9 yoshli bloger otasidan yashirincha 118 ming dollarni reklama uchun sarflab yubordi

9 yoshli bloger otasidan yashirincha reklama uchun 118 ming dollar sarfladi
AQSHda 9 yoshli bola o‘zining YouTube kanalidagi Minecraft va Roblox haqidagi videolarini reklama qilish uchun 118 ming dollar sarflagani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda uning otasi yangi videosida aytib berdi.
Mayk ismli maktab o‘quvchisi kompyuter o‘yinlarini o‘ynayotgani aks etgan videolarni suratga oladi. Uning Mighty Mike Plays kanalida 35 mingdan ortiq obunachi bor.
15-sentabr kuni kanalda navbatdagi video e’lon qilindi. Unda ham o‘yin jarayoni ko‘rsatildi, biroq bu safar Maykning o‘rniga uning otasi Deyv ovoz berdi. U o‘g‘li o‘zidan yashirincha qimmat reklama kampaniyalarini olib borganini aytdi. Izohlarda ko‘pchilik bolaga ota-onasi bundan xabar topishini va bunday ishni to‘xtatishi kerakligini yozgan.
“U 9 yoshda. Texnikani ancha yaxshi tushunadi. Shuning uchun biz shunchaki videoo‘yin o‘ynab, ularni YouTube’ga joylashtirib, ko‘ngilxushlik qilyapti, deb o‘ylardik”, dedi Deyv.
Yashirin moliyaviy operatsiyalar esa kutilmaganda fosh bo‘lgan. Deyvni ishxonada korporativ menejer va moliya bo‘limi xodimlari suhbatga chaqirgan. O‘sha yerda u kompaniya tomonidan berilgan kartasidan 100 ming dollardan ortiq mablag‘ sarflanganini bilgan. Tranzaksiyalarni ko‘rgach, Deyv pullar qayerga ketganini tushungan.
Otaning aytishicha, o‘g‘lining blogerlik faoliyati endigina boshlangan, videolari atigi besh marta ko‘rilgan paytda uni qo‘llab-quvvatlashga qaror qilgan. Deyv o‘shanda 20 dollarlik kichik reklama kampaniyasini tashkil qilib bergan. Mayk reklama qanday ishlashini o‘rganib olgach, keyinchalik bu vositalardan mustaqil foydalana boshlagan. U pullarni Google akkauntiga ulangan otasining korporativ kartasidan ishlatgan.
Deyv o‘g‘li moliyaviy imkoniyatlarga cheklovsiz kirish huquqini bergani uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishini aytdi.
Hozir oila saqlangan to‘lov ma’lumotlarini o‘chirib tashlash, xarajatlarga limit o‘rnatish va ota-ona nazoratini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Oiladagi masalalar hal qilinmaguncha, YouTube kanalidagi faoliyat ham vaqtincha to‘xtatiladi.

