Dunyo

Isroil 5 yoshli Hind Rajabni o‘z harbiylari o‘ldirganini tan oldi. Jinoiy tergov boshlandi

Isroil 5 yoshli falastinlik qizaloq Hind Rajab va uning oila a’zolari ketayotgan avtomobilga o‘z harbiylari o‘q uzganini tan oldi. Shuningdek, harbiy politsiya 14 nafar falastinlik shifokor va qutqaruvchilar otib tashlanishi bilan bog‘liq ishni ham o‘rganmoqda. Ammo, huquq himoyachilari bunday tekshiruvlar kamdan-kam hollarda ayblov hukmi bilan yakunlanishini aytmoqda.

Isroil 5 yoshli Hind Rajabning o‘limida o‘z harbiylarining ishtirokini tan oldi va jinoiy tergov boshladi.

19-avgust kuni Isroil harbiylari G‘azo urushida falastinliklarning o‘ldirilishi bilan bog‘liq ikkita muhim ish, jumladan, 5 yoshli Hind Rajab va o‘ndan ortiq tibbiyot xodimlarining o‘limi bo‘yicha jinoiy tergov boshlashini e’lon qildi. New York Times xabariga ko‘ra, bu qaror harbiy faktlarni o‘rganish missiyasi tomonidan uzoq muddatli ko‘rib chiqishdan so‘ng qabul qilingan.

Jinoiy tergovga tortilgan ishlardan biri 2024-yil yanvar oyida G‘azo shahrida avtomobil ichida o‘ldirilgan Hind Rajab va uning olti nafar oila a’zosining o‘limiga taalluqli. Ikkinchi ish esa 2025-yil mart oyida G‘azo janubida 14 nafar falastinlik shifokor va qutqaruvchilarning otib tashlanishi bilan bog‘liq. Isroil harbiylari ularni o‘ldirganidan so‘ng, u yerdan mashinada o‘tib ketayotgan BMT xodimining o‘limiga olib kelgan otishma uyushtirgandi.

"World Central Kitchen" harbiylarning hisobotini va ishni yopish haqidagi qarorini rad etdi. Guruhning ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotida shunday deyiladi: "Hujumlar uchun hech qachon hech qanday bahona yoki oqlash bo‘lmagan va ushbu hisobotda ham buni oqlaydigan hech narsa yo‘q. Qaror to‘liq haqiqatga mos kelmaydi va o‘ta haqoratlidir".

Shuningdek, Isroil harbiylari yana 2 holatdagi hujumlar bo‘yicha ish ochishni rad etdi. Nashrning yozishicha, Isroil harbiylarining urush davridagi xatti-harakatlarni o‘rganuvchi faktlarni izlash missiyasi 150 ga yaqin hodisani ko‘rib chiqishni yakunlagan. Tekshiruvchi organ o‘zini harbiylarning doimiy buyruqbozlik zanjiridan tashqarida faoliyat yurituvchi mutaxassislardan iborat ekanini qo‘shimcha qilgan.

**Hind Rajabning o‘ldirilishi**

5 yoshli qizaloq Hind Rajabning o‘ldirilishi Isroilning G‘azodagi urushi davomida minglab bolalar o‘limi bilan bog‘liq eng shov-shuvli voqea bo‘lgandi. Hind 2024-yil 29-yanvar kuni dastlabki otishmadan omon qolgan va halok bo‘lgan qarindoshlari bilan mashina ichida qamalib qolgandi. U falastinlik tibbiyot xodimlaridan mobil telefon orqali yordam yuborishlarini yolvorib so‘ragan. G‘azoda unga tez yordam mashinasi jo‘natilgan.

O‘shanda ular voqea joyiga yetib kelganidan ko‘p o‘tmay, dispetcherlar qiz bilan ham, qutqaruvchilar bilan ham aloqani yo‘qotishdi. O‘n ikki kundan keyin hududdan qizning, uning qarindoshlari va ikki nafar tez yordam xodimining jasadlari topildi. Harbiylar avvalroq qiz o‘ldirilgan joy yaqinida o‘z qo‘shinlari bo‘lganini inkor etgan. Chorshanba kuni Isroil harbiylari bir necha oy davom etgan tekshiruvdan so‘ng, qo‘shinlar avtomobil ularga yaqinlashib kelayotganida unga qarab o‘q uzgani tan oldi.

Harbiy jinoyatda ayblanayotgan isroilliklarga nisbatan huquqiy choralar ko‘rishga intilayotgan, Bryusseldagi "Hind Rajab" fondi Isroil harbiylarining jinoiy tergov ochish haqidagi qaroriga "ishonchi yo‘qligini" aytdi. Fond bayonotida shunday deyiladi: "Ushbu ma’lum qilingan tergovlar, hatto ular ro‘y bersa ham, adolat sari tashlangan chinakam qadam deb adashtirilmasligi kerak". Shuningdek, ular Isroilning o‘z askarlari xatti-harakatlarini tekshirishi "tubdan xato" ekanini ta’kidlagan.

Qizning buvisi G‘azodagi ko‘chirilganlar qarorgohida Reuters'ga bergan intervyusida o‘zi va qizning oilasi "Isroil davlati sud tizimiga ishonmasligini" aytdi. "Adolat butun dunyodan keladi deb umid qilamiz. Biz xalqaro odil sudlov tizimiga to‘laligicha murojaat qilamiz", dedi qizga o‘z ismini bergan buvisi Hind Rajab.

**"Kamdan-kam hollarda ayblov bilan yakunlanadigan tergov"**

NYTning yozishicha, bunday harbiy politsiya tergovlari ko‘pincha sekin kechadi va kamdan-kam hollarda aybdorlarni jazolash bilan yakun topadi. Huquqni himoya qiluvchi guruhlar ilgari harbiylarning urushlardagi o‘z harakatlari yuzasidan o‘tkazgan ichki tergovlarini tanqid qilib, bu jarayonni ayblarni xaspo‘shlash deb baholagan edi.

"Yesh Din" huquq tashkiloti tadqiqotchisi Den Ouenning ta’kidlashicha, so‘nggi o‘n yil ichida tekshiruvlarning juda "kichik" qismigina ayblov xulosalariga olib kelgan. O‘sib borayotgan siyosiy bosim esa "Isroil huquq-tartibot organlarini hatto aniq dalillar mavjud bo‘lgan taqdirda ham, aybdorlarni javobgarlikka tortishdan yanada qaytarmoqda".

Isroil 2023-yil 7-oktyabrda Hamas boshchiligidagi hujumdan so‘ng ushbu urushni boshlagan. Isroil rasmiylarining ma’lum qilishicha, 7-oktyabrdagi hujumda taxminan 1200 kishi halok bo‘lgan, yana 250 ga yaqin kishi garovga olingandi. G‘azoda 2025-yil oktyabr oyida Hamas va Isroil o‘rtasida AQSh vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirgandi. Ammo oradan qariyb bir yil o‘tib ham, Isroil o‘zi "aniq maqsadli qotilliklar" deb ataydigan amaliyotlarini davom ettirmoqda. Xususan, sulhdan keyin Isroil o‘qlaridan G‘azoda mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.