“7-oktabr hujumidan oldin Netanyahu ogohlantirilgan boʻlishi mumkin” – siyosatshunos

“7-oktabr hujumidan oldin Netanyahu ogohlantirilgan boʻlishi mumkin” – siyosatshunos
Benyamin Netanyahuning Abu-Dabiga avval oshkor qilinmagan safari ortidan uning asl maqsadi haqida turli xabarlar tarqaldi. Uchrashuvda Eron va husiychilar tahdidi, Isroil va BAA oʻrtasidagi xavfsizlik hamkorligi hamda razvedka maʼlumotlari almashinuvi muhokama qilingani aytilmoqda. Shuningdek, muzokaralarda Saudiya Arabistoni vakili ham qatnashgani haqidagi xabarlar eʼtiborni tortdi. Netanyahuning tashrifi Isroilda yaqinlashayotgan saylovlar fonida ham alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Netanyahuning Abu-Dabiga navbatdagi maxfiy tashrifi ortida qanday masalalar turibdi?
Hozir Isroildagi va xalqaro ommaviy axborot vositalarida shunga o‘xshash voqealar keng yoritilmoqda. Bundan Benyamin Netanyahuga qarshi siyosiy guruhlar ham faol foydalanmoqda. Xususan, ular Netanyahuning 7-oktabr voqealaridan oldindan xabardor bo‘lgan boʻlishi mumkinligi haqidagi maʼlumotlarni keng tarqatmoqda. Netanyahu bu daʼvolarni rad etib, bunday xabarlarni tarqatayotganlarni sudga berishini bildirgan. Biroq masalaning yana bir jihati bor. Birlashgan Arab Amirliklari rahbari ham bu maʼlumotlarni qatʼiyan inkor etmayotgani haqidagi xabarlar vaziyatga qoʻshimcha tus bermoqda.
Tarqatilayotgan maʼlumotlarga koʻra, 2023-yil 7-oktabr kuni Hamasning Isroilga hujumi sodir boʻlishidan kamida oʻn kun oldin BAA prezidenti telefon orqali Netanyahu bilan bogʻlanib, hujum ehtimoli haqida ogohlantirgan. Agar bu maʼlumotlar tasdiqlansa, Abu-Dabidagi uchrashuvning siyosiy ahamiyati va uning atrofidagi savollar yanada kuchayadi. Bu haqda nufuzli nashrlar va boshqa jurnalistlar ham yozmoqda. Ayrim materiallarda bu xabarlarning ishonchliligiga ishora qiluvchi maʼlumotlar keltirilgan. Tashrifning yana bir ehtimoliy sababi — Isroilda yaqinlashayotgan parlament saylovlari. Agar Netanyahu 7-oktabr hujumidan oldindan xabardor boʻlgan degan daʼvolar jamoatchilik orasida kuchaysa, bu uning siyosiy mavqeiga taʼsir qilishi mumkin.
Shu sababli Abu-Dabidagi uchrashuvda mazkur maʼlumotlarning tarqalishini toʻxtatish yoki bu masalani yopish haqida gap boʻlgan boʻlishi mumkinligi haqidagi taxminlar paydo boʻlmoqda. Bunga bilvosita dalil sifatida oʻsha davrda Birlashgan Arab Amirliklariga turli davlatlardan kelgan samolyotlar ham tilga olinmoqda. Ayrim harbiy tadqiqot institutlari maʼlumotlariga koʻra, Saudiya Arabistoni, Qatar, Misr va boshqa davlatlarga tegishli harbiy yoki yuk samolyotlari ham ayni davrda Abu-Dabiga parvoz qilgan. Agar bu maʼlumotlar tasdiqlansa, oʻsha kunlarda Abu-Dabida muayyan siyosiy uchrashuvlar boʻlib oʻtgan boʻlishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, Netanyahuning tashrifini saylovoldi jarayoni va uning siyosiy mavqeini saqlab qolish harakatlari bilan bogʻlayotgan qarashlar mavjud.

