Isroil sobiq mudofaa vaziri Netanyaxuni hokimiyatdan chetlatishga chaqirdi

Isroilning sobiq mudofaa vaziri Moshe Yaalon bosh vazir Binyamin Netanyaxuni lavozimidan chetlatishga chaqirdi. Bu haqda Anadolu agentligi Yaalonning X ijtimoiy tarmog‘idagi postiga tayanib xabar berdi.
Yaalon Isroilning 18-avgust kuni Suriyadagi Abu ad-Duxur aviabazasiga bergan zarbasini qoraladi. Netanyaxuning idorasi bu hujum Turkiya harbiylarining aviabazaga joylashishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida amalga oshirilganini ma’lum qilgan.
Anqara rasman o‘z qo‘shinlarini mazkur aviabazaga yuborishni rejalashtirmaganini ta’kidlagan. Yaalonning fikricha, ushbu hujum Isroilning Turkiya bilan munosabatlarida keskinlikni keltirib chiqargan va Netanyaxuni yangi front ochishga urinishda ayblamoqda.
Sobiq mudofaa vaziri G‘azo masalasiga ham to‘xtalib, AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan asos solingan Tinchlik kengashi va uning 15 banddan iborat hujjati Isroil uchun foydasiz ekanini bildirdi.
Suriyaga qilingan hujumni Isroilning sobiq bosh vaziri Exud Barak ham qoraladi. U Netanyaxuning harakatlarini qimorboznikiga qiyoslab, uning butunlay izdan chiqqanini ta’kidladi.
“Bundan siyosiy maqsad ko‘zlangan: saylovlargacha yetib borish uchun aholi orasida xavotir uyg‘otadigan bir qator xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatlarni yaratish”, dedi Exud Barak.
Isroilda parlament saylovlari 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Hukmron “Likud” partiyasi yetakchisi Netanyaxu yana bosh vazirlik uchun kurashmoqchi.

