7 yil ish staji — va pensiya: Iqtisodiyot va moliya vazirligi Oʻzbekiston pensiya tizimiga yangicha nazar tashlashni taklif qildi
Bugungi kunda yoshga doir pensiya olish huquqiga ega boʻlish uchun yetti yillik rasmiy ish staji yetarli hisoblanadi. Ammo 7 yil davomida ijtimoiy soliq toʻlagan shaxsning oʻnlab yillar davomida rasmiy ishlaganlarniki bilan taqqoslanadigan pensiya toʻlovi boʻyicha davlat kafolatini olishi qanchalik adolatli? Iqtisodiyot va moliya vazirligi pensiya tizimining mantigʻini qayta koʻrib chiqishni taklif qilmoqda. Oʻzbekistonda yoshga doir pensiya tayinlash uchun […]

7 yillik staj va pensiya: Iqtisodiyot va moliya vazirligi Oʻzbekiston pensiya tizimiga yangicha qarashni taklif qildi
Bugungi kunda yoshga doir pensiya olish uchun yetti yillik rasmiy ish staji kifoya. Ammo ijtimoiy soliqni bor-yoʻgʻi 7 yil toʻlagan odamning oʻnlab yillar davomida rasmiy ravishda mehnat qilganlar bilan deyarli bir xil davlat pensiya kafolatiga ega boʻlishi qanchalik adolatli? Iqtisodiyot va moliya vazirligi pensiya tizimining asl mantigʻini qayta koʻrib chiqishni taklif qilmoqda.
Oʻzbekistonda yoshga doir pensiya tayinlanishi uchun kamida yetti yillik rasmiy ish stajiga ega boʻlish yetarli hisoblanadi. Bunday minimal chegara turli sabablarga koʻra hayotining katta qismida rasmiy ishlamagan shaxslarni bazaviy ijtimoiy himoya bilan taʼminlash imkonini beradi.
Biroq, bu normaning boshqa tomoni ham bor.
Agar erkak kishi 18 yoshidan ishlashni boshlab, 60 yoshigacha davom ettirsa, uning potentsial mehnat yoʻli 42 yilni tashkil etadi. Yetti yillik rasmiy bandlik esa ushbu davrning bor-yoʻgʻi 17 foizi demakdir.
Boshqacha aytganda, bugungi kunda mehnat faoliyatining faqat kichik bir qismida rasmiy ishlab, pensiya olish huquqini qoʻlga kiritish mumkin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bunga yaqqol misol keltiradi.
Fuqaro 1,5 mln soʻm ish haqi oladi va yetti yil davomida rasmiy ishlaydi. Ushbu davrda u uchun pensiya tizimiga 15,1 mln soʻm ijtimoiy soliq oʻtkaziladi.
Agar u keyinchalik 73 yoshigacha pensiya olsa, toʻlovlarning umumiy miqdori 127,9 mln soʻmni tashkil etadi.
Farq — 112,8 mln soʻm.
Misolga koʻra, aynan mana shu summa Pensiya jamgʻarmasi va davlat mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Natijada oʻziga xos moliyaviy nomutanosiblik yuzaga keladi: tizimda qisqa muddat ishtirok etish ancha uzoq vaqt davomida pensiya toʻlovlarini olish huquqini beradi.
Bu oʻrinda gap davlat kam stajga ega boʻlgan odamlarni ijtimoiy himoya qilishdan voz kechishi kerakligi haqida ketayotgani yoʻq. Aksincha, yetti yillik chegara muhim ijtimoiy vazifani bajaradi. Masala boshqa yerda: amaldagi tizim fuqarolarni 20–30 yil davomida rasmiy ishlashga qanchalik ragʻbatlantirmoqda?
Kim 30 yil davomida rasmiy ishlashdan manfaatdor boʻladi?
Ikki nafar xodimni tasavvur qilaylik.
Birinchisi 25–30 yil davomida rasmiy mehnat qilgan, muntazam ravishda ijtimoiy soliq toʻlagan va oʻz pensiya tarixini shakllantirgan.
Ikkinchisi esa minimal 7 yillik stajga ega.
Bu insonlarning pensiya tizimiga qoʻshgan hissasi sezilarli darajada farq qilishi ayon. Binobarin, ularning pensiya taʼminotidagi farq ham yaqqol sezilishi kerak.
Amaldagi qoidalarda bunday tabaqalashtirish koʻzda tutilgan: belgilangan talabdan tashqari har bir toʻliq ish staji yili uchun pensiya oʻrtacha oylik ish haqining 1 foizi miqdorida oshiriladi. Bundan tashqari, ayrim toifadagi fuqarolar uchun qoʻshimcha ustamalar belgilangan.
Biroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi aslida yanada kengroq masalani oʻrtaga tashlamoqda: bu fuqaroning uzoq muddatli rasmiy bandlikdan iqtisodiy manfaatdor boʻlishi uchun yetarlimi?
Past minimal chegaraning yaqqol afzalligi bor — u qisqa rasmiy mehnat tarixiga ega boʻlgan odamlarni pensiya taʼminotisiz qoldirmaydi.
Ammo shu bilan birga, boshqa turdagi xavf ham yuzaga keladi.
Agar fuqaro pensiya olish uchun yetti yillik rasmiy ish staji kifoya ekanligini bilsa, uning rasmiy sektorda oʻnlab yillar davomida faoliyat yuritishga boʻlgan iqtisodiy motivatsiyasi pasayishi mumkin.
Natijada pensiya tizimi bir vaqtning oʻzida doim ham osonlikcha birlashtirib boʻlmaydigan ikkita vazifaga duch keladi: bazaviy ijtimoiy himoyani taʼminlash va ayni paytda fuqarolarni imkon qadar uzoq vaqt rasmiy bandlikda qolishga ragʻbatlantirish.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi xalqaro tajribaga ham eʼtibor qaratmoqda. Rossiya, Moldova, Ukraina, Polsha va Turkiyada minimal talab qilinadigan staj 15 yilni, Belarusda esa 20 yilni tashkil etadi.
Shu bilan birga, Xalqaro mehnat tashkiloti haddan tashqari yuqori chegara belgilamaslikni tavsiya etadi: keltirilgan pozitsiyaga koʻra, yoshga doir pensiya olish uchun minimal stajni 15 yil bilan cheklash maqsadga muvofiqdir.
42 yillik potentsial mehnat faoliyati davri uchun 15 yil — bu taxminan 35 foiz demakdir.
Bunday yondashuv toʻliq boʻlmagan mehnat tarixiga ega boʻlgan odamlar uchun pensiya huquqini saqlab qolish, ammo shu bilan birga uni rasmiy ish davomiyligi va tizimga qoʻshilgan hissa bilan yanada uzviy bogʻlash imkonini beradi.
Mohiyatan, gap pensiya tizimi falsafasini qayta koʻrib chiqish haqida bormoqda.
«Pensiya yoshiga yetdi — pensiya oldi» modeli asta-sekin «rasmiy ishladi, badal toʻladi, staj shakllantirdi — oʻz hissasiga mos pensiya oldi» tamoyiliga oʻrin boʻshatishi kerak.
Bunda, Iqtisodiyot va moliya vazirligining fikricha, agar minimal stajni oshirish masalasi koʻrib chiqiladigan boʻlsa, bu bosqichma-bosqich amalga oshirilishi lozim. Bundan koʻzlangan maqsad fuqarolarni pensiya huquqidan mahrum qilish emas, balki rasmiy bandlik, staj davomiyligi va boʻlajak pensiya miqdori oʻrtasidagi bogʻliqlikni kuchaytirish boʻlishi kerak.
Iqtisodiyot uchun bu printsipial ahamiyatga ega. Pensiya huquqlari rasmiy bandlikka qanchalik kuchli bogʻliq boʻlsa, yashirin iqtisodiyotdan chiqish, rasmiy roʻyxatdan oʻtish va uzoqroq soliq toʻlashga boʻlgan ragʻbat shunchalik yuqori boʻladi.
Pensiya jamgʻarmasi uchun esa bu allaqachon moliyaviy barqarorlik masalasidir.
Yetti yillik staj — bu minimal ijtimoiy chegara. Ammo pensiya tizimi bir vaqtning oʻzida ham barqaror, ham adolatli boʻlishni istasa, vaqt oʻtishi bilan asosiy koʻrsatkich nafaqat fuqaroning yoshi, balki uning necha yil rasmiy ishlagani va tizimga qancha hissa qoʻshishga ulgurgani boʻlishi mumkin.

