopladi. Ikki soatdan kamroq vaqt ichida 110 qavatli har ikkala minora ulkan chang bulutlari ichida qulab tushdi.
Uchinchi samolyot Vashington yaqinidagi AQSh harbiylarining ulkan qarorgohi — Pentagonning gʻarbiy qismiga borib urildi.
Toʻrtinchi samolyot yoʻlovchilarning qarshilik koʻrsatishidan keyin Pensilvaniyadagi dalaga quladi. Terrorchilar Vashingtondagi Kapitoliy binosini nishonga olmoqchi boʻlgan deb ishoniladi.
Jami 2 977 kishi halok boʻldi (19 nafar terrorchi bundan mustasno), ularning aksariyati Nyu-Yorkda:
Toʻrtta samolyotdagi barcha 246 yoʻlovchi va ekipaj aʼzolari halok boʻldi
Egizak minoralarda 2 606 kishi halok boʻldi — voqea joyida yoki keyinroq hujumda olingan jarohatlardan
Pentagonda 125 kishi halok boʻldi
Eng yosh qurbon ikki yoshli Kristin Li Xenson, eng keksasi esa 82 yoshli Robert Norton boʻlib, ularning ikkalasi ham samolyot yoʻlovchilari edi.
Birinchi samolyot urilgan paytda ikki minora ichida taxminan 17 400 kishi boʻlgan. Shimoliy minorada zarba berilgan hududdan yuqorida boʻlganlardan hech kim omon qolmadi, ammo Janubiy minorada zarba hududidan yuqori qavatlarda boʻlgan 18 kishi qochib qutulishga muvaffaq boʻldi.
Qurbonlar 77 xil davlatdan edi. Nyu-York shahri 441 nafar birinchi qutqaruv xizmati xodimini yoʻqotdi.
Ming lab odamlar jarohat oldi yoki keyinchalik hujumlar bilan bogʻliq kasalliklarga chalindi, jumladan, zaharli vayronalar orasida ishlagan oʻt oʻchiruvchilar ham.
Minoralar qulashidan hosil boʻlgan chang va tutun bilan bogʻliq sogʻliq muammolari shundan beri hujumlarning oʻzida halok boʻlganlardan koʻra uch baravar koʻproq odamning hayotiga zomin boʻldi.
«Al-Qoida» deb nomlanuvchi islomiy ekstremistik tarmoq hujumlarni Afgʻonistondan turib rejalashtirgan.
Usama bin Lodin boshchiligidagi «Al-Qoida» AQSh va uning ittifoqchilarini musulmon dunyosidagi mojarolarda ayblagan.
Guruh aʼzosi Xolid Shayx Muhammad fitnani oʻylab topgan va uchuvchilarni yollashga yordam bergan, ularning baʼzilari AQShda tahsil olgan.
Samolyotlarni olib qochishni 19 kishi amalga oshirgan, ular besh kishilik uchta guruhga va Pensilvaniyada qulagan samolyotdagi toʻrt kishilik bitta guruhga boʻlingan.
Terrorchilarning 15 nafari Bin Lodin kabi Saudiya Arabistoni fuqarolari edi. Ikki nafari Birlashgan Arab Amirliklaridan, bir nafari Misrdan va bir nafari Livandan edi.
Hujumlardan bir oy oʻtmay, AQShning oʻsha paytdagi Prezidenti Jorj Bush «Al-Qoida»ni yoʻq qilish va Bin Lodinni topish uchun xalqaro koalitsiya tomonidan qoʻllab-quvvatlangan Afgʻonistonga bostirib kirishga boshchilik qildi.
Ammo faqat 2011 yilga kelibgina AQSh qoʻshinlari Bin Lodinni qoʻshni Pokistonda topib, yoʻq qilishdi.
Xolid Shayx Muhammad sakkiz yil oldin, 2003 yilda Pokistonda hibsga olingan edi.
«Al-Qoida» hali ham mavjud. U Sahroi Kabirdan janubiy Afrikada eng kuchli, ammo hozir ham Afgʻoniston ichida oʻz aʼzolariga ega.
AQSh qoʻshinlari deyarli 20 yildan keyin, 2022 yilda Afgʻonistondan olib chiqildi, bu esa koʻpchilikda islomiy tarmoqning qaytib kelishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni uygʻotdi.
Quvaytda tugʻilgan Xolid Shayx Muhammad 1980-yillarda Afgʻonistonda jang qilishdan oldin AQShda muhandislik boʻyicha tahsil olgan.
U 11 sentyabrgacha boʻlgan davrda boshqa portlashlar va barbod etilgan hujumlardagi roli tufayli FQB (FBR) tomonidan qidiruvga berilgan edi.
AQSh Senatining Razvedka qoʻmitasi xulosalariga koʻra, 2003 yilda hibsga olinganidan soʻng, Muhammad Markaziy razvedka boshqarmasining (TSRU) maxfiy qamoqxonalarida uch yil oʻtirgan va u yerda «shafqatsiz» soʻroq usullariga duchor boʻlgan.
Oxir-oqibat u Kubadagi Guantanamo koʻrfazidagi AQSh harbiy-dengiz bazasiga oʻtkazildi va u yerda qolmoqda.
Bazadagi harbiy sud uning 11 sentyabr voqealaridagi roli uchun qanday va qachon sudlanishi mumkinligini oʻn yildan koʻproq vaqt davomida koʻrib chiqdi, chunki uning AQSh hibsxonasida boʻlgan paytdagi muomalasi unga qarshi dalillarni zaiflashtirishi mumkinligi haqida xavotirlar bor edi.
2025 yil yanvarida u va yana ikki ayblanuvchi — Valid Muhammad Salih Muborak Bin Attash va Mustafo Ahmad Odam al-Havsaviy hujumlardagi ishtiroki uchun ayblariga iqror boʻlishlari kutilayotgan edi.
Buning evaziga ular oʻlim jazosidan qutulib, shartli ravishda ozod qilinish huquqisiz umrbod qamoq jazosini oʻtashar edi.
Ammo AQSh hukumati eʼtiroz bildirganidan keyin 2025 yil iyul oyida kelishuv bekor qilindi.
Muhammad va yana uch nafar ayblanuvchi ustidan sud jarayoni 2028 yil iyun oyiga belgilangan.
11 sentyabr hujumlaridan keyingi yillarda butun dunyo boʻylab parvozlar xavfsizligi kuchaytirildi.
AQShda keyingi terrorchilik hujumlarining oldini olish uchun Ichki xavfsizlik vazirligi tashkil etildi, dedi Bush. Shuningdek, aeroportlar va samolyotlarda xavfsizlikni kuchaytirish uchun Transport xavfsizligi boshqarmasi tashkil etildi.
Qulagan Egizak minoralar oʻrni — «Graund Ziro»ni tozalash uchun sakkiz oydan koʻproq vaqt ketdi.
Hozirda ushbu joyda yodgorlik va muzey qad rostlagan, u yerda boshqacha loyihadagi yangi binolar barpo etilgan.
Balandligi 1 776 fut (541 m) boʻlgan qurib bitkazilgan markaziy bino — Jahon savdo markazi 1 yoki «Ozodlik minorasi» u almashtirgan asl Shimoliy minoradan (1 368 fut yoki 417 m) ham balandroqdir.
Pentagonni qayta tiklash bir yildan kamroq vaqt oldi va xodimlar 2002 yil avgust oyiga kelib oʻz idoralariga qaytishdi.

