75 yoshli milliarder Ilya Traber «Lefortovo»dan ozod etildi
Rossiyada OAV tomonidan «Putinning doʻsti» deb ataladigan 75 yoshli milliarder Ilya Traber Moskvadagi «Lefortovo» tergov hibsxonasidan ozod qilindi. Qotillikka buyurtma berishda ayblanayotgan tadbirkorni hibsdan chiqarish qarori uning sogʻligʻi keskin yomonlashgani bilan izohlangan. Shu bilan birga, unga qoʻyilgan ayblovlar bekor qilinmagan.

75 yoshli milliarder Ilya Traber «Lefortovo» qamoqxonasidan ozod etildi.
Traber 27-avgust kuni kechqurun «Lefortovo»dan chiqib, hibsga olinishidan oldin yashagan Sankt-Peterburgga yoʻl oldi. Bu haqda Peterburgning «Fontanka» nashri xabar berdi, TASS agentligi ham oʻz manbasiga tayanib bu maʼlumotni tasdiqladi.
«Fontanka»ning xabar berishicha, Traberga nisbatan jinoyat ishini olib borayotgan tergovchi uning sogʻligʻi keskin yomonlashgani sababli uni hibsdan ozod qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan.
Nashrning maʼlum qilishicha, Traber taxminan soat 19:00 da «Lefortovo»ni tark etgan. Jurnalistlar uning ozod qilinishi jinoyat ishi tugatilganini anglatmasligini taʼkidlaganlar.
**Traber 17-iyundan beri hibsda edi**
Moskva Basman sudi 17-iyun kuni Ilya Traberni ikki oyga hibsga olgan, 13-avgustda esa uning hibs muddati yana ikki oyga uzaytirilgan edi.
Tadbirkorga Rossiya Jinoyat kodeksining uyushgan guruh tomonidan gʻarazli maqsadlarda qotillik sodir etish hamda uyushgan guruh tarkibida qurol-yarogʻning noqonuniy muomalasiga oid moddalari boʻyicha ayblov qoʻyilgan.
Jinoyat ishi 2020-yil kuzida Leningrad viloyati Viborg rayonidagi munitsipal tuzilma deputati Aleksandr Petrovning oʻldirilishi bilan bogʻliq.
Tergov maʼlumotlariga koʻra, Petrov Viborg yaqinidagi kotteji hududida boʻlgan vaqtda daryoning qarama-qarshi qirgʻogʻidan oʻq uzilib, oʻldirilgan. Ushbu ish doirasida jami toʻrt nafar shaxs qoʻlga olingan.
**OAV Traberni jinoiy doiralar bilan bogʻlaydi**
Ilya Traberning biznes manfaatlari Sankt-Peterburgdagi portlar bilan bogʻliq. U 1990-yillarda shahardagi yirik antikvariat savdogarlaridan biri boʻlgan, shuningdek, «Peterburg neft terminali» kompaniyasini nazorat qilgan.
Oʻsha yillarda Traber Sankt-Peterburg meriyasida ishlagan Vladimir Putin bilan tanish boʻlgani ham qayd etiladi. Shu munosabat bilan ayrim OAV uni «Putinning doʻsti» deb ataydi.
Rossiya va xorijiy OAV Traberni jinoiy doiralar bilan ham bogʻlab keladi. 2016-yilda Ispaniya uni «rus mafiyasi»ga oid ish doirasida qidiruvga bergan.
2018-yilda esa Traber uni «Tambov jinoiy guruhi» aʼzosi deb atagani uchun «Dojd» telekanali ustidan sudga murojaat qilgan. Telekanal syujeti Traberning Rossiya shimoli-gʻarbidagi portlardagi biznesi va uning tadbirkor Nikolay Shamalov bilan hamkorligi haqida edi.

